Navoiy shahridagi “Farhod” madaniyat saroyida Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasining “Qozon” raqs ansambli ishtirokida konsert dasturi boʻlib oʻtdi.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” davlat korxonasi tizimidagi tashkilotlar, xalq taʼlimi va madaniyat boshqarmalari, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari hamda talabalar ishtirok etgan tadbirda 50 nafar sanʼatkordan iborat ansamblning chiqishlari, qoʻshiq va raqslari barchaga manzur boʻldi.

“Qozon” xazinasi” dasturidagi tabrik, choʻl chavandozlari, “Tatarchatoʻy” kabi hajviy yoʻnalishda sahnalashtirilgan raqslar ayniqsa, sanʼat ixlosmandlarida katta taassurot qoldirdi.

– Guruhimiz 1997-yil tashkil etilgan boʻlib, dasturimiz asosan, xalqimizning milliy urf-odatlari, qadriyatlaridan namunalardan iborat, – deydi ansambl rahbari, Tatariston xalq artisti Ch.Zakirova. – Oʻzbekistonga ikkinchi bor kelishimiz. Ijodiy safar davomida yurtingizda yashayotgan millatdoshlarimiz bilan yaqindan tanishdik.

Shuningdek, “Yalla” guruhi repertuaridagi “Choyxona”, “Uchquduq”, “Aziya” va oʻzbek milliy taronalaridan “Namanganning olmasi” kabi qoʻshiqlar tatar sanʼatkorlari ijrosida aytilishi hamda xorazmcha raqslar ishtirokchilarga xushkayfiyat bagʻishladi.

– Oʻzbekistonda yashayotganimga 60 yil boʻldi, – deydi tadbir ishtirokchisi R.Ahmedova. – Asli Tataristonda tugʻilib oʻsganman, bolaligim oʻsha yurtda oʻtgan. Qarindoshlar, yaqinlarni koʻrish uchun Tataristonga borib turaman. Oʻzlari ham mehmonga kelishadi. Tilimiz, anʼanalarimiz juda yaqinligidan quvonaman. Konsertda millatdoshlarimni koʻrib, toʻgʻrisi, juda hayajonlandim. Ular bilan suhbatlashdim. Bunday uchrashuvlar xalqlarimiz oʻrtasida oʻzaro munosabatlarni yanada yaxshilashiga ishonaman.

Nuriddin Rahimov, OʻzA