Diabet – hayot tugadi degani emas

Samarqand viloyatida bugungi kunda 1420 kishi birinchi tip qandli diabet bilan, 22 ming 433 kishi ikkinchi tip bilan roʻyxatga olingan.

Oʻtgan yilning noyabr oyidan 2018-yil may oyiga qadar viloyat aholisi orasida yashirin diabetni erta aniqlash maqsadida oʻtkazilgan tekshiruvlar natijasida 983 kishida kasallik belgilari kuzatilgan va “D” nazoratiga olingan.

14-noyabr – Xalqaro qandli diabetga qarshi kurash kuni munosabati bilan oʻtkazilayotgan Diabet oyligi doirasida Samarqand viloyati endokrinologiya dispanseri tomonidan tashkil etilgan matbuot anjumanida shu va boshqa maʼlumotlar berildi.

Dispanser bosh shifokori G.Neʼmatovaning qayd etishicha, har yili xalqaro miqyosda oʻtkaziladigan mazkur oylik bu yil “Qandli diabet har bir oilaga taalluqli” shiori ostida tashkil etilmoqda. Oylik davomida aholi oʻrtasida qandli diabet kasalligi toʻgʻrisida tushuntirish ishlari olib boriladi, joylarda tibbiy koʻriklar oʻtkaziladi. Istirohat bogʻlari va aholi gavjum maskanlarda sayyor laboratoriyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ortiqcha vazn va qondagi qand miqdori aniqlanadi. Har hafta shanba kuni viloyat endokrinologiya dispanseri va joylardagi tibbiyot muassasalarida diabetga chalingan bolalar va ularning ota-onalari, kattalar uchun psixolog maslahati beriladi.

Bugungi kunda viloyatdagi barcha poliklinikalarda endokrinolog xonasi tashkil etilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida Urgut, Pastdargʻom, Kattaqoʻrgʻon tumanlarida 20 oʻrinli endokrinologiya boʻlimlari faoliyat koʻrsatmoqda. Viloyat endokrinologiya dispanserining zamonaviy qoʻshimcha binosi foydalanishga topshirilisharafasida.

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi. Tadbir soʻnggida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun tibbiy koʻrik tashkil etildi.

9.JPG

2.JPG
Gʻ.Hasanov, A.Isroilov (surat), OʻzA