Prezidentimiz metroning Yunusobod yoʻnalishi ikkinchi bosqich qurilishi bilan tanishdi

Toshkent shahrida aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, sifatli transport xizmatlarini koʻrsatish qamrovini oshirish hamda dunyoning rivojlangan davlatlaridan qolishmaydigan metropoliten xizmatini rivojlantirish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy koʻpriklar, yoʻl oʻtkazgichlar bunyod etilmoqda. 
Ayni paytda Toshkent metropoliteni Yunusobod yoʻnalishi ikkinchi bosqichi qurilish ishlari qizgʻin davom etmoqda. Qurilish loyihasining umumiy qiymati 124,8 million dollar.
Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil 9 fevral kuni Yunusobod tumanida boʻlib, metropoliten qurilishi bilan tanishgan edi.
Davlatimiz rahbari 26 oktyabr kuni bu yerga yana bir bor tashrif buyurib, qurilish ishlarining borishini koʻzdan kechirdi, quruvchilar bilan muloqotda boʻldi.
Taʼkidlash kerakki, Toshkent metropoliteni 40 yildan ortiq tarixga ega. U 1977 yil noyabr oyidan qatʼiy jadval boʻyicha harakatlana boshlagan.
Toshkent metropoliteni yoʻlovchilarni tashishdagi qulaylik va xavfsizlik nuqtai-nazaridan eng samarali transport vositasi hisoblanadi.
Yunusobod yoʻnalishida qurilayotgan metro uchastkasining uzunligi 2,9 kilometr boʻlib, uni 2019 yilda foydalanishga topshirish moʻljallangan. Ikkita – Turkiston va Yunusobod yangi metro bekatlaridan iborat.
Eng asosiy masala poytaxtimiz koʻchalaridagi tirbandlikning oldini olish. Bunda metro eng qulay vositadir, dedi Shavkat Mirziyoyev. Bunyodkorlik ishlari bundan keyin ham tizimli davom ettirilishi qayd etildi.
Hozirgi kunda Turkiston va Yunusobod stansiyalari hamda ular oraligʻida tunnelni qurish ishlari olib borilmoqda.
Ushbu tunnelni yopiq usulda qazish uchun Germaniyadan “Herrenknecht” kompaniyasining mexanizatsiyalashgan majmuasi keltirilgan. Bu ulkan texnika may-sentyabr oylari davomida yigʻilgan. Soha mutaxassislari Germaniyada malaka oshirib keldi. Koʻprik qurilish tresti tomonidan tunnel devorlarini mustahkamlovchi tyubinglar ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi.
Hozirgi kunda majmua ishga tushirilib, tunnel qazish ishlari boshlab yuborilgan. U bir sutkada 12 metr masofada qazish ishlari olib borish va 8 ta xalqa oʻrnatish imkoniyatiga ega. Bugungi kungacha 350 ta xalqaga yetarli (1 xalqa 6 ta tyubing yigʻindisidan iborat) konstruksiyalar zaxirasi yaratilgan.
Prezidentimiz ushbu texnik majmuani koʻzdan kechirdi. Mutasaddilarga metro stansiyalarining tashqi koʻrinishi va infratuzilmasi boʻyicha tavsiyalar berdi.
Transport kommunikatsiyalarini qurishda shaharning kelgusi rivojini hisobga olish, hamma uchun qulay boʻlishini taʼminlash zarurligini taʼkidladi.
Muxtasar aytganda, metroning yangi bekatlari ishga tushirilishi natijasida poytaxt aholisi va turistlar uchun metropoliten xizmatidan foydalanish imkoniyati yanada oshadi. Dunyoning rivojlangan davlatlaridagi mavjud metro transporti bilan raqobatlasha oladigan zamonaviy metropoliten xizmati shakllanib boradi.

 

Ziyodulla Jonibekov, OʻzA