Nasir Busherit: “Oʻzbekistonda sezilarli ijobiy voqealar yuz berdi”

1 noyabr – Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi milliy bayrami. Shu munosabat bilan mazkur mamlakatning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Naser Busherit Oʻzbekiston Milliy Axborot agentligi – OʻzA muxbiriga intervyu berdi.
  – Hurmatli elchi janoblari, bilamizki, Jazoir 1962 yil 18 martda mustaqillikka erishgan. 1 noyabrning milliy bayram sifatida nishonlanishi tarixi haqida maʼlumot bersangiz.
– 1954 yil 1 noyabrga toʻgʻri keladigan inqilobning boshlanish sanasi, Jazoir milliy bayrami mamlakat ahli uchun juda ham qadrli sana hisoblanadi. Tantanali ravishda nishonlanadigan bu kunda 1830 yildan to mustaqillikka erishilgan 1962 yilgacha, 132 yil mobaynida davom etgan mamlakatni istilodan ozod etish chogʻida jang maydonlarida shahid ketgan oʻgʻlonlarga hurmat bajo keltiriladi. Shunday qilib, 1954 yil 1 noyabrdagi inqilob mamlakatning turli mintaqalaridagi xalq qarshilik harakatining tayanch nuqtasiga aylandiki, bu xalqimizning jamoaviy ongini shakllantirishga yordam berdi. Bir milliondan ziyod fuqarolarning halok boʻlishiga sabab boʻlgan yetti yarim yillik qonli toʻqnashuvlardan keyin Jazoir oʻz mustaqilligi va gʻururini tiklashga muvaffaq boʻldi.
– Oʻzbekiston va Jazoir oʻrtasidagi diplomatik munosabatlar 1992 yilning 30 iyunida oʻrnatilgan. Jazoir Afrika mamlakatlari ichida birinchilardan boʻlib Oʻzbekiston mustaqilligini tan olgan. Mamlakatlarimiz oʻrtasida turli sohalar boʻyicha aloqalar keng yoʻlga qoʻyilgan.
– Jazoir va Oʻzbekiston oʻrtasidagi munosabatlarga keladigan boʻlsak, davlatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar har doim oʻzaro hurmat va qardoshlik, doʻstlik, hamkorlik torlari bilan bogʻlangan. Biz musulmon sivilizatsiyasi olamining vakillari boʻlganimiz ham ikki xalq oʻrtasidagi qardoshlik munosabatlarining mustahkamlanishiga imkon berdi.
Shu nuqtai nazardan, taʼkidlab oʻtganingizdek, Jazoir Oʻzbekiston mustaqilligini birinchilardan boʻlib tan olgan va zudlik bilan Toshkentda oʻz elchixonasini ochgan mamlakat, bu esa Jazoirning sizning mamlakatingiz bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda hamkorlikni rivojlantirishga doimo tayyorligidan dalolat beradi.
Bundan tashqari, bizning mamlakatlarimiz shakllantirayotgan tashqi siyosat tamoyillariga sadoqat biz qurayotgan uzoq muddatli, mustahkam va samarali munosabatlarning umumiy tamal toshi sanaladi. Mamlakatlarimizning oʻzlari mansub boʻlgan mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar doirasida harakatlarni muvofiqlashtirishi, maslahatlashuvlari va oʻzaro koʻmagi sezilarli darajada ekanligini ham taʼkidlash foydadan xoli boʻlmasdi.
Yaqinda ikki tomonlama munosabatlarda yangi istiqbollar ochadigan yangilik yuz berdi. Bu oʻrinda ikki mamlakat prezidentlari – janob Abdulaziz Buteflika hamda janob Shavkat Mirziyoyev oʻrtasida maktub almashinuvi xususida soʻz bormoqda. Davlatlarimiz rahbarlari ikki tomonlama munosabatlarni yangi miqyosga olib chiqishga sodiq ekanliklarini yana bir bor izhor qildilar. 2019 yil mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarga yangi kuch baxsh etadigan muhim tashriflarning amalga oshishi kutilmoqda.
