Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifiga doir

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifiga doir

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan joriy yil 18-oktyabr kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keladi.

Davlat rahbarlari muntazamlik kasb etgan siyosiy muloqotning davomi sifatidaOʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlar holati yuzasidan fikr almashadilar, strategik sheriklik va ittifoqchilikni yanada mustahkamlash, oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, turli sohalarda yangi qoʻshma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qiladilar.

Tashrif kun tartibidan dolzarb xalqaro masalalar, jumladan, mintaqada barqarorlik va xavfsizlikni taʼminlash, Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayoniga koʻmaklashish masalalari ham oʻrin olgan.

Rossiya Federatsiyasi Prezidentining Oʻzbekiston Respublikasiga davlat tashrifi doirasida ilk bor Taʼlim forumi va “Oʻzbekiston –Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi oʻtkaziladi, shuningdek, mamlakatimizda atom elektr stansiyasi qurilishi boshlanishiga bagʻishlangan marosim boʻlib oʻtadi.

Oliy darajadagi muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qoʻshma bayonotini qabul qilish, 2019-2024 yillarda iqtisodiy hamkorlik dasturi, 2019-2021 yillarda madaniy-gumanitar sohada hamkorlik dasturi, Oʻzbekistonda Rossiyaning yetakchi oliy taʼlim muassasalari filiallarini tashkil etish va faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisidagi kelishuv, “Suffa” xalqaro radioastronomik observatoriyasini tashkil etish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” va boshqa muhim ikki tomonlama hujjatlar imzolanishi koʻzda tutilgan.

Tashrif asnosida, shuningdek, Oʻzbekiston bilan Rossiya hududlari va ishbilarmon doiralari oʻrtasida yirik investitsiya va savdo shartnomalarining imzolanishi kutilmoqda.

 

OʻzA

  17.10.2018, 08:16  |    265 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!