Bagʻrikeng Oʻzbekiston

Poytaxtimizdagi Yoshlar ijod saroyida Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan “Bagʻrikeng Oʻzbekiston!” yoshlar festivalining respublika bosqichi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Festival mamlakatimiz yoshlari orasida milliy istiqlol gʻoyasi, xalqimizning boy madaniy merosi va maʼnaviy-axloqiy anʼanalari, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik gʻoyalarini keng targʻib etish maqsadida tashkil etildi. Uning mahalliy bosqichlari joriy yilning may-iyun, hududiy bosqichlari esa iyul-sentyabr oylarida boʻlib oʻtdi. Festivalda ishtirokchilar insholar, sheʼrlar, videoroliklar (ijtimoiy tarmoqlarda), tasviriy surat, fotosuratlar, turli millat vakillarining milliy raqslari tanlovlari boʻyicha oʻz bilim va isteʼdodini namoyish etdi.
Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi raisi oʻrinbosari Dilnoza Kattaxonovaning aytishicha, festivalning joylardagi bosqichlarida turli millat va elatga mansub 29 ming 600 nafardan ortiq, hududiy bosqichlarida esa 2 ming 770 nafardan ziyod yoshlar qatnashdi. Ularning 576 nafari festival finalida qatnashish uchun yoʻllanmani qoʻlga kiritdi.
Tadbir davomida millatlararo totuvlik gʻoyasini aks ettiruvchi suratlar koʻrgazmasi ham tashkil etildi.
Tanlov natijalariga koʻra, insholar tanlovi boʻyicha yosh toifasida Buxoro viloyatidan Marjona Yarasheva, Navoiy viloyatidan Dilobar Rajabova mutlaq gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.
Sheʼrlar tanlovi yoʻnalishi boʻyicha esa Jizzax viloyatidan Umida Mavlonova, samarqandlik Parvina Zokirova, sirdaryolik Avazbek Xoʻjamberdiyev birinchi oʻringa munosib koʻrildi.
Tasviriy suratlar boʻyicha Jizzax viloyatidan Madina Nizomova, Toshkent shahridan Shirin Aʼzamova, Erik Qulmanov muvaffaqiyat qozondi. Fotosuratlar tanlovida Toshkent shahridan Ibraim Serliyev, videoroliklar tanlovida poytaxtlik Farangiz Toshtemirova gʻolib boʻldi.
Raqslar tanlovi yoʻnalishida namanganlik Odina Oybekova, qoraqalpogʻistonlik Nursulton Saparbayev, jamoaviy raqs yoʻnalishida esa ikki toifadagi yoshlar oʻrtasida ham Navoiy viloyati “Farhod” raqs jamoasi birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Festivalning gʻolib va sovrindorlari Oʻzbekiston yoshlar ittifoqining diplom hamda esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

 

N.Usmonova, OʻzA