Bu istiqbolli rejalar ikki davlat yetakchilarining mamlakatlarimiz oʻrtasidagi munosabatlarni ularning real salohiyatiga va qonuniy intilishlariga mos ravishda taraqqiy ettirish yoʻlidagi intilishlarini imkoni boricha tezroq roʻyobga chiqarish uchun saʼy-harakatlarimizni jadallashtirishga turtki beradi. Shu nuqtai nazardan, oʻzbek sheriklarimizning birgalikda ishlashga tayyorligi va munosabatlarimizni mustahkamlash yoʻlidagi qatʼiyatidan foydalanib qolishga umid qilayapman. Men shuni ham qoʻshimcha qilmoqchimanki, biz har qanday taklifga, ayniqsa, iqtisodiyot sohasidagi takliflarga ochiqmiz.
– Sizning Oʻzbekistonda faoliyat yurita boshlaganigizga uch yildan oshdi. Shu davr mobaynida Oʻzbekistonda yuz bergan jarayonlarga qanday qaraysi?. Ikki mamlakat oʻrtasida ishga solinishi kerak boʻlgan salohiyatlar haqida nimalar deya olasiz?
– Men shuni ishonch bilan aytmoqchimanki, 2015 yil sizning ajoyib yurtingizga kelganimdan beri sezilarli ijobiy oʻzgarishlar, ayniqsa, iqtisodiyot sohasida roʻy berdi. Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan keyin boshlangan jadal islohotlar, shu jumladan, valyuta bozorining liberallashtirilishi iqtisodiy ochiqlikva sarmoyalar jalb etilishi omilini soʻzsiz tezlashtiradi. Oʻz navbatida, biz ham mazkur voqealarni diqqat bilan kuzatib borayapmiz. Oʻzbekiston bilan ushbu sohadagi hamkorlik istiqbollari bir qator sabablarga koʻra, samarali hisoblanadi, men ulardan ayrimlarini sanab oʻtmoqchiman:
a) — ikki mamlakat iqtisodiyotlarining oʻzaro toʻldiruvchilik xususiyati. Shu jihatdan, mashhur tajribasi va yuqori insoniy resurslarga ega Jazoir Oʻzbekiston bilan nou-xausi va tajribasi bilan oʻrtoqlashishi mumkin. Misol tariqasida aytishim kerakki, “Sonatrak” milliy neftegaz kompaniyasi ushbu sektorda muntazam ravishda yirik dunyo kompaniyalarining oʻntaligiga kiradi, kompaniyaning savdo aylanmasi 2017 yilda 35 milliard AQSH dollaridan oshib ketdi. Xalqaro bozorlarga chiqishga yoʻnaltirilgan yangi siyosati evaziga korxona bir necha mamlakatlarda faoliyat koʻrsatmoqda, endi “Oʻzbekneftegaz” bilan sherikchilik munosabatlarini yoʻlga qoʻyishi foydan xoli boʻlmaydi. Agrar sektor, elektronika va maishiy texnika ishlab chiqarish sohalarida ham shuni aytsa boʻladi, zero, biz bu borada oʻzaro manfaatli sherikchilik munosabatlarini oʻrnatishga intilayotgan xalqaro darajada faol tadbirkorlik toifasiga egamiz.
