Xalqaro press-klubning navbatdagi tadbiri Birlashgan Millatlar Tashkilotining 73 yilligiga bagʻishlandi. Unda senatorlar, tegishli vazirlik va idoralar, diplomatik korpus, xalqaro tashkilotlar vakillari, jurnalistlar ishtirok etdi.

“Oʻzbekiston – BMT: islohotlarning yangi davridagi ustuvor vazifalar“ mavzusida oʻtkazilgan tadbirda insoniyat oldida turgan dolzarb muammolar, ularga yechim topishdagi Oʻzbekiston va BMT hamkorligi, mintaqa xalqlari manfaatidan kelib chiqib amalga oshirilayotgan dastur va loyihalar ijrosi haqida soʻz yuritildi.

BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili X.Freyzer, YUNISЕFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari S.Graumann, Narkotiklar va jinoyatchilik boʻyicha boshqarmasi Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakili A.Mittal, Aholishunoslik jamgʻarmasining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari M.Yabuta va boshqalar Birlashgan Millatlar Tashkiloti jahonda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, turli millat va elatlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi. Oʻzbekiston dunyo hamjamiyati tomonidan umuminsoniyat manfaatlarini koʻzlab bildirilgan taklif va tashabbuslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab kelayotganini qayd etdi.

Oʻzbekiston tashabbusi bilan dunyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda BMT faoliyatiga daxldor muhim hujjatlar qabul qilingan. Bugungi kunda mamlakatimiz barqaror rivojlanishni taʼminlash borasida ushbu tuzilma bilan yaqin hamkorlik qilmoqda.

Sessiya yigʻilishida BMTning Oʻzbekistondagi tuzilmalari tomonidan gender tenglik, sogʻliqni saqlash, aholi bandligi, taʼlim, qonun ustuvorligini taʼminlash sohasida olib borilayotgan ishlar haqida soʻz yuritildi. Mintaqaviy hamkorlik, ijtimoiy himoya va yoshlar tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, iqlim, atrof-muhit oʻzgarishiga qarshi kurashish borasidagi ustuvor vazifalar tahlil qilindi.

Dunyoda iqtisodiy rivojlanish jarayoni aholining zaif qatlamini ijtimoiy himoya qilish bilan birgalikda kechishi kerak. Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo davlatlar tomonidan tasdiqlangan 2030-yilgacha boʻlgan umumiy nuqtai nazar – Barqaror rivojlanish maqsadlarida ayni shu jihatlarga eʼtibor qaratiladi.

Qayd etilganidek, Oʻzbekiston ushbu tashabbusning faol ishtirokchisi sifatida uni roʻyobga chiqarishdagi saʼy-harakatlarda oʻrnak boʻlmoqda. Xususan, 2030-yilgacha boʻlgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi hukumat qarori qabul qilingan.

Tadbirda “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash“ rezolyutsiyasining hayotga joriy etilishi haqida maʼlumot berildi. Orol fojiasi oqibatlarini bartaraf etish, Markaziy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlash, jinoyatchilikka qarshi kurashish, taʼlim, fan va sogʻliqni saqlash tizimlaridagi istiqbolli hamkorlik kabi masalalar yuzasidan savol-javoblar boʻldi.

 

U.Shonazarov, OʻzA