Helena Freyzer: Oʻzbekiston strategiyasi BMT maqsadlari bilan hamohang

“Har bir oʻzbekistonlik Inson huquqlari boʻyicha umumjahon deklaratsiyasini bilishi kerak. Oʻzbekiston davlati uni tan olgan va amal qilish majburiyati bor”, – deydi BMTning Oʻzbekistondagi vakili Helena Freyzer Toshkentda “Amerika Ovozi” bilan eksklyuziv suhbatda.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Oʻzbekistonda 1993-yilda ish boshlagan. Bugungi kunda uning 10 agentligi respublikada faoliyat yuritadi. BMTning Oʻzbekistondagi vakili Helena Freyzer (Helena Fraser) “Amerika Ovozi” bilan eksklyuziv intervyuda taʼkidlashicha, mamlakat hozir toʻgʻri yoʻlda. Uning tahlilicha, islohotlar jarayoni toʻxtamaydi. BMT jarayonlarni qator omillar sabab ham quvvatlamoqda, deya tushuntiradi u.

–Freyzerxonim, biz bilan muloqot qilishga vaqt topganingiz uchun rahmat. Oʻzbekiston poytaxtida faolsiz, koʻrib turibmiz. Shu bois ham siz bilan gaplashishni judayam xohladik. Xalqaro jamiyatning yetakchi vakili ekaningiz har joyda ayon – siyosiy doiralarda ham, axborot vositalarida ham. Avvalo, lavozimingizni tushuntirib bersangiz. BMT rasmiylari aynan nima uchun masʼul ekanliklarini tushunish har doim ham oson emas.

– Rahmat, Navbahor. Sizni BMTning Oʻzbekistondagi vakolatxonasida koʻrib turganimdan bagʻoyat mamnunman. Ayni damda ikki lavozimdaman. Biri – BMTning Oʻzbekistondagi bosh vakili, yaʼni jahon tashkilotining muvofiqlashtiruvchisi. Bu vazifada men BMT Bosh kotibining bu yerdagi bevosita namoyondasiman. Barcha agentliklar, loyihalar va jamgʻarmalar faoliyati uchun masʼulman. Ikkinchisi – BMT Taraqqiyot Dasturi vakiliman, yaʼni BMTning Oʻzbekistondagi eng yirik agentligini boshqaraman. Lekin kelasi 3-4 oyda bu vazifani topshiraman.

– Nima boʻladi keyin?

– Oxirgi 30-40 yil mobaynida BMT Taraqqiyot Dasturi tashkilotimizning asosiy vakolatxonasi vazifasini bajarar edi. BMTdagi islohotlar natijasi oʻlaroq shu yilning oxiridan 129 mamlakatda, jumladan, Oʻzbekistond ham bunga chek qoʻyiladi.

Endi men kabi vakillar BMTning asosiy maqsadlari ustida koʻproq ishlay boshlaydi. Katta bir agentlikni alohida boshqarish boshqalar qoʻliga oʻtadi. 2030 yilgacha erishilishi kerak boʻlgan maqsadlar ustida bosh qotiramiz. 2015 yilda aʼzo davlatlar bu maqsadlarga qoʻshilgan va ular sari qadam tashlashga kelishib olgan. Ular murakkab, serqirra rejalar toʻplami boʻlib, insonlar hayotini yaxshilash, sayyora manfaatlari va farovonlikni koʻzlaydi. 2030 yilgacha bu maqsadlarga yetish uchun davlatlar oʻz siyosati va yoʻnalishlarini ularga moslashi kerak. Biz qattiq ishlashimiz lozim.

– Ishingiz serqirra ekani ayon. Toʻgʻri, siz BMTning bu yerdagi bosh vakili sifatida barcha agentliklar ishini muvofiqlashtirasiz, tashkilot nomidan gapirasiz. Lekin bu ishga aynan sizni nima uchun tanlashadi? Qanday tanlanasiz? Vakil sifatida tayinlanish jarayonini tasvirlab bering.

