Ertaga Oʻzbekistonda Qirgʻiziston madaniyati kunlari boshlanadi

24-28 oktyabr kunlari mamlakatimizda Qirgʻiziston Respublikasi madaniyati kunlari oʻtkaziladi.

Qirgʻiziston sanʼat va madaniyat namoyanlari ertaga poytaxtimizga tashrif buyurib, diqqatga sazovor joylarni tomosha qiladi.

Madaniyat kunlarining tantanali ochilish marosimi 25 oktyabr kuni Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida boʻlib oʻtadi. Tadbir doirasida Toshkent fotosuratlar uyida Qirgʻiziston badiiy va amaliy sanʼati koʻrgazmasi, Alisher Navoiy nomidagi kino saroyida qirgʻiz filmlari namoyishi, shuningdek, boshqa tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etiladi.
Qirgʻizistonlik sanʼatkorlar Samarqand shahriga ham tashrif buyuradi. Samarqand viloyat musiqali drama teatrida qardosh xalq sanʼat ustalari ishtirokida katta konsert namoyish etiladi.

 

OʻzA