Masul shaxs masʼuliyatli boʻlmasa...

Prezidentimizning 2018 yil 20 apreldagi “Fuqarolarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar hamda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish boʻyicha bir martalik umumdavlat aksiyasini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi farmoni mamlakatimizda oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga egalik huquqini berishda muhim huquqiy asos boʻlmoqda.
Xoʻsh, bu borada Navoiy viloyatida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, mazkur yoʻnalishda oʻtgan davr mobaynida davlat xizmatlari markazlariga 569 fuqarodan murojaat kelib tushgan. Joriy yilning 1 oktyabr holatiga 49 nafar fuqaroning murojaati qanoatlantirilgan.
– Ammo hanuzgacha uy-joylarga egalik huquqini berishda sansalorlik holatlari kuzatilmoqda, – deydi Davlat xizmatlari agentligining Navoiy viloyati boshqarmasi bosh maslahatchisi Farrux Roʻziyev. – Masalan, 2018 yil 11 iyulda Karmana tumanining “Bogʻishamol” mahalla fuqarolar yigʻinida yashovchi fuqaro Baxtiyor Umarov oʻziga tegishli oʻzboshimchalik bilan qurilgan turar joyiga nisbatan mulk huquqini eʼtirof etish toʻgʻrisida yozgan arizasi shu kunning oʻzidayoq markaz xodimlari tomonidan vakolatli idoraga elektron axborot almashinuvi dasturi orqali joʻnatilgan. Aniqlanishicha, mazkur murojaat Navoiy viloyati “Yermulkkadastr” davlat korxonasi Karmana tumani filiali rahbarining munosabat belgisi bilan filial mutaxassisi J.Olimovga ijro uchun berilgan. Ammo maʼsul xodim fuqaroning murojaatini 12 ish kuniga kechiktirib 31 iyul kuni komissiya aʼzolariga yuborgan. Xuddi shunday holat 92 nafar fuqaro murojaatiga ham qoʻllanilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 21 iyundagi qarori bilan tasdiqlangan tegishli nizomda Komissiya ishchi organiga ariza kelib tushgandan soʻng 3 ish kuni mobaynida murojaat etuvchining arizasida koʻrsatilgan joyga chiqqan holda oʻzboshimchalik bilan qurilgan imoratni oʻrganib, uning texnik rejasini shakllantiradi va uni komissiya aʼzolariga ariza hamda ilova qilingan hujjatlar bilan birga tizim orqali yuborishi qatʼiy belgilangan.
Mazkur qoidabuzarlikka javoban Davlat xizmatlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi qarori bilan maʼsul xodim J.Olimovga nisbatan eng kam oylik ish haqining 3 baravari, yaʼni 552 ming 900 soʻm miqdorida jarima qoʻllanildi.
Afsuski, Konimex, Xatirchi, Nurota tumanlarining “Yermulkkadastr” davlat korxonasi filiallari xodimlari ham xuddi shunday maʼmuriy jazoga tortilgan.

 

Nuriddin Rahimov, OʻzA