Erishilgan kelishuvlar ikki mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiladi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 8-9 oktyabr kunlari Fransiyaga rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarni yangi bosqichga koʻtardi.

Tashrif doirasida ikki mamlakatning turli sohalarda hamkorligi rivojiga xizmat qiladigan muhim hujjatlar imzolandi. Ushbu tarixiy voqea ikki mamlakat jamoatchiligi, ekspertlari va ishbilarmonlarida katta qiziqish uygʻotdi:

Odri Azule, YUNЕSKO bosh direktori:

– Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga rasmiy tashrifi juda katta voqea boʻldi. Oʻzbekiston va Fransiya oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Oʻzbekistonning qadimiy va boy merosini targʻib qiluvchi turizm yoʻnalishidagi hamkorlikning mustahkam asoslari yaratilmoqda. Bundan tashqari, taʼlim sohasidagi sheriklikning muhimligini ham aytib oʻtish joiz. Bu boradagi oʻzaro hamkorlikning ahamiyati yuksak boʻlishi shubhasiz.

Sodiq Safoyev, Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari:

– Fransiya Respublikasi Senatining Raisi Jerar Larshe parlamentlararo muloqotni chuqurlashtirish, xavfsizlik masalalari, mintaqalararo munosabatlarni mustahkamlashga oid qimmatli fikrlarni bildirdi. Bu kabi tashriflar zamirida keng koʻlamli hamkorlik munosabatlari yotadi. Toshkent va Strasburg shahri