– Ajoyib savol. Men BMTda 20 yildan oshiq davrdan beri ishlab kelaman. Kasbiy faoliyatimni sobiq sovet hududida boshlaganman, Gruziyada. 1997 yilda, urush domidan chiqishga harakat qilayotgan Gruziyada ishlay boshlaganman. Astalik bilan BMT tizimida oʻz oʻrnimni topar ekanman, tashkilot koordinatori boʻlish qanchalik qiziq vazifa ekanini tushunib yetdim. BMTdek yirik organning muhim maqsadlari ustida ishlash chuqur masʼuliyat va kuchli bilim-tajriba talab qiladi. Yetakchilik, kommunikatsion koʻnikmalar, diplomatik malaka, taktik bilim, chunki siz Bosh kotibning vakilisiz. Agentliklar uchun bevosita masʼul emassiz, lekin ularning ishini muvofiqlashtirasiz. Bu muhim va mashaqqatli ish.

Shunday ekan, vakil sifatida tanlanish uchun bir necha bosqichli imtihondan oʻtishingiz kerak. Sizni ikki kunlik sinovga taklif qilishadi. Oʻzingizga oʻxshagan nomzodlar bilan bu jarayonni boshdan kechirasiz. Vakil boʻlish talablariga javob bera olishingiz lozim. Saralanib, ijobiy baho olsangiz, sizni potensial vakillar roʻyxatiga qoʻshishadi. Boʻsh joy boʻlganida siz unga hujjat topshirasiz. Mos koʻrilsangiz, taklif qilishadi.

Oʻzbekistonga 25 yil oldin kelgan edim. Sobiq sovet hududida ishlaganim uchun, rus tilini bilganim uchun, Oʻzbekistondagi imkoniyatlardan xabardor boʻlganim uchun ham meni bu lavozim qiziqtirdi. BMT Bosh kotibi meni tanladi.

– Tanlandingiz, keldingiz, lekin har bir mamlakatning oʻzi muhiti, sharoiti va aytganingizdek, imkoniyatlari bor. BMT maqsadlarini Oʻzbekistonga moslashtirish, ishingiz samara berishi uchun vazifangizda qanchalik erkin ishlay olasiz? Masalan, siz islohotlar boshlanayotgan davlatga keldingiz. Qaror va ishingiz bu yerdagi muhitga mos boʻlishi kerak, toʻgʻrimi?

– Ha, men oʻtgan yilning iyul oyida kelganimda Oʻzbekistonda Harakatlar strategiyasi qabul qilinganiga 5-6 oy boʻlgan edi. Bu dastur BMT maqsadlari bilan hamohang. Adliya, boshqaruv, iqtisod, tashqi siyosat, xavfsizlik, ijtimoiy-iqtisodiy, xususan, ekologik, taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasida islohotlar koʻzlangan.

– Ulkan maqsadlar.

– Xuddi shunday. Muhimi, bizning maqsadlarimiz ham shu. Shunday ekan, BMT eng yirik xalqaro sherik sifatida birga ishlashga hoziru nozir. Xalqaro majburiyatlarni bajarishda, konvensiya va meʼyorlarga mos ravishda qadam tashlashda biz yordam beramiz. Siyosat va xatti-harakatlar normalarga binoan boʻlishini taʼminlashda biz koʻmaklashamiz. Vaqtdan toʻgʻri foydalanish kerak. Hukumat qattiq ishlayapti, koʻrib turibmiz.

– Sizga omadli inson sifatida ham qarash mumkin chunki imkoniyatlar kengayishni boshlagan paytda keldingiz. Uzoq yillar mobaynida BMT Oʻzbekistonda ishlashga qiynaldi, buni bilamiz. Cheklovlar, hukumat bilan kelishmovchiliklar, noroziliklar. Oʻzbekiston rasmiylari BMTdan nolir edi, uni samarasizlikda ayblar edi. Hukumat tashkilotni tanqidda ayblar edi. BMT ham hukumatni tanqid qilar edi. Siz ochilish boshlanganda ishga tushdingiz. Ochilish davom etayaptimi?

