Moskva shahrida Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov haykali ochiladi

Shu munosabat bilan tashkil etiladigan tantanali tadbirda ishtirok etish uchun Prezident Administratsiyasi, senatorlar, deputatlar, hukumat aʼzolari, Oʻzbekiston Qahramonlari, chempion sportchilar, turli jabhalarda yutuqlarga erishgan yoshlar, nuroniylar, yozuvchi-shoirlar, ilm-fan va sanʼat namoyandalaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Moskvaga joʻnab ketdi.

Islom Karimov siymosi Samarqanddagi Registon majmuasi fonida qad rostlagan. Ushbu loyiha britaniyalik taniqli haykaltarosh Pol Dey gʻoyasidir. Haykalda kuchli iroda sohibi, dono davlat arbobi va xalqparvar siyosatchi siymosi gavdalangan.

Moskva markazida qad rostlagan Islom Karimov haykali Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning mamlakatimizga davlat tashrifi arafasida ochilishida ham chuqur ramziy maʼno bor.

Prezident Vladimir Putin mustaqil Oʻzbekiston asoschisi, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov bilan yaqin doʻstona munosabatda boʻlgan. Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlariga ham ana shu samimiy doʻstlik negizida asos solingan.

Vladimir Putin va Rossiya xalqi Islom Karimovni Oʻzbekiston taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi yoʻlida fidokorona mehnat qilgan, eng murakkab paytlarda tinchlik va barqarorlikni taʼminlagan shaxs sifatida xotirlaydi. Birinchi Prezidentimizning Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan, tinchlikparvarlik, bagʻrikenglik va totuvlik, oʻzaro teng manfaatdorlikka asoslangan oqilona siyosati haqli ravishda yuksak darajada eʼtirof etiladi.

Qahramon shahar deya eʼtirof etiladigan Moskvada Birinchi Prezidentimiz nomidagi xiyobon va haykalning ochilishi Islom Karimov xotirasiga hurmat-ehtirom ramzi boʻlib, Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi doʻstlik munosabatlari izchil rivojlanayotgani va mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.

 

Ulugʻbek Asrorov, OʻzA

  18.10.2018, 15:47  |    304 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!