Yangi ochilgan kitob majmuasi: 3 ming nomdan ziyod oʻzbek, rus, ingliz, nemis tillaridagi sara nashrlar

Poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi Qatortol koʻchasida besh qavatli yangi kitob savdo majmuasi ishga tushirildi. Mazkur majmuaning ochilishi munosabati bilan oʻtkazilgan tadbirda yurtimizda faoliyat olib borayotgan davlat va nodavlat nashriyot vakillari, adabiyotshunos olimlar, shoirlar, yozuvchilar, oʻquvchi va talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Karnay-surnay sadolari ostida kutib olingan mehmonlar dastlab kitob doʻkoni va u yerdagi nashrlar bilan tanishdi. Bayram tadbirida soʻzga chiqqanlar kitob va uning inson hayotida tutgan oʻrni, kitobxonlik madaniyati va ayni masalalarga davlatimiz tomonidan berilayotgan eʼtibor xususida soʻz yuritdi. Bunyod etilgan mazkur muhtasham kitob majmuasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 13-sentyabrdagi “Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targʻib qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturi toʻgʻrisida”gi qarori samarasi ekanligi taʼkidlandi.

“Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi kitob savdo tizimi faoliyatini samarali tashkil etish maqsadida ochilgan mazkur kitob majmuasiga mamlakatimizning turli yetakchi nashriyotlari tomonidan chop etilgan kitoblar joylashtirildi. Shuningdek, bu yerda Rossiya va qardosh mamlakatlardan keltirilgan 3 ming nomdan ziyod oʻzbek, rus, ingliz, nemis tillaridagi sara nashrlar bor.

Kitobxonlar doʻkonning ikkinchi qavatidagi kutubxonadan hamda internet tarmogʻidan bepul foydalanishlari mumkin. Quvonarlisi, kitob majmuasiga bogʻcha yoshidagi va bogʻcha yoshigacha boʻlgan farzandlar bilan birgalikda borsa ham boʻladi. Pastki qavatdagi bolalar uchun moʻljallangan boʻlim farzandlarda kitobga nisbatan mehr uygʻotishda yordam beradi. Bu yerda ular nafaqat kitob tanlashlari va sotib olishlari, balki maxsus ajratilgan joylarda rangli-bezakli kitoblarni boʻyashlari, shaxmat, shashka kabi turli aqlni charxlovchi oʻyinlar bilan mashgʻul boʻlishlari mumkin.

Mazkur kitob majmuasida til oʻqitish klublari ham tashkil qilingan boʻlib, xorijiy tillar yoshlarga bepul oʻrgatiladi. Binoning yuqori qavatlariga esa “Yangi asr avlodi” nashriyot-matbaa markazi tahririyati joylashtiriladi.

7.JPG

 

Mohigul Qosimova, Aʼlo Abdullayev (surat), OʻzA