OʻzAga Buxoro viloyati hokimligi javob berdi: matematika boʻyicha chempion oilasiga uy qurib beriladi

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga hozirgina Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari Jamol Nosirov xabar berdi.

Joriy yilning 21-oktyabr kuni Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi – OʻzA rasmiy saytida “Mudrayotgan” mutasaddilar, matematika boʻyicha chempionimizni xorijliklarga berib qoʻyamizmi?“ sarlavhali maqola va bugun, 22-oktyabr kuni ushbu maqolada koʻtarilgan mavzuning toʻliq tafsiloti bayon qilingan ”Changi chiqqan koʻchalarda qolayotgan dongʻi chiqqan matematik chempion“ nomli maqola eʼlon qilindi. Unda Buxoro viloyatining Qorakoʻl tumanidagi Qoraun qishlogʻida yashab kelayotgan ”3 karra oltin, 2 bora kumush medal sohibi boʻlgan, Bolgariyada, Hindistonda oʻtgan matematika boʻyicha eng nufuzli xalqaro tanlovlarning gʻolibiga aylangan zamonamiz Al-Xorazmiysi Doniyor Ismoilovning oilasi ancha vaqtdan buyon ijtimoiy himoyaga muhtoj ekani haqida jurnalistik mushohadalarini bayon qilgan.

OʻzAga hozirgina Buxoro viloyati hokimi oʻrinbosari Jamol Nosirovning xabar berishicha:

MATЕMATIKA BOʻYICHA NUFUZLI XALQARO TANLOVLAR GʻOLIBIGA YANGI UY QURIB BЕRILADI

Jumladan, viloyat hokimligining OʻzAga xabarida shunday deyiladi:

Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanidagi Qoraun qishlogʻida yashovchi, matematika fani boʻyicha xalqaro olimpiadalar gʻolibi Doniyor Ismoilov haqida ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilinayotgan maqolalar shov-shuvga aylangani bor gap.

Ayniqsa, OʻzA axborot agentligi tomonidan bugun eʼlon qilingan “Changgi chiqqan koʻchalarda qolayotgan dongʻi chiqqan matematik chempion” sarlavhasi ostidagi xabar Buxoro viloyati hokimligi hamda qator mutasaddi tashkilotlar rahbarlarining eʼtiborini oʻziga jalb etmay qoʻymadi.

Shu kuni Buxoro viloyati hokimi Oʻktam Barnoyev Doniyor Ismoilov hamda uning onasi Lobar Rahimova bilan uchrashib, Doniyor Ismoilovni shaxsan otaliqqa oldi. Joriy yilning 31 dekabriga qadar viloyat hokimligi tomonidan uy joy qurib berilishi, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi tomonidan noutbuk, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan shaxsiy kutubxona yaratib berilishi belgilandi.

Buxoro viloyati hokimligi ushbu muammoni aniqlab berishda koʻmaklashgan Oʻzbekiston Milliy axborot agentligiga minnatdorlik bildiradi.

***

OʻzAning Buxoro viloyati Qorakoʻl tumanining chekka bir qishlogʻida istiqomat qilayotgan matematika boʻyicha xalqaro tanlovlar gʻolibi, yosh yurtdoshimizning muammosi yuzasidan tayyorlagan maqolasiga Buxoro viloyati hokimligi javob berdi va uning oilasiga yordam koʻrsatish tashabbusi bilan chiqdi.

Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi isteʼdodli yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz hayoti, ular uchun yaratilgan sharoitlar va imkoniyatlar haqida lavhalar, ocherklar tayyorlashda davom etadi.

Bundan yurtdoshlarimiz toʻgʻri xulosa chiqarishini soʻraymiz. Gap shundaki, mamlakatimizda isteʼdodli yoshlar hamisha qoʻllab-quvvatlab kelingan. Bu azaliy anʼana yurtimizda davom etadi va OʻzA ish faoliyatining asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.

OʻzA