Hisob palatasi tuzilmasida tegishli lavozim hamda shoʻbalar tashkil etildi

Hisob palatasi oliy darajadagi tashriflarda imzolangan hujjatlar ijrosini nazorat qiladi.
Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni, shuningdek, strategik ahamiyatga ega xoʻjalik jamiyatlari va korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish samaradorligini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident Farmoni qabul qilindi. Bu haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qilmoqda.
Farmon bilan Hisob palatasiga quyidagi bir qator qoʻshimcha funksiyalar yuklatildi:
oliy darajadagi tashriflarda imzolangan hujjatlar va investitsiya loyihalarining maʼlumotlar bazasini shakllantirish, ularni amalga oshirishga koʻmaklashish;
oliy darajadagi tashriflarda imzolangan hujjatlar va investitsiya loyihalarining oʻz vaqtida ijro etilishi ustidan nazorat qilish;
chet-ellik hamkorlar va xorijdagi diplomatik vakolatxonalar bilan “telekoʻprik” tashkil etish orqali oliy darajadagi tashriflarda imzolangan hujjatlar va investitsiya loyihalarining ijrosini muntazam muhokama qilish.
Farmonga muvofiq, Hisob palatasi tuzilmasida bu boʻyicha tegishli lavozim hamda shoʻbalar tashkil etildi.
Shuningdek, Farmon bilan Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar ijrosini taʼminlash masalalari boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi guruhi tasdiqlandi.
Oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlar va investitsiya loyihalarining ijrosi toʻgʻrisidagi axborotning “Ijro.gov.uz” tizimi orqali oʻz vaqtida taqdim etilishi ustidan qatʼiy nazorat oʻrnatiladi.

 

OʻzA