Xorijdagi vatandoshlar bilan hamkorlik qilish boʻyicha samarali tizim yaratiladi

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi hamda birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Prezident qarori qabul qilingani haqida Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali maʼlum qildi.
Qarorga muvofiq, Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati Konsepsiyasi hamda birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Qaror bilan tasdiqlangan Konsepsiyada Oʻzbekiston Respublikasining xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorligining asosiy yoʻnalishlari va prinsiplari, vatandoshlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralari belgilandi.
Shu bilan birga, Konsepsiyada xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar tushunchasi ochib berildi. Xususan:
• Oʻzbekiston hududidan tashqarida doimo istiqomat qiladigan yoki taʼlim olish, mehnat faoliyati bilan shugʻullanish, oilaviy sabablar va boshqa sharoitlardan kelib chiqib vaqtinchalik chet elda yurgan Oʻzbekiston fuqarolari;
• xorijga chiqqan va chet el fuqaroligini olgan, Vataniga maʼnaviy va madaniy nuqtai nazardan mansublikni his qilgan hamda Oʻzbekiston – Respublikasi bilan madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgan Oʻzbekistondan chiqib ketgan shaxslar va ularning avlodlari;
• etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtai nazardan oʻzini oʻzbeklar yoki qoraqalpoqlar sifatida identifikatsiya qilgan hamda Oʻzbekiston bilan har tomonlama aloqada boʻlish xohishida boʻlgan xorijda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar hisoblanashi belgilandi.
Qaror bilan tasdiqlangan “Yoʻl xaritasi”ga muvofiq quyidagi muhim vazifa va tadbirlar belgilandi:
• 2019 yil Samarqand shahrida Vatandoshlar xalqaro forumini tashkil etish va oʻtkazish;
• Oʻzbekiston Respublikasining vatandoshlar bilan hamkorligini yoritish maqsadida “UzBridge” axborot-tahliliy elektron jurnalini yaratish;
• Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyotiga sarmoya kiritish, venchur fondlarni, qoʻshma korxonalarni yaratish va boshqalar boʻyicha vatandoshlar faoliyatini qoʻllab-quvvatlash;
• Oʻzbek tili, madaniyati va anʼanalarini dunyoga targʻib etish va ommalashtirish uchun Alisher Navoiy nomidagi Madaniyat markazini tashkil etish masalasini oʻrganib chiqish.
Vazirlik va idoralar rahbarlari mazkur Konsepsiya va Chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarni sifatli hamda oʻz vaqtida bajarish va har chorakda ularni amalga oshirish holati borasidagi maʼlumotni Tashqi ishlar vazirligiga taqdim etadi.
Shuningdek, vatandoshlar bilan hamkorlikning darajasi va shaklidan kelib chiqib quyidagi qoʻllab-quvvatlash va ragʻbat choralari koʻrsatilishi belgilandi:
• kirish vizalarini, shu jumladan, koʻp marotabalik va uzoq muddatli vizalarni soddalashtirilgan holda rasmiylashtirish, vaqtinchalik yashashga hamda Oʻzbekistonda hududida mehnat faoliyati bilan shugʻullanish uchun ruxsatnoma berish;
• yuqori malakali kadrlarni Oʻzbekistonda zarur boʻlgan mutaxassisliklar boʻyicha ishga olish;
• ijtimoiy va maishiy masalalarni hal qilishga yordam berish;
• davlat tasarrufidagi boʻsh turgan obyektlarni va yer maydonlarini vatandoshlarga tadbirkorlik, ilmiy-tadqiqot, maʼrifiy, innovatsion va boshqa dastur hamda loyihalarni amalga oshirish uchun ajratib berish;
• vatandoshlarning oʻqishi, ishi va boshqa ijtimoiy masalalarini toʻliq (qisman) moliyalashtirish;
• vatandoshlar orasida yuqori malakali mutaxassislarni davlat va boshqa davlat tashkilotlariga rahbarlik lavozimlariga, shuningdek, ushbu tashkilotlar rahbarlarining konsultanti (maslahatchisi) sifatida jalb qilish;
• soddalashtirilgan tartibda fuqarolikni berish;
• vatandoshlar – xorijiy fuqarolarga Oʻzbekistonning oliy taʼlim muassasalarida oʻzbek tili va adabiyoti, tarix, kino, madaniyat, teatr sanʼati, televideniye va radio yoʻnalishlari boʻyicha taʼlim olishlari uchun grantlar ajratish;
• vatandoshlarning ommaviy axborot vositalarini akkreditatsiyadan oʻtishini soddalashtirish;
Oʻzbekistonning rivojlanishiga munosib hissa qoʻshgan vatandoshlarni davlat mukofotlari va faxriy unvonlar bilan taqdirlash.

 

OʻzA