Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbarini qabul qildi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 11-oktyabr kuni yurtimizga tashrif bilan kelgan Misr Bosh imomi, Al-Azhar majmuasi rahbari shayx Ahmad Muhammad Tayyibni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni qutlar ekan, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining shu yil 4-5 sentyabr kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yoʻlida tarixiy qadam boʻlganini taʼkidladi.

Uchrashuvda bugungi kunda muqaddas islom dinining bagʻrikenglik tamoyillarini, maʼrifiy qadriyatlarini targʻib qilish, uning insonparvarlik mohiyatini asrash, diniy-maʼnaviy merosni tadqiq etish, turli xavf-xatarlarga qarshi kurashish borasida Oʻzbekiston va Misrda katta ishlar qilinayotgani qayd etildi.

Xususan, “Jaholatga qarshi – maʼrifat” tamoyili asosida islomning ezgu gʻoyalarini zamondoshlarimizga, birinchi navbatda, yoshlarga yetkazish maqsadida Toshkentda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari Al-Azhar universiteti bilan imzolangan hamkorlik memorandumlari diniy ulamolar, olimlar, malakali oʻqituvchilar va iqtidorli talabalar almashuvini yoʻlga qoʻyishda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Al-Azhar oʻz tarkibida islom tadqiqotlari akademiyasi, universitet, maʼhadlar, jomeʼ masjidi, bir qancha ilmiy markazlarni birlashtirgan yirik rasmiy diniy majmua hisoblanadi.

Misr Bosh imomi davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor etar ekan, Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Ahmad Tayyib mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga yuksak baho berdi. Oʻzbekistonda islom dinining asl mohiyatini oʻrganish va targʻib qilish, diniy-maʼnaviy merosni keng tadqiq etish borasida olib borilayotgan siyosatni, BMTda Prezidentimiz ilgari surgan qator tashabbuslarni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini taʼkidladi.

Mehmon islom dini ravnaqiga katta hissa qoʻshgan Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Mahmud Zamaxshariy singari buyuk allomalarimizning bebaho ilmiy merosini birgalikda oʻrganish muhim ekanini qayd etdi.

Shayx Ahmad Tayyib Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasining birinchi faxriy professori unvoni berilgani oʻzi uchun katta sharaf va ehtirom ekani hamda masʼuliyat yuklashini bildirdi.

Misr Bosh imomi Xalqaro islom akademiyasi tarkibida Al-Azhar universiteti kafedrasini tashkil etish, misrlik taniqli olimlarning yurtimizda dars berishi, Al-Azhar magistraturasida talaba va yosh olimlarimizning imtiyozli tahsil olishi, ikki davlat ulamolarining qoʻshma Fatvo hayʼatini tuzish hamda birgalikda ilmiy anjumanlar va qoʻshma tadbirlar oʻtkazish boʻyicha takliflarni qoʻllab-quvvatladi.

Yuqori martabali diniy arbob Misrning Oʻzbekiston bilan munosabatlarni nafaqat taʼlim va gumanitar sohalarda, balki barcha jabhalarda izchil rivojlantirish va yangi bosqichga koʻtarish borasidagi saʼy-harakatlari qatʼiy ekanini taʼkidladi.

 

OʻzA