FUTZAL: Angliya bilan durang oʻynadikmi, demak Litvaga borishga haqqimiz bor

Bahodir Ahmedov shogirdlari yaqinda Tailandda inglizlarga qarshi maydonga tushishdi va magʻlub boʻlishmadi.
Bundan ikki yil avval qitʼaning ikkinchi jamoasi sifatida Kolumbiyada oʻtgan jahon chempionatiga yoʻllanma olgan, u yerda ham jahonning manaman degan termalari bilan bab-baravar oʻynay olgan futzal termamiz haqida nimagadir keyingi paytlarda kam maʼlumot tarqalmoqda. Vaholanki, futzalchilarimiz qitʼamizda ushbu nufuzli musobaqa boshlangan 2009-yildan buyon barcha chempionatlarning nafaqat doimiy ishtirokchisi boʻlib kelgan, balki bir necha bor kumush va bronza medallariga sazovor boʻlgan. Faqat oddiy chempionatlarda sovrinlarga ega boʻlavergan jamoa aynan jahon chempionatiga yoʻllanma beruvchi mavsumlardagina uchta yoki toʻrttalikdan tushib qolar va shu tarzda jahon chempionatida qatnashish muddatini biroz choʻzib yuborgan edi.
Braziliyalik Sapo, ispaniyalik Mariya Mendezdan keyin terma jamoaga bosh ustozlik qilayotgan Bahodir Ahmedovning ham niyati ulugʻ – oldingi muvaffaqiyatlarni davom ettirish, yana jahon chempionatida ishtirok etish. Shu maqsadda bir qator ishlar amalga oshirilayotgani bor gap. Yaqinda mamlakatimizda Afgʻoniston terma jamoasi mehmon boʻldi. Ikkita oʻyindan iborat oʻrtoqlik uchrashuvining har ikkalasida ham Ahmedov shogirdlari gʻalaba qozonishdi. Birida 3:2, ikkinchisida 5:2.
Yaqinda esa terma jamoamiz Tailandda tashkillashtirilgan oʻziga xos xalqaro turnirda ishtirok etib qaytdi. Mazkur musobaqada qitʼamizdan Oʻzbekiston, Tailand va Malayziya, Yevropadan esa Angliya termasi oʻzaro kuch sinashishdi. Eʼtiborli jihati, Bahodir Ahmedov shogirdlari malayziyaliklar ustidan gʻalaba qozongan va mezbonlardan yengilgan boʻlsa-da, yevropaliklar bilan durang oʻynashning uddasidan chiqishdi va turnir jadvalida inglizlardan yuqorida joylashishdi.
Ushbu turnir futzalchilarimiz uchun yangilik emas. 2009-yili braziliyalik Sapo ustozligida ham ishtirok etgan va unda ham ikkinchi oʻrin bilan kifoyalangandi. Oʻshanda inglizlar oʻrniga argentinaliklar bilan kuch sinashishgan edi. Aslida Tailand futzali mutasaddilari mazkur musobaqani har mavsumda tashkil etishadi, faqat unda ishtirok etuvchilar yiliga oʻzgartiriladi. Bu yilgi musobaqa gʻolibi Tailand termasini 2016-yili Oʻzbekiston tarkibi bilan jahon chempionatiga yoʻllanma olishda bosh vazifani bajargan ispaniyalik mutaxassis Mario Mendez boshqarayotganini taʼkidlash joiz.
Uchrashuvlarda qayd etilgan natijalar: 
 
1-tur
Malayziya – Oʻzbekiston – 0:5
Angliya – Tailand – 0:4
2-tur
Oʻzbekiston – Angliya – 1:1
Tailand – Malayziya – 7:1
3-tur
Malayziya – Angliya – 2:3
Oʻzbekiston – Tailand – 3:6.
Yigʻinlar tashkil etishdan, xalqaro turnirlarda qatnashishdan koʻzlangan maqsad yana bir yildan keyin oʻtkaziladigan navbatdagi jahon chempionatda ishtirok etish ekanligi sir emas. Jahon chempionatiga qaysi davlat mezbonlik qilish masalasi ham hal etildi – bunga Litva mamlakati loyiq topildi. Vaholanki, mezbonlik uchun Litvadan tashqari, Yaponiya, Yangi Zelandiya, hattoki Eron davlati ham daʼvogarlik qilgandi.

 

Oybek Yunusov, O’zA