– BMT 25 yildan beri Oʻzbekistonda. Toʻgʻri, siz aytgandek, qiyin davrlar ham boʻlgan. Biroq ish samara bermagan, demagan boʻlardim. Qizigʻi, biz oldindan undagan ochilish boshlanar ekan, hukumat biz tavsiya etgandek qadam tashlab, tavsiyalarimizni hisobga ola boshladi. BMT Oʻzbekistonda ishlay olmay qolgan kunlar boʻlmagan. Qiyinchilik va ziddiyatlarga qaramay til topisha olganmiz, konstruktiv muloqotga intilganmiz. Yoshlar migratsiyasi, inson huquqlari, qonun ustuvorligi bobida harakat sust boʻlsa-da, umidni boy bermaganmiz.

Jahon Savdo Tashkilotiga kirish haqida 10-12 yil oldin bergan tavsiyalarimiz mana bugun qoʻl kelmoqda, chunki bu borada harakat boshlandi. YUNESKO ham madaniy merosni asrash yoʻlida qilgan tavsiyalari yuzasidan hozir Oʻzbekiston bilan yangicha hamkorlik boshladi. Xiva va Buxoro boʻyicha yangi loyihalar ishga solinmoqda.

Islohotlarga kelsak, ular yangi pallaga kirmoqda, degan boʻlar edim. Men kelganimda endigina rejalanib, astalik bilan amalga oshirilayotgan edi. Fuqaro bilan muloqot, uning manfaatlarini koʻzlagan siyosat haqida gap ketmoqda. Biz aynan shu bois ham bu siyosatni va jarayonlarni quvvatlaymiz. Fuqaro dardi va fikrini inobatga oluvchi siyosat. Nazarimizda, nozik palladan oʻtildi.

– Ortga qaytilmaydi deb oʻylaysizmi?

– Orqaga qaytib boʻlmaydigan pallaga kirdi. Mamlakat qay tomon ketayotgani aniqlashdi. Oʻzbekistonga ish oʻrinlari kerak. Ularni yaratish lozim. Imkoniyatlar ochish kerak. Xalq va hukumat orasida oʻziga xos kelishuv shakllana boshladi. Taraqqiyot har ikki tomonga bogʻliq. Xaridor ham, isteʼmolchi ham, ishlab chiqaruvchi ham, oʻzgarishlar ortidagi tomon ham fuqaroning oʻzidir. Mana shu haqiqat oydinlashdi. Bu juda muhim. Ochilish tashqi siyosatda ham aks etdi. Avvalo qoʻshnilar bilan aloqada, qolaversa, Afgʻoniston bilan rishtalarda va boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikda. Belarus rahbari kelib ketdi, Misr rahbari kelib ketdi. Har biri tarixiy tashrif. Oʻzbekiston oldinga qadam tashlamoqda va fikrimcha, bu yoʻldan qaytmaydi.

Xalqaro hamjamiyatda ham shunday qarash keng tarqalgan. Ulkan oʻzgarishlar balki ertagacha yuz bermas, lekin hozirgi jarayonlar mamlakatni mahsuldorlik, farovonlik, yoshlar uchun imkoniyatlar, huquq va eʼzoz, davlat va fuqaro oʻrtasidagi ishonch tomon yetaklasa ajabmas.

– BMT uzoq muddatni koʻzlab ishlaydi. 2030 yilgacha erishilishi kerak boʻlgan maqsadlar haqida gapirdingiz. Lekin Oʻzbekistonda aholi uning muammolari hozir hal etilishini xohlaydi, chunki ular hayoti uchun aynan hozir dolzarb boʻlgan masalalar bor. Hukumat bularni uddalashga qiynalmoqda. Siz qanday yordam bera olasiz mana shunday qiyin paytda?

