Global tadbirkorlik haftaligi boshlandi

Poytaxtimizda Global tadbirkorlik haftaligi boshlandi.
Mazkur haftalik tadbirkorlik, moliyaviy institutlar, biznes uyushmalar, ishbilarmonlar, talabalar, mutaxassislar va boshqa manfaatdor tomonlarni yagona platformada birlashtirishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Global tadbirkorlik haftaligi (GEW) – dunyodagi tadbirkorlar uchun yangi gʻoyalarga turtki beruvchi muhim voqelikdir. Haftalik Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi, Xalqaro biznes va texnologiyalar assotsiatsiyasi, Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etildi.
18 noyabrga qadar davom etuvchi mazkur haftalikda mashgʻulotlar, taqdimotlar, mahorat saboqlari, turli muhokamalar, onlayn muloqotlar, b2b formatdagi uchrashuvlar, tele-muloqotlar boʻlib oʻtadi.
Tadbirda yurtimizning muvaffaqiyatli tadbirkorlari bilan birga xorijiy ishbilarmonlar, biznes va ekotizim sohasidagi mutaxassislar ishtirok etishi kutilmoqda.
Global tadbirkorlik haftaligi startaplar, taʼlim va karyera, moliya, xotin-qizlar tadbirkorligi, biznesda muvaffaqiyat, sayyohlik, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari kabi sohalarni qamrab oladi.
Haftalikning har bir kuni biznes uchrashuvlar, ekotizimni rivojlantirish, tadbirkorlik, investitsiyalar va Toshkentda biznes, innovatsiyalar va startaplar, biznesning ijtimoiy masʼuliyati, madaniyat va Oʻzbekiston hududlari bilan tanishuv kabi mavzularga bagʻishlanadi.
Haftalik davomida “Biznes va davlatning oʻzaro muloqoti“, “Business Womenʼs Gap“, “Tadbirkorlik ekotizimi“, “Ekotizim boʻyicha xorijdagi tajriba“, “Toshkent – kelajak shahri“, “Taʼlim – millatning taraqqiyot mezoni sifatida“, “Blokcheyn“, “Marketing“, “Alternatus“ maydonchasi, “Turizm“, “Startaplar“, “Koʻchat oʻtqaz!“ kabi mavzularda tadbirlar, muloqotlar oʻtkazilishi koʻzda tutilgan. Shuningdek, Buxoro, Samarqand, Qarshi shaharlarida mohir biznesmenlar ishtirokida mahorat darslari tashkil etish rejalashtirilgan.

 

N.Usmonova, OʻzA