Ektor Kuper: “Kimnidir yigʻinga chaqirmasam oʻsha futbolchi qaytib terma jamoada oʻynamaydi, degani emas”

Oʻzbekiston va Qatar milliy terma jamoalari bosh murabbiylari va yetakchi futbolchilari oʻrtasida matbuot anjumani oʻtkazildi.
Xabaringiz bor, ertaga poytaxtimizdagi “Milliy” stadionda FIFAning kunlaridan foydalangan holda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi Qatar milliy termasi bilan xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Bir necha daqiqa oldin har ikkala terma jamoa bosh murabbiylari va yetakchi oʻyinchilari ishtirokida mazkur oʻyinga bagʻishlangan matbuot anjumani tashkil etildi.
Anjumanning birinchi qismida mamlakatimiz bosh jamoasining ustoziga Odil Hamrobekov hamroxlik qildi. Ektor Kuper soʻz olar ekan, Qatarga qarshi oʻyindan koʻzlangan asosiy maqsad KXDRga qarshi oʻyindagi tartibli himoyani yanada takomillashtirish, yangi futbolchilarning ayrimlarini sinovdan oʻtkazish ekanligini taʼkidladi.
2f39f0ca-8306-447a-b06b-629a10004f7e.jpg“Raqiblar oʻyinini tahlil qilib boryapmiz. Kelasi oʻyinlarda oʻz mutaxassilarimizni raqib oʻyinlarini oʻrganish uchun yuborishni niyat qilganmiz. Biz birinchi oʻrinda raqibga qarab moslashishni emas, balki oʻz oʻyin uslubimizni yaratishga harakat qilamiz.
 
Hech bir oʻyinchiga terma jamoada joy kafolatlanmagan. Men kimnidir termaga chaqirsam yoki chaqirmasam bu haqda batafsil maʼlumot berishni istamayman. Kimnidir yigʻinga chaqirmasam oʻsha futbolchi qaytib terma jamoada oʻynamaydi, degani emas. Aytaylik, Vitaliy Denisov jarohati borligi sabab bu gal yigʻinga taklif etmadik. Terma jamoaning oʻyini uning yuzidir. Biz oʻz yuzimizni yaratish harakatidamiz. Oʻyinlar davomida koʻplab taktikalarni sinab koʻramiz. Bizda albatta zahira oʻyin uslublari bor. Keyinga oʻyinlar natijasiga qarab boshqa futbolchilarni ham sinab koʻramiz. Keyingi yigʻinimiz bir oydan keyin tashkil etiladi. Umid qilamanki keyingi yigʻinga ham futbolchilar yaxshi formada qaytib kelishadi”, dedi argentinalik mutaxassis.
 
Jurnalistlar savollariga javob berar ekan, Odil Hamrobekov ham oʻz fikrlarini bildiridi: “Milliy” stadionining maydonini yomon deb ayta olmayman. Bu maydonda koʻplab oʻyinlar oʻtkazilayotgani sabab ideal holatda emas. Lekin bu bizning yaxshi oʻynamasligimiz uchun bahona boʻla olmaydi. Ertaga faqat gʻalaba uchun maydonga tushamiz”.
Matbuot anjumanining ikkinchi qismida Qatar terma jamoasi bosh murabbiyi Feliks Sanchez Bas hamda futbolchi Muhammad Albakri ishtirok etishdi.
Sanchez Basning aytishicha, ertangi uchrashuvdan koʻzlangan maqsad chiroyli oʻyin namoyish etish va imkon qadar oʻzlarini qanoatlantiradigan natijani qoʻlga kiritish.
deedc544-921d-444a-8300-8a38255f355c.jpg“Biz doimo himoyada ham, hujumda ham muvozanatni ushlashga harakat qilamiz. Ekvadorga qarshi oʻyindan soʻng ayrim oʻyinchilarga dam berishga qaror qildik. Ular biz uchun muhim oʻyinchilar. Ularni Osiyo Chempionlar ligasida ham muhim oʻyinlar kutib turibdi. Bizda ularni oʻrnini bosa oladigan oʻyinchilar borligi uchun ham ularni bu yerga olib kelmadik. Men bu terma jamoada anchadan beri ishlayapman. Qatarda meni barcha narsa qoniqtiradi. Ertangi erishilajak ijobiy natija ham faoliyatimning bir maromda davom etishiga taʼsirini koʻrsatadi”, dedi bosh murabbiy.
Futbolchi Muhammad Albakri Oʻzbekiston termasiga qarshi uchrashuvga koʻp tayyorgarlik koʻrganligini, ertangi oʻyin qiyin kechishini taʼkidlab oʻtdi. “Qatarda avlodlar almashinuvi yuz bermoqda. Jamoamizga mukammallikka erishish uchun ozgina vaqt kerak va tez orada siz Qatarning haqiqiy kuchini koʻrasiz”, deya soʻzini tamomladi Muhammad Albakri.

 

Oybek Yunusov, O’zA