Terma jamoaga nomzod legionerlarimiz oʻz klublarida qanday oʻyin koʻrsatmoqda?

Oʻzbekiston milliy terma jamoasi noyabr oyidagi FIFA kunlarida Avstraliyada navbatdagi yigʻinni oʻtkazadi. Ushbu yigʻinda milliy chempionatimizda ishtirok etayotgan futbolchilar bilan bir qatorda legionerlar ham qatnashishi kutilmoqda. OʻFA ushbu legionerlarimiz oʻz jamoalarida koʻrsatayotgan oʻyinlarini tahlil qildi.
Quyida milliy terma jamoamizga nomzod futbolchilarning dam olish kunlari oʻz klublari tarkibida qanday oʻyin oʻtkazishgani haqida maʼlumot keltirib oʻtilgan.
Milliy terma jamoamiz sardori Odil Ahmedov Xitoyning “Shanxay SIPG“ klubi tarkibida Xitoy Superligasining 28-tur uchrashuvida eng yaqin taʼqibchisi “Guanchjou Evergrand“ klubiga qarshi maydonga tushdi. Oʻyin 5:4 hisobida Odil Ahmedov jamoasining gʻalabasi bilan yakuniga yetdi. Hamyurtimiz uchrashuvda toʻliq harakat qildi va 90+3 daqiqaga kelib sariq kartochka bilan jazolandi. Ushbu gʻalabadan keyin “Shanxay SIPG“ jamoasining ochkolari soni 65taga yetdi. Ayni paytda “Shanxay SIPG“ musobaqa jadvalini boshqarib bormoqda.
BAAning “Sharja“ klubida toʻp surayotgan Otabek Shukurov oʻz klubi tarkibida 9-turda “Al-Ittihod Kalba“ jamoasiga qarshi maydonga tushdi. 2:2 hisobidagi durang bilan tugagan oʻyinda hamyurtimiz toʻliq 90 daqiqa harakat qildi. Ushbu durangdan keyin “Sharja“ klubining toʻplagan ochkolari soni 21taga yetdi. Ayni paytda Otabek Shukurov jamoasi musobaqa jadvalining 1-pogʻonasida bormoqda.
Rossiya chempionatida qatnashayotgan “Rostov“ klubi hujumchisi, hamyurtimiz Eldor Shomurodov uchun 13-tur muvaffaqiyatli keldi. U “Krasnodar“ jamoasiga qarshi kechgan bahsda 7-daqiqada gol kiritib, hisobni ochishga erishdi. Oʻyin 2:2 hisobidagi durang bilan yakuniga yetdi. Shomurodov 77-daqiqada maydondagi oʻrnini islandiyalik futbolchi Vidar Ern Kyartanssonga boʻshatib berdi. Ayni paytda “Rostov“ 22 ochko toʻplagan holda musobaqa jadvalining 4-pogʻonasida bormoqda.
Rossiya chempionatidagi yana bir hamyurtimiz Doston Hamdamov “Anji“ tarkibida Rossiya Kubogi bahsida maydonga tushdi. “Anji“ Moskvaning “Spartak“ jamoasiga qarshi toʻp surdi. Uchrashuvda moskvaliklar 1:0 hisobida gʻalaba qozonishdi. Hamdamov mazkur oʻyinda zaxiradan maydonga tushdi. U 83-daqiqada Danil Glebovni almashtirdi. Bugun “Anji“ jamoasi Rossiya chempionati 13-turida “Yenisey“ga qarshi oʻyin oʻtkazadi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan soat 21:00da boshlanadi. Hozirda “Anji“ jamoasi 12ta oʻyindan keyin 10 ochko jamgʻargan holda musobaqa jadvalining 15-pogʻonasida bormoqda.
Rossiyaning “Krilya Sovetov“ sharafini himoya qilayotgan terma jamoamiz himoyachisi Vitaliy Denisov ham Kubok bahsida maydonga tushdi. “Krilya Sovetov“ Rossiya Kubogi 1/8 finalida “Krasnodar“ jamoasini oʻz maydonida qabul qildi. Uchrashuvning asosiy vaqti 1:1 hisobidagi durang bilan yakuniga yetdi. Ekstra taymlarda “Krasnodar“ yana bitta gol kiritib, gʻalaba qozonishga muvaffaq boʻldi va Kubok musobaqasining chorak finaliga yoʻl oldi. Vitaliy Denisov mazkur oʻyinni asosiy tarkibda boshlab, 104-daqiqada zaxiraga olindi.Bugun “Krilya Sovetov“ safarda “Ufa“ jamoasiga qarshi 13-tur uchrashuvini oʻtkazadi. Oʻyin Toshkent vaqti bilan soat 18:30 da boshlanadi. Vitaliy Denisov jamoasi ayni paytda musobaqa jadvalining 13-pogʻonasida bormoqda.

 

O’zA