Oʻzbekiston Prezidentining Turkmaniston Prezidenti bilan telefon orqali muloqoti toʻgʻrisida

15-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqoti boʻlib oʻtdi.

Suhbat avvalida muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqot va uchrashuvlar qardosh xalqlarimizning koʻp asrlik doʻstligini, oʻzaro hurmat, qoʻllab-quvvatlash va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga, ikki tomonlama foydali hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston Prezidentini ommaviy axborot vositalarini rivojlantirishga qoʻshgan salmoqli hissasi uchun Osiyo-Tinch okeani teleradioeshittiruvchilar uyushmasi mukofoti sohibi boʻlgani bilan samimiy tabrikladi.

Joriy yil avgust oyida Avazada Turkmaniston Prezidenti raisligida muvaffaqiyatli oʻtkazilgan Xalqaro Orolni qutqarish jamgʻarmasi sammitining samarali natijalari yuqori baholandi. Ekologiya masalalari, jumladan, Orol halokati oqibatlarini bartaraf etish Markaziy Osiyoning barqaror taraqqiyoti uchun nihoyatda muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Turkmaniston Prezidenti davlatimiz rahbariga samimiy tabrik uchun minnatdorlik bildirib, ikki tomonlama munosabatlar izchil mustahkamlanib borayotganini alohida taʼkidladi.

Savdo, ishlab chiqarish kooperatsiyasi, energetika, samarali transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashuvlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Xususan, joriy yil 14 oktyabr kuni Termiz shahrida Turkmaniston ijodiy jamoalari ishtirokida konsert muvaffaqiyatli oʻtgani taʼkidlandi.

Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Muloqot soʻngida davlat rahbarlari qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi yaxshi qoʻshnichilik, strategik sheriklik va amaliy hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlashga intilishlari qatʼiy ekanini yana bir bor tasdiqladilar.

 

OʻzA