Qoʻngʻirotda bojxonachilar uchun xizmat uyi bunyod etilmoqda

Qoʻngʻirot – Qoraqalpogʻistonning eng chekka tumanlaridan biri hisoblanadi. Tumanda “Dovut-ota” chegara bojxona posti hamda “Qoraqalpogʻiston” temir yoʻl chegara bojxona posti mavjud. 
Atrofi yalanglik boʻlgan bu yerda yozning issigʻi, qishning sovugʻiga bardosh berib xizmat qilishning oʻzi boʻlmaydi.
2018 yil 7 noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasining “Dovut-ota” chegara bojxona posti hamda “Qoraqalpogʻiston” temir yoʻl chegara bojxona posti xodimlari uchun ikki qavatli 16 xonadondan iborat ikki xizmat uyi qurish boʻyicha farmoyishi qabul qilingani soha xodimlari uchun xushxabar boʻldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bojxona qoʻmitasidan maʼlum qilishlaricha, ayni paytda qoʻmita tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi bilan hamkorlikda obyekt qurilishi boʻyicha amaliy ishlar boshlangan. Qoʻngʻirot tumani hokimligi uy qurish uchun yer maydoni ajratgan.
Taʼkidlash joizki, “Davlat bojxona xizmati toʻgʻrisida”gi qonunga binoan uy-joy olishga va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj, deb topilgan bojxona organlari xodimlari uy-joy maydoni olish huquqiga ega. Bojxona organlari xizmat uy-joy fondini tashkil etishi mumkin.
Endilikda bojxona organlari xodimlariga turar joyni ijaraga olganlik uchun pullik kompensatsiya toʻlanadi. Shuningdek, bojxona organlari xodimlariga uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlaridan foydalangan holda kvartiralar olish va yakka tartibda uy qurish uchun yer uchastkasi olish huquqi berildi.
Qoʻngʻirot tumanida bunyod etilayotgan yangi xizmat uyi ushbu qonunning hayotdagi amaliy ifodasidir.

 

OʻzA