Yunusobod tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish vazifalari belgilab berildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Oʻzekspomarkaz”da Toshkent shahri va Yunusobod tumani hokimlari, mutasaddilar va sektorlar rahbarlari, mahalla raislari ishtirokida yigʻilish oʻtkazdi. 
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati maʼlum qildi.
Unda Yunusobod tumanini iqtisodiy rivojlantirish, 63 ta mahalladagi ijtimoiy holatni yanada yaxshilash, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berildi.
2019 yilda sanoat va xizmat koʻrsatish sohalarida moʻljallangan 38 ta loyihaning har biri boʻyicha tashabbuskorlar va manbalarini aniq koʻrsatgan holda “yoʻl xarita”lari ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Xatlovda aniqlangan 332 ta foydalanilmayotgan obyekt va yer maydonlarida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etish, byudjetga tushumlarni koʻpaytirish va odamlarning daromadlarini oshirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Ijtimoiy dolzarb masalalarni hal qilish, uy-joy fondini rivojlantirish, kommunal xizmatlarni yaxshilash, obyektlarni kuz-qish mavsumiga tayyorlash borasidagi vazifalar belgilab berildi.

 

OʻzA