Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy axboroti

Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy axboroti

Toshkent shahar Chilonzor tumani Dilxush koʻchasi 37-uyda yashaydigan fuqaro A.Akbarov xonadonida qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanishda gumon holati boʻyicha Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari, Respublika bosh davlat sanitariya shifokori S.Saidaliyev rasmiy axborot berdi.
Toshkent shahar Chilonzor tumani Dilxush koʻchasi 37-uyda yashaydigan fuqaro A.Akbarov xonadonida 2018-yil 31-oktyabr kuni qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanishda gumon holati boʻyicha quyidagilarni maʼlum qiladi:
Xonadon egasi Alisher Akbarovning ayoli Xaitova Umida, 42 yosh, 2018-yil 30-oktyabr kuni, taxminan soat 20:00da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining roʻparasidagi milliy taomlar kafesidan 5 dona, sixga tortilgan qiyma kabob, tandir non va toʻgʻrab, uksus solingan piyoz sotib olib, uyiga olib borgan. Ularning uyi shu kafening yaqinida joylashgan. Uyida oila aʼzolaridan Xaitova Umidaning oʻzi, uning qizlari 1996-yilda tugʻilgan Akbarova Aziza, 2001-yilda tugʻilgan Eʼzoza, 2003-yilda tugʻilgan Iroda va oʻgʻli 2012-yilda tugʻilgan Akbarov Farrux birga oʻtirib, soat 20:30da kabobni isteʼmol qilishgan.
U.Xaitovaning bergan maʼlumotiga koʻra, kabobda noxush hid va taʼm sezishmagan. Soat 23:30larda bolalar, binoning ikkinchi qavatidagi xonaga chiqib, uxlagan. Ularda hech qanday kasallik belgilari boʻlmagan. U.Xaitovaning taxminan soat 23:30larda boshi qattiq ogʻrigan, koʻngli aynigan va koʻp marta qusgan. Xonadon egasi A.Akbarov kabob isteʼmol qilingan vaqtda uyda boʻlmagan, qoʻshnisinikida boʻlib, taxminan soat 24:00da uyiga qaytgan. Ayolining sogʻligʻi yomonlashganligi toʻgʻrisida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilmagan. Er-xotin binoning birinchi qavatida uxlagan.
2018-yil 31-oktyabr soat 04:00da U.Xaitova ikkinchi qavatdagi farzandlari uxlayotgan xonani ochib koʻrganda bolalarini ogʻzidan koʻpik qusuqlari chiqib, behush holda yotganligini koʻrib, tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan. Soat 04:30da tez tibbiy yordam mutaxassislari kelib, ular tomonidan U.Xaitovaning qizlari Akbarova Aziza, Eʼzoza, Iroda va oʻgʻli Akbarov Farruxda biologik oʻlim holati qayd etilgan. Ayni paytda A.Akbarov sogʻlom, uning turmush oʻrtogʻi U.Xayitovaga esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tibbiy yordam koʻrsatilmoqda, ahvoli qoniqarli.
Ushbu xonadon egalari Dilxush koʻchasi 37-uydagi yangi qurilgan 3 qavatli binoga yaqinda koʻchib oʻtgan. Uy yertoʻlada oʻrnatilgan, tabiiy gazda ishlaydigan isitish qozoni orqali isitiladi.
Yuzaga kelgan ushbu holat boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshirigʻiga muvofiq, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislaridan iborat hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya tomonidan ushbu holat boʻyicha ovqatdan yoki is gazidan zaharlanish taxminlari oʻrganilmoqda.
A.Akbarov xonadon va milliy taomlar kafesidagi tashqi muhit obyektlaridan tahlillar uchun tegishli namunalar olinib, Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatining laboratoriyasiga topshirildi. Oʻrganilayotgan taxminlar, laboratoriya tahlillari natijalari hamda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar toʻgʻrisida qoʻshimcha axborot beriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi axborot xizmati

 

OʻzA

  31.10.2018, 13:53  |    302 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!