Oʻzbekistonda tovar bozorlarida savdoni erkinlashtirish bilan bogʻliq muhim hujjat qabul qilindi

Iqtisodiyot vazirligi huzurida 38ta shtat birligidan iborat boʻlgan Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishlar tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasi tashkil etiladi.

Prezidentimiz tomonidan “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonga imzo chekildi. Savdo mexanizmlarini yanada takomillashtirish, tovar bozorlarida sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari faoliyatining samaradorligini oshirish va xarajatlarni kamaytirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini taʼminlash kabi maqsadlarda qabul qilingan mazkur hujjat mohiyati navbatdagi sharhimizdan oʻrin olgan.
Bu jonsarak dunyoda koʻpchiligimiz andak naqdparast, zamonaviy tilda “pragmatik” boʻlib ketgandekmiz. Yaʼni “Yuzta siz-bizdan – bitta jiz-biz”, “Nasiyani oʻgʻriga chiqargan”, “Olisdagi quyruqdan koʻra – yaqindagi somon pesh” taxlit naqllar urfda. Nima ham derdik, bozor qoidasi shu shekilli: ol, sot, ishlab chiqar, haqingni ol, ammo haddingdan oshma… Nima boʻlganda ham, bu qoidalararo bitta jihat – erkinlikning boʻlgani yaxshi, qoʻlga-yu tilga tushov solinmagani durust. Oʻshandagina bozor degani risoladagidek ishlay boshlaydi. Faqat shundagina mahsulotingni bexavotir sotib, haqini olasan, molingga-yu karmoningga hech kim daxl qilmaydi. Bevosita farmonga oʻtadigan boʻlsak, nomining oʻzi ham aytib turganidek, uning maqsadi – bozordagi savdoni yanada erkinlashtirish. Bunday dadil choraning boisi ham hujjatda aniq-tiniq yozib qoʻyilgan: tovar bozorlarining hozirgi holati, ulgurji va birja savdosining rivojlanish darajasi zamonaviy talablarga javob bermaydi. Bir qator muammolar bor. Xoʻsh, ular nimalarda namoyon boʻlmoqda, degan savol tugʻilmogʻi ham tabiiy…
Masalan, ulgurji savdoning rivoji past, chunki bunday savdoni amalga oshirishni litsenziyalashda ham, bu kabi faoliyat turi bilan shugʻullanadigan savdo korxonalarini soliqqa tortishda ham – maxsus tartibga amal qilib kelingan. Qoʻshimcha vaqtni-yu xarajatlarni talab qiluvchi mazkur tamoyil – keyinchalik qayta ishlanadigan yarim tayyor va sanoat mahsulotlarini yetkazib berish darajasiga ham aks taʼsir qilgan. Axir “shoxiga ursang, tovoni zirqiraydi”, soddaroq aytganda, baliqning xoʻragini ulgurji sotib olishda chiqqan muammo – baliq sotganda ham taʼsir qiladi.
Bu kabi muammolar ulgurji va birja savdolari bilan shugʻullanadigan subyektlarning ustav sarmoyalarida davlat ulushi yuqori boʻlib, shu sabab turfa cheklovlar joriy etilganida ham, ishlab chiqaruvchi va isteʼmolchi degani – mamlakatda va yoxud xorijda ishlab chiqarilgan talabgir mahsulot – bizda oʻzi qancha ishlab chiqarilgani yoki qancha olib kirilayotgani haqidagi maʼlumotga ega emasligida ham boʻlgan.
Inchunun, mamlakat rahbarining “Tovar bozorlarida savdoni yanada erkinlashtirish va raqobatni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan, 2019 yilning 1 yanvaridan boshlab:
• ulgurji savdoni amalga oshirishni litsenziyalash va ulgurji savdo korxonalarini soliqqa tortishning maxsus tartibi;
• aksiz soligʻi solinadigan tovarlarning ayrim turlari (masalan, avtomobil, oʻsimlik yogʻi, alkogol va boshqalar) ishlab chiqarilishini hisobga olish va sotishning maxsus tartibi;
• koʻchma savdo uchun ruxsatnoma hujjati olish talabi;
• davlat ulushi 50 foizdan kam boʻlgan korxonalar kontragentlari bilan oʻzaro munosabatlarda – kechiktirilgan debitorlik qarz uchun sanksiyalar qoʻllash;
• davlat ulushi 50 foizdan kam boʻlgan korxonalar uchun ichki bozorda oldindan 15 foiz toʻlovni amalga oshirishga doir talablar bekor qilinadi.