Oʻz navbatida, Jazoir Oʻzbekistonning toʻqimachilik sohasidagi bebaho tajribasidan foydalanishi mumkin. Sayyohlik va hunarmandchilik kabi faoliyat sohalari ham bizning mamlakatlarimiz uchun qiziqish uygʻotishi ehtimoldan uzoq emas.
b) — Mamlakatim davlat organlari milliy iqtisodiyotni diversifikatsiyalash boʻyicha oʻtkazayotgan yangicha siyosat ishbilarmonlarni yangi xalqaro sarmoyaviy imkoniyatlarni qidirib topishga daʼvat etadi. Shu nuqtai nazardan, Oʻzbekiston bizning tadbirkorlarni ayniqsa, men yuqorida aytgan sohalarda eʼtiborini osongina jalb eta oladi.
c) — Mamlakatlarimizning oʻz mintaqalaridagi jugʻrofiy holati. Bu borada Jazoir janubiy Yevropaga yaqin, shuningdek, uning Magʻrib mintaqasidagi markaziy holati hamda Sahroi Kabirdan janubdagi oʻrni bilan qoʻshib hisoblaganda Afrika bozoriga darvoza hisoblanadi. Shuningdek, bu oʻrinda uning ichki bozori, yoʻllari, port va aeroport infratuzilmalariga jalb etilgan ulkan sarmoyalar haqida soʻz bormoqdaki, bu uni yuz millionlab salohiyatli isteʼmolchilarga ega mintaqadagi muhim logistik bazaga aylantiradi. Bu gap Oʻzbekistonga ham taalluqli. Ayniqsa, Xitoyning yangi Ipak yoʻli loyihasining amalga oshirilayotgani ortidan jadallik bilan oʻzgarib borayotgan Markaziy Osiyo mintaqasining markazida joylashgan Oʻzbekiston jazoirlik ishbilarmon doiralar uchun jozibador boʻlishi mumkin.
Bu afzalliklarning barchasi mamlakatlarimiz kompaniyalarining xalqaro darajada rivojlana olishlari va maksimal darajada jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvlari uchun qimmatli imkoniyat vazifasini oʻtashi tayin.
Bundan tashqari, kompaniyalarimizning har ikki mamlakatda tashkillashtiriladigan yarmarka va koʻrgazmalardagi ishtiroki biznes doiralar oʻrtasidagi aloqalarni yengillashtirishi mumkin. Bizning fikrimizcha, Oʻzbekistonning kelasi yil iyun oyida Jazoir Xalqaro 52-yarmarkasi (FIA)dagi ishtiroki oʻzbek mahsulotlarining nafaqat Jazoir bozorida, balki yarmarkada ishtirok etadigan Afrika, Yevropa va Osiyoning oʻnlab mamlakatlari vakillariga tanishtirish uchun qoyilmaqom imkoniyat boʻladi.
Aynan mana shu sabablar uchun men ikki tomonlama munosabatlar, ayniqsa, iqtisodiyot sohasidagi aloqalar kelajagiga ishonaman.
Bu shubhasiz, almashuv eng jadal va muntazam hisoblanadigan sohalardan biri.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston Jazoirda tashkillashtirilayotgan koʻplab tadbirlarda qatnashmoqda. Oʻz navbatida, Jazoir ham Oʻzbekistonda oʻtkazilayotgan madaniy tadbirlarda, shu jumladan, Samarqanddagi “Sharq taronalari” festivalida ishtirok etmoqda. 2003, 2015 va 2017 yillarda jazoirlik xalq musiqasi guruhlarining tashrifi bunga yaqqol misol boʻla oladi. Yaqindagina, aniqrogʻi, 2018 yilning avgustida andalusiya (anʼanaviy musiqa janri) musiqa guruhi Shahrisabzdagi maqom festivalda qatnashdi.
Bizning madaniy aloqalarimiz va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi bordi-keldiga yangicha ruh bagʻishlash maqsadida Elchixona Xorijiy mamlakatlar bilan doʻstona aloqalar va millatlararo munosabatlar Qoʻmitasi bilan birgalikda Jazoir-oʻzbek doʻstlik jamiyatini tuzish tashabbusini ilgari surdi.
Mazkur tashabbus tashqi ishlar vazirligi tomonidan iliq kutib olindi.
– Katta rahmat. Bayramingiz muborak boʻlsin.
Sharofiddin Toʻlaganov suhbatlashdi

 

OʻzA