Qandolat mahsulotlari importi 40 foizga kamaydi

Prezidentimiz “Amilov” qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasi faoliyati bilan tanishdi.

Mamlakatimizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish hisobiga yangi ish oʻrinlari yaratish va aholi bandligini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Toshkent shahridagi sobiq “Lak-boʻyoq” zavodi oʻrnida tashkil etilgan “Amilov” fabrikasi joriy yil 5-oktyabrda ishga tushirildi. Korxona maydoni 32 gektar boʻlib, qurilish-montaj ishlari, ishlab chiqarish uskunalari uchun qariyb 80 million dollar sarflandi. Germaniya, Shveysariya, Daniya, Italiya, Avstriya va Gollandiyadan texnologiyalar keltirib oʻrnatildi. Natijada 850 ga yaqin ish oʻrni yaratildi.

Korxona yiliga 50 ming tonnaga yaqin qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Bugungi kunda bu yerda shokolad, konfet, pechenye, vafli kabi 60 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.

Bunday shirinliklar shu paytgacha asosan import qilinardi. “Amilov” fabrikasida tayyorlanayotgan qandolat mahsulotlari chet elnikiga nisbatan arzon va sifatli boʻlgani bois ichki bozorni tez egalladi. Natijada bunday mahsulotlar importini qirq foiz qisqartirishga erishildi. Qolaqersa, korxona yiliga 10 million dollarlik mahsulot eksport qilishni rejalashtirgan.

Davlatimiz rahbari fabrikaning ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish, bunday korxonalarni koʻpaytirib, raqobatni rivojlantirish, import boʻlayotgan boshqa mahsulotlarni ham mahalliylashtirish boʻyicha topshiriqlar berdi.

 

Umar Asrorov, OʻzA