Qardoshlik oqshomi

Qardoshlik oqshomi

Mamlakatimizda oʻtayotgan Qirgʻiziston Respublikasi madaniyati kunlari doʻstlik, birodarlik, qardoshlik, hamjihatlik bayramiga aylanib ketdi.

Mazkur tadbir doirasida poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Oʻzbekiston davlat akademik katta teatrida Qirgʻiziston sanʼati ustalari va ijrochi yoshlar ishtirokida konsert tashkil etildi. Shu munosabat bilan mazkur sanʼat koshonasiga turli vazirlik va idoralar, ijodiy tashkilotlar, milliy madaniy markazlarining vakillari, musiqa ixlosmandlari taklif etildi.

Koʻplab tantanalar, premyeralar, ijodiy loyiha va festivallarga guvoh boʻlgan mazkur teatr binosida shu kuni qirgʻiz xalqining joʻshqin kuy-navolari, jozibali raqslari tomoshabinlar eʼtiboriga havola etildi.

14.jpg

15.jpg
Xalqlarimizning azaliy, adabiy doʻstligi ramziga aylangan bu kabi tadbirlar madaniy-maʼrifiy muloqotlar qamrovining yanada kengayishi va mustahkamlanishida, ijodkorlarning oʻzaro fikr va tajriba almashinuvida muhim ahamiyat kasb etadi. Koʻtarinki, bayramona va yuksak saviyada oʻtkazilayotgan madaniyat kunlari doirasida qardosh xalq rassom va hunarmandlari ijodiga, nomdor adib va jamoat arbobi Chingiz Aytmatov ijodiga bagʻishlagan koʻrgazma boʻlib oʻtmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligida qirgʻizistonlik hamkasblar bilan birga kelgusidagi ijodiy rejalar belgilab olindi. Alisher Navoiy nomidagi Kino saroyida qoʻshni davlat kinematograflari tomonidan ishlangan film muxlislarga taqdim etildi.Bu kabi madaniy tadbirlar qadim va navqiron Samarqand shahrida ham boʻlib oʻtishi koʻzda tutilgan.

35.jpg

37.jpg
– Ijodiy safar koʻtarinki ruhda oʻtmoqda, – deydi Qirgʻiziston xalq artisti Salomat Sodiqova. – Xalqingizning mahorati, isteʼdodi, mirishkorligi tahsinga loyiq. Oʻzbekistonning madaniy-maʼnaviy, ilmiy-ijodiy merosi jahon miqyosida tan olingan va yuksak eʼtirof etilgan. Yurtingizda kechayotgan shiddatli oʻzgarishlar, islohotlarning shaxdam odimi har qanday insonning havasini keltiradi. Har gal bu tabarruk diyorga kelib buyuk allomalar, Sohibqiron Amir Temur mangu qoʻnim topgan ziyoratgohlarga borganimda ruhimda yengillik, ulkan maʼnaviy quvvat paydo boʻladi. Doʻstligimiz abadiy boʻlishini doim Yaratgandan soʻrayman.

– Madaniyat kunlari asnosida oʻzbek xalqining boy merosi bilan ham tanishishga muvaffaq boʻldik, – deydi “Qambarqan” ansambli sozandasi Qurmanjon Akmatova. – Toshkentdagi bir qator ziyoratgohlar, tarixiy maskanlarga sayohat qildik. Muzeylarga bordik. Sanʼat sohasi vakillari bilan ijodiy muloqotda boʻldik. Bunday tadbirlar tafakkurimizni yanada boyitishda gʻoyat muhimdir.

Konsertda qirgʻiz sanʼat ustalari repertuaridagi eng sara kuy-qoʻshiqlar, raqslar ijro etildi.

 

N.Usmonova, F.Abdurasulov (surat), OʻzA

  26.10.2018, 08:36  |    359 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!