Shavkat Mirziyoyev: “Oʻzbekistonda Rossiya klassik adiblarining yuz jildlik asarlari chop etiladi”

Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatimizga keldi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Koʻksaroy” qarorgohida Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni qabul qildi.
Shundan soʻng ikki mamlakat oʻrtasida bir qator manfaatli hujjatlar imzolandi. Mazkur jarayonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasi hududlararo hamkorlik Birinchi forumi doirasida tashkil etilgan “Matbuot markazi”da ommaviy axborot vositalari vakillari uchun toʻgʻridan-toʻgʻri koʻrsatilmoqda.
Tadbir avvalida har ikki davlat rasmiylari Savdo-iqtisodiy, ilm-fan, toʻqimachilik, neft va gaz, madaniy-gumanitar, taʼlim, mehnat va bandlik, harbiy, sohalariga oid hujjatlarni imzolashdi.
Shuningdek, muzokaralar yakuni boʻyicha ham qoʻshma bayonot imzolandi.
Davdatimiz rahbari oliy martabali mehmonni tashrif bilan qutlab, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganidan mamnun ekanini bildirdi.
Prezidentimiz Rossiya Oʻzbekiston uchun eng yaqin savdo hamkorlaridan biri ekani, savdo hajmi muntazam oshib borayotganini taʼkidladi. Shu bilan birga davlatimiz rahbari mamlakatlar hududlari oʻrtasida oʻrnatilayotgan hamkorlikni yuqori baholadi.
“Xavfsizlik masalasi ham har doim diqqatimiz markazida boʻladi, – dedi Prezidentimiz. – ayniqsa, terrorizm, diniy ekstremizm singari illatlarga qarshi kurashishda ham oʻzaro hamkorlik katta samara beradi”.
Shu bilan birga Oʻzbekistonda Rossiyaning bir qator oliy oʻquv yurtlari filiallari ochilayotgani taʼlim sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichga koʻtarilganidan darak beradi.
Davlatimiz rahbari 2020 yilda Toshkent shahrida Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan “Gʻalaba” majmuasi bunyod etilishini bildirdi.
Shuningdek, Prezidentimiz Oʻzbekistonda Rossiya adabiyoti vakillarining yuz jildlik asarlar toʻplami chop etilishini taʼkidladi.

 

OʻzA