– Uzoq muddatli strategik maqsadlar va bugun hal etilishi kerak boʻlgan masalalar bilan shugʻullanishda muvozanat topish eng qiyin vazifa. Ayniqsa, Oʻzbekistondek barcha sohada bir paytda oʻzgarish qilishni xohlagan mamlakatda. Ijobiy tarafi, Oʻzbekiston boshqalarning tajribasiga tayanishi mumkin, chunki koʻplab davlatlar bu jarayondan oʻtib boʻlgan, masalan, iqtisodiy tizimini isloh qilishdan. Oʻzbekiston nafaqat sobiq sovet davlatlaridan balki Koreya va Vetnamdan ham oʻrgansa boʻladi.

Faqat qisqa muddatni ham koʻzlay olmaysiz, xato boʻladi, chunki har bir masalaning qisqa va uzoq muddatli jihatlari bor. Shuning uchun ham balans zarur. Atrof-muhit muhofazasini oling, masalan. Orol dengizi fojiasi. 2-3 yil ichida ulkan oʻzgarish qilaman deb uzoq muddatda oʻzingizga katta zarar keltirishingiz mumkin.

Chuqur izlanib, eʼtibor bilan, qunt bilan harakat qilish kerak. BMT boshqa sohalar qatorida sogʻliqni saqlashda ham hamkorlik qilmoqda. Bu soha mamlakatda eng kam sarmoya qilingan jabha boʻlib kelgan va orqada qolib ketgan. Texnologiyadan tortib, tibbiy talablargacha. 21-asr meʼyorlariga mos kelmaydi. Mamlakatda oʻlim hollarining 80 foizi yuqmaydigan kasalliklar bilan bogʻliq. Bu juda yuqori koʻrsatkich.

Hukumatga qimmatga tushadi. Odamlarga qimmatga tushadi. Bu borada uzoq muddatni koʻzlaydigan yangi reja ishlab chiqish kerak. Lekin hozirgi vaziyatni ham tuzatish lozim. Kelasi 15 yilni oʻylab harakat qilasizmi yoki oldingizdagi muammoni ham hal etasizmi? Har ikkisini qila olish zarur. Aholiga sogʻliq kerak, aynan hozir. Diagnostika tizimi hozir yaxshilanishi kerak. Eng zarur talablar hozir qondirilishi kerak.

– Asosiy tibbiy talablar.

– Xuddi shunday. Salomatlik, dori-darmon. Jahon Sogʻliqni Saqlash Tashkiloti bu borada koʻmaklashadi. Sogʻliqni saqlash vazirligi va bu sohada islohotlar boʻlishini taʼminlovchi komissiya bilan hamkorlikda ishlaydi. BMT uzoq muddatni koʻzlashi foyda lekin bugunga ham befarq emas.

– Sizning tizimingiz uzoq muddatga moslangan. 

– Buning ustun jihati – biz hamisha shu yerdamiz. Ayrim sohalarda oʻzgarishlar sust, boshqalarida tez. Men, BMT vakili sifatida, hukumat rejasini tahlil qilib, uni xalqaro talablarga mos boʻlishini taʼminlab, davlat bilan ishlayman. Oʻzbekiston zimmasidagi xalqaro majburiyatlarga koʻz yuma olmaydi. Bu degani qaror va harakatdan hukumat va xalq birdek manfaatdor boʻlishi kerak.

– Gʻarbda, xususan, Vashingtonda huquq tashkilotlari va oʻxshash doiralarda quloqqa chalinadigan tanqid shuki, BMT Oʻzbekiston hukumatini shartsiz quvvatlamoqda. Siyosatni koʻr-koʻrona olqishlamoqda, deyishadi. Nega bunday qilayapsiz, deb rahbariyatni savolga tutmayapti, deyishadi. Nima deysiz bunday tanqidga?