Bundan tashqari, farmon ilovasida keltirilgan roʻyxatga asosan, ayrim turdagi tovarlar, deylik, oʻsimlik moyi, shakar, rudalar va volfram konsentratlari kabi va boshqa – jami 9 turdagi mahsulot eksportiga boʻlgan amaldagi cheklov olib tashlanadi.
Farmon bilan yuqori likvidli tovarlarni birja savdosiga chiqarish jadvallarini davlat raqobat qoʻmitasi bilan oldindan kelishib olinishidek tajribaga barham beriladi.
Amaliyotdan chiqarilib yuboriladigan tartibotlardan soʻng, yangidan joriy qilinadiganlarini ham aytish kerak. Bekor qilinishlardan ikki oy oldin, yaʼni 2018-yilning 1-noyabridan boshlab, tovar-xomashyo birjalariga – birjada sotiladigan mahsulotlarni saqlash va logistika qiladigan shoʻba xoʻjalik jamoalari tuzish, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilish huquqi beriladi.
2018-yilning 1-noyabridan boshlab: eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan ortiq miqdorda kunlik oʻrtacha naqd pul tushumi boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar – naqd pulni inkassatsiya xizmatlari orqali yoki mustaqil topshirishlari; eng kam oylik ish haqining 20 baravaridan kam naqd pul tushumi boʻlgan subyektlar esa – inkassatsiya xizmatlari orqali oʻzlari belgilagan davrda yoki mustaqil ravishda topshirish imkoniga ega boʻladilar.
Yana bir yangilik. Endilikda yuridik va jismoniy shaxslar internet tizimi orqali 5 ming dollargacha boʻlgan toʻlovlarni xalqaro toʻlov tizimi orqali, xaridor bilan yozma shartnoma tuzmasdan, tashqi savdo operatsiyalari yagona elektron axborot tizimiga kiritmasdan hamda yukning bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirmasdan amalga oshirishlari mumkin boʻladi. Jismoniy shaxslarga esa – qiymati 5 ming dollargacha boʻlgan eksport qilinishi cheklanmagan tovarlarni Oʻzbekiston Respublikasidan olib chiqishlariga ruxsat beriladi.
Birjada band boʻlgan subyektlarni ragʻbatlantirish nuqtai nazaridan, soliq borasida ham imtiyozlar beriladi.
Tashkiliy tadbirlar bilan bogʻliq yana bir yangilikni aytmasak boʻlmas: Iqtisodiyot vazirligi huzurida 38 ta shtat birligidan iborat boʻlgan Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarishlar tadqiqotlari markazi davlat unitar korxonasi tashkil etiladi.
Farmonda, shuningdek, manfaatdor vazirlik va idoralarga joriy etilayotgan oʻzgarishlarni keng xalq ommasiga tushuntirish vajidan mamlakat boʻylab seminarlar oʻtkazish, yaqin qoʻshnilarimiz, Hamdoʻstlik davlatlari, deylik, Rossiya va Qozogʻiston bilan monopoliyaga qarshi kurashni muvofiqlashtirib borish maqsadida tegishli Shartnomani parlament tomonidan ratifikatsiya qilish va boshqa vazifalar ham belgilab berilgan.
Hujjat qabul qilindi, endi uni ijro etish kerak. Yakunda faqat bir haqiqatni aytib oʻtmoqchi edik: bozor degani erkin boʻlsa, unga zamon zamzamasi-yu davr dolgʻalari hukmini oʻtkaza olmasagina, u rostmana bozor hisoblanadi. Darvoqe, davlatning eksport va import degan – taraqqiyot tarozisining ikki pallasi baravar kelishiyam lozim. Shunda maʼmurlik boʻladi, savdo-sotiqning halol daromadi esa barchaga buyuradi. Bugungi farmon amaliy ijrosi bu maqsadga bizni tezroq eltadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi
Axborot-tahlil multimedia markazi bilan
hamkorlikda tayyorlandi