2017-yil 6-oktabr kuni Rossiya Federatsiyasining Vladimir viloyatida avtobus va yo‘lovchi poyezdi ishtirokida yo‘l-transport hodisasi ro‘y berdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, uning oqibatida 16 kishi hayotdan ko‘z yumgan. 

Halok bo‘lganlarning 15 nafari O‘zbekiston fuqarosi, bir nafari Qozog‘iston fuqarosi bo‘lgan. Yana 5 nafar O‘zbekiston fuqarosi turli darajadagi tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hukumat komissiyasini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi. Uning zimmasiga O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining maxsus samolyotida halok bo‘lganlarning jasadini va jabrlanganlarni O‘zbekiston Respublikasiga olib kelish vazifasi yuklatilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklari tomonidan yo‘l-transport hodisasiga uchragan fuqarolar shaxsini aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Hukumat halok bo‘lganlar va jabr ko‘rganlarning oilalariga barcha zarur yordamni ko‘rsatadi.

 
O‘zbekiston Respublikasi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi
matbuot xizmati