– Bu tanqidchilarga oldimizga kelib, biz bilan gaplashing, deyman. Ishimiz bilan tanishing, balki faoliyatimizni tushunmassiz. Bizga maʼqul qadamlarni quvvatlaymiz va olqishlaymiz, axir hukumat bilan hamkormiz. Ijobiy oʻzgarishlardan manfaatdormiz. Asosiy ishimiz hukumat bilan dolzarb masalalar yuzasidan gaplashish, yechim qidirib, yordam berish. Siyosatni yaqindan koʻramiz va fikr almashamiz. Taʼlim, sogʻliqni saqlash, boshqaruv, inson huquqlari, islohotlar, qiyinchiliklar xususida muloqotlar baʼzida iliq, baʼzida keskin. Lekin birga ishlaymiz. Biz oldinga undaymiz, hamkorlik qilamiz, quvvatlaymiz.

Davlat oʻzi tanlagan yoʻldan borib ijobiy natijalarga erishishini istaymiz. Shu bois olqishlaymiz. Qadamlar xalqaro normalarga mos boʻlsin, deymiz. Konvensiyalar, majburiyatlar va meʼyorlarni eslatib turamiz. Lekin men nohukumat tashkilot faoli emasman. Ishim boshqa, rolim boshqa. Fuqaro jamiyatining roli boshqa, lekin ular ham muhim. Ishonch bilan ayta olamanki, biz oʻz tamoyillarimizga muvofiq tarzda ishlayapmiz.

– Fuqaro jamiyati taraqqiy etishi uchun chetdan nohukumat tashkilotlarni kiriting, deb ham undaysizmi? Jamoatchilik bilan qanday ishlaysiz?

– Fuqaro jamiyati shakllanishi uchun qilinadigan ishlar hali talay. Buni tan olamiz va hukumatni bu borada qattiqroq harakat qilishga undaymiz. Inson huquqlari boʻyicha “Human Rights Vatch” va Xalqaro Amnistiya tashkilotlari vakillari kelganida olqishladik, birga tadbirlarda boʻldik. Adliya vazirligi va boshqa organlar bilan bu haqda gaplashib kelamiz. Bu ham ishimizning bir qismi.

– Mahalliy faollar bilan ishlaysizmi?

– Albatta va bu muhim. BMT agentligi boʻlmish Xalqaro Mehnat Tashkiloti Oʻzbekistonda majburiy mehnatga qarshi kurashda mahalliy huquq himoyachilari bilan yaqin hamkor. Oʻzbekstonda fuqaro jamiyati tomon qadam tashlanyapti. Biz bu masalaga eʼtibor beramiz va berishda davom etamiz.

Jamoatchilik bilan ishlash nihoyatda muhim. Biz, xususan, yoshlar bilan aloqani kuchaytirayapmiz. Biz bilan hamkorlikka moyil yoshlar talay. Birga tadbirlar oʻtkazamiz. Yaqinda BMT Bosh Assambleyasining Yoshlar dialogi boʻyicha vakili kelib ketdi. Biz bilan ishlaydigan yoshlarni bizga hukumat tanlab bermaydi, oʻzimiz jalb etamiz. Kuzatamiz, ogohmiz. Kelajakda yoshlar forumi tuzamiz degan umiddaman, chunki BMT maqsadlari, Oʻzbekiston oldidagi maqsadlarga erishishi uchun yosh avlodning fikri, soʻzi va harakati muhim. YUNICЕF bolalar va oʻsmirlar bilan ishlaydi. Men oʻzim ham shaxsan ilm dargohlariga borib turaman.

– Oddiy odamlar uchun BMT juda uzoq va yetib boʻlmas tashkilotdek tuyuladi. Unga yaqinlashish oson emas. Siz bugungi BMTni oddiy qilib qanday tushuntirasiz?

– Ajoyib savol. BMT bu global tajriba, umumbashariy manfaat va meʼyorlar jamlanmasi. Insoniyat tinchligi, xavfsizligi, huquq va erkinligi, farovonligi uchun xizmat qiladigan tizim. Biz davlatlarga texnik yordam beramiz, maslahat beramiz, quvvatlaymiz, ularni toʻgʻri yoʻlga undaymiz.

