Yurgen Bossning Oʻzbekistondagi nashriyot-matbaa korxonalar faoliyati bilan tanishish istagi bor

Avval xabar berilganidek, Germaniyada boʻlib oʻtayotgan “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob koʻrgazmasida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda. 
Oʻzbekiston Matbuot va axborot agentligi sayti ”www.api.uz” xabar berishicha, ushbu tadbir doirasida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari “Frankfurt Buchmesse” prezidenti Yurgen Boss bilan uchrashgan.
Xususan, agentlik Bosh direktori, delegatsiya rahbari Laziz Tangriyev koʻrgazma prezidenti bilan oʻzaro muloqotda Oʻzbekistondagi nashriyot-matbaa korxonalariga investitsiyalar jalb etish, mahsulotlar eksportini yoʻlga qoʻyish, hamkorlikda turli koʻrgazmalar tashkil etish kabi masalalarni muhokama etgan.
Xabarda qayd etilishicha, uchrashuvda Yurgen Boss Oʻzbekistonning maʼnaviy-maʼrifiy salohiyati haqida ijobiy taassurotga egaligi, yurtimizga 2019 yilda tashrif buyurib, nashriyot-matbaa korxonalari faoliyati bilan tanishish istagi borligini bildirgan.
Maʼlumot oʻrnida, “Frankfurt Buchmesse” xalqaro kitob koʻrgazmasi jahon kitob koʻrgazmalari ichida eng yirigi hisoblanadi. Yetmish yildan buyon har yili oktyabr oyida oʻtkazib kelinayotgan mazkur nufuzli tadbirda 100 dan ortiq davlatlarning nashriyot-matbaa korxonalari, agentliklari vakillari ishtirok etib keladi.

 

OʻzA