Endi noshirlik faoliyati Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan litsenziyalanadi

Litsenziyalash faoliyati bilan shugʻullanuvchi organlar kengaytirildi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan litsenziyalanadigan bir qator faoliyat turlari boshqa organlarga oʻtkazildi
Hukumatning ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilgani haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Kiritilgan qoʻshimchalarga muvofiq, litsenziyalash faoliyati bilan shugʻullanuvchi organlar kengaytirildi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan litsenziyalanadigan bir qator faoliyat turlari boshqa organlarga oʻtkazildi.
Xususan:
• portlovchi va zaharli moddalarni, ularni qoʻllagan holda materiallar va mahsulotlarni, shuningdek portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish;
• ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan muomalada boʻlish sohasidagi faoliyat;
• qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini litsenziyalash – yangi litsenziyalovchi organ “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan;
• neft, gaz hamda gaz kondensatini qazib chiqarish, qayta ishlash va realizatsiya qilish;
• neft mahsulotlarini (avtobenzin, aviabenzin, ekstrabenzin, dizel yonilgʻisi, aviakerosin, mazut, pechka qoramoyi, neft bitumi, shuningdek texnik moy va moylash materiallarini) realizatsiya qilish, zavodda idishlarga qadoqlanganlari bundan mustasno. (Neft mahsulotlarini AYOQSH va moy almashtirish punktlarida sotishdan tashqari);
• magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni taʼmirlashni litsenziyalash – yangi litsenziyalovchi organ “Oʻzdavneftgazinspeksiya” tomonidan;
• pirotexnika buyumlarini (harbiy maqsaddagi mahsulotlardan tashqari) yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizatsiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yoʻq qilish va utilizatsiya qilishni litsenziyalash – endilikda Ichki ishlar vazirligi tomonidan;
• geodeziya va kartografiya faoliyatini litsenziyalash – Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri boʻyicha davlat qoʻmitasi noshirlik faoliyatini litsenziyalash – Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Turizm (turoperator) faoliyatini litsenziyalash esa Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari, Turizmni rivojlantirish departamentlari tomonidan amalga oshiriladi. Ilgari ushbu faoliyatni faqat Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi litsenziyalagan.
Veterinariya faoliyatini litsenziyalash endilikda nafaqat Davlat veterinariya qoʻmitasi tomonidan, balki Qoraqalpogʻiston Respublikasi veterinariya qoʻmitasi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya boshqarmalari tomonidan ham amalga oshiriladi.
Rieltorlik faoliyatini litsenziyalash vakolati Davlat raqobat qoʻmitasidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga oʻtkazildi.

 

OʻzA