Aholi bilan ishlaymiz. Suv taʼminoti va taqsimotidan tortib, ekin ekib mahsulot olishgacha… Loyihalarimiz oddiy insonlar hayotini osonlashtirsin, deymiz.

Qoraqalpogʻistonda besh agentligimiz ishtirokida qoʻshma loyiha bor. Bir million aholiga ega bu avtonomiya Orol dengizidagi fojia sabab qiyin ahvolda, har jihatdan. Oʻzbekistonning eng qoloq qismi. Biz vaziyatni chuqur oʻrganib chiqib, tahlil qilib, serqirra reja tuzganmiz va uni Qoraqalpogʻiston rahbariyati bilan hamkorlikda amalga oshirayapmiz. Qiyin ish, lekin aholi uchun sharoitni yaxshilashga bel bogʻlaganmiz.

– Oʻzbekiston hukumati BMT yetakchilik qilishini xohlaydi. Rasmiylar va diplomatlardan shuni eshitamiz doimo. BMT boshlasin, biz uning yoʻlidan boramiz, deyishadi. BMTga ishonishadi. Siz buni qanday qabul qilasiz?

– BMT hamisha shu yerda. Biz sodiq hamkormiz va har bir aʼzo davlatga xalqaro majburiyatlarni bajarishi yoʻlida yordamlashamiz. Ekologiya muhofazasidan tortib, huquq himoyasigacha.

Amaliy va texnik koʻmak, xalqaro kelishuvlarni amalga oshirishda yordam, huquq bilan bogʻliq konvensiya va tavsiyalar asosida ishlash bobida madad. Xotin-qizlarni kamsitmaslikni taʼminlash. Jinsiy tenglik mamlakat bosh qomusida qayd etilganidek, amalda oʻz isbotini topishi uchun qadam tashlash. Oʻzbekiston rasman koʻplab xalqaro bitimlarga kirgan lekin endi amalda ham buni isbotlashi kerak. Shu jarayonda biz sherikmiz.

– Oʻzbekistonda oddiy aholi agar BMT loyiha va tashabbuslarida qatnashmoqchi boʻlsa, nima qilsin? Men nima qila olaman oʻsha buyuk maqsadlar sari, deb oʻylanayotgan fuqarolar boʻlishi mumkin.

– Bizni tomosha qilayotgan odamlarga soʻzim shuki, biz siz bilan hamkorlik qilishni xohlaymiz. Biz siz bilan muloqot qilishni, sizning ezgu ishlaringizni quvvatlashni istaymiz. Birinchidan, davlatingiz oʻz zimmasiga olgan xalqaro majburiyatlarni bilib oling. Oʻzbekiston “Taraqqiyot” strategiyasi, Harakatlar strategiyasi bilan tanishing. Bu maqsadlar BMTniki bilan hamohang. Davlatingiz oldidagi maqsadlarga eʼtibor qarating.

Ikkinchidan, inson huquqlari boʻyicha umumjahon deklaratsiyasini biling. Oʻzbekiston ahli uning magʻzini chaqishi kerak. Oʻzbekiston uni tan olgan va boʻysunishi lozim. Ana shundan keyin, birgalikda nima qilishimiz mumkin ekanligi ustida fikringizni bildiring, tashabbuslarga qoʻshiling.

Jamoatchilik orasida faol boʻling. Tabiat va suvni asrashdan tortib, madaniy merosni avaylashgacha hissa qoʻshing. Oliy Majlisdagi vakilingizga yozib, oʻz takliflaringizni tushuntiring. Nima uchun hozirgi yoʻlni quvvatlashingiz yoki quvvatlamasligingizni bayon eting. Ovozingizni eshitsin. Biz shu yerdamiz va ezgu maqsadlar tomon birga harakat qilaveramiz.

– Katta rahmat suhbat uchun.

– Salomat boʻling.

Suhbatdosh Navbahor Imomova, “Amerika Ovozi”

 

OʻzA