Ukraina bayonoti ukrain xalqiga foyda keltirishidan koʻra koʻproq zarar keltirishi aniq

Abdurashid ABDUQODIROV,
Oliy Majlis deputati

2018-yilning oʻtgan davri mobaynida oʻzaro tovar aylanmasi jami 335,8 million AQSH dollarni, jumladan, 274,6 million AQSH dollari miqdorida Ukrainadan import qilingan boʻlsa, Oʻzbekistondan eksport qilingan tovarlar hajmi esa 61,2 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Oʻzbekistan keyingi ikki yil davomida xalqaro aloqalarni mustahkamlash, rivojlantirish va kengaytirish boʻyicha iqtisodiy, siyosiy, madaniy va boshqa yoʻnalishlarda oʻta faol harakat qilmoqda. Bunda asosiy tashabbus va harakat davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgani ham sir emas. Mamlakatlararo savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarning mustahkamlanishi, rivojlanishi, koʻrsatkichlarning ijobiy oʻsishi, albatta, oʻsha davlatlarning iqtisodiy rivojlanishiga, aholisining turmush darajasini ortishiga katta taʼsir etadi. Bunday munosabatlarda ikki tomonlama manfaatli boʻlish prinsipiga amal qilinishi muhimdir. Oʻrnatilgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarining qaysi davlat manfaatlariga koʻproq mos kelishini juda koʻp boshqa omillar bilan bir qatorda, ular oʻrtasida amalga oshirilgan eksport-import hajmlarining qay darajada ekanligi ham koʻrsatadi.

Ushbu maqolada ilgari suriladigan fikrlar Oʻzbekiston va Ukraina oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarining oʻtmishi, buguni va kelgusi istiqbollari haqida boʻladi.

Dangalini aytganda, Ukraina “UkrAvto” avtomobil ishlab chiqaruvchilarining arizasi asosida Oʻzbekistondan yengil avtomobillar importi masalasida tergov-surishtiruv ishlari haqida bayonot berganligi, aniqroq aytadigan boʻlsak, oʻzining avtomobilsozlik sanoatining yanada rivojlanishini taʼminlash bahonasi bilan avtomobillarimizning olib kirilishiga cheklov oʻrnatish maqsadida Ukraina tomoni avtomobil sanoatiga davlat tomonidan subsidiya ajratilishi masalalarini oʻrganmoqchi.

Birgina, 2018-yilning oʻtgan davri mobaynida oʻzaro tovar aylanmasi jami 335,8 million AQSH dollarni, jumladan, 274,6 million AQSH dollari miqdorida Ukrainadan import qilingan boʻlsa, Oʻzbekistondan eksport qilingan tovarlar hajmi esa 61,2 million AQSH dollarini tashkil etgan. Oʻzbekistondan eksport qilingan yengil avtomobillar ulushi yuqoridagi oʻzaro tovar aylanmasiga nisbatan atigi 5,5 foizni, yoki Ukrainada ishlab chiqarilayotgan oʻxshash avtomobillarga nisbatan 1 foizga yaqinni tashkil etayotgan hamda 2017 yilda “Ravon” modeli sotuvlar boʻyicha 10-oʻrinni egallaganligiga qaramasdan, Ukraina tomonidan yuqoridagi mazmunda bayonot berilganligi Ukraina xalqiga foyda keltirishidan koʻra koʻproq zarar keltirishi aniq. Birgina Ukraina va Oʻzbekiston ikki karra erkin savdo zonasida boʻlib turganligi sababli Ukrainadan import qilingan tovarlarga nisbatan qoʻllanilgan imtiyozlar 60 million AQSH dollaridan ortganligi ham yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.

Oʻzbekiston har doim oʻz tashqi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarini halqimiz mintalitetiga, bagʻrikengligiga mos ravishda uzoqni koʻzlagan holda, vazmin siyosat asosida amalga oshirib kelmoqda. Biroq Oʻzbekiston bir tomonlama manfaatni koʻzlagan holda qoʻpol taʼsir choralariga nisbatan oʻzining munosib javobini xalqaro munosabatlarda tan olingan prinsiplarga mutlaqo amal qilgan holda javob berishga ham qodir.

Hozirgi vaqtda yuzaga kelgan holatda aynan shunday yoʻl tutilishi zarur. Birinchidan, eng oddiy choralardan biri sifatida Ukrainadan import qilinadigan mahsulotlar hajmini keskin kamaytirish choralarini koʻrish mumkin. Ukrainadan import qilinayotgan asosiy tovarlar boʻlgan shakar mahsuloti, dori vositalari, shokolad va konditer, yogʻ-moy mahsulotlari, metal trubalar, qogʻoz va karton mahsulotlari, yogʻoch va taxta mahsulotlari, neft va neft mahsulotlari, tirik qoramollarini oʻrnini import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilishini oʻzimizda koʻpaytirish hamda Rossiya kabi strategik hamkor davlatlar oʻrtasidagi aloqalarni yanada rivojlantirish orqali ham amalga oshirishi mumkin. Ikkinchidan, Ukrainaga eksport qilinayotgan tovarlar hajmini boshqa yangi bozorlar izlash orqali kamaytirish yoʻlidan borishimiz ham mumkin. Bunda Ukrainadan import qilinayotgan tovarlar uchun qoʻllanilayotgan imtiyoz va preferensiyalarni boshqa hamkorlarga qoʻllash orqali ular bilan oʻzaro manfaatli tovar aylanmasini oshirilishiga erishish borasida ham keng imkoniyatlarimiz ham bor.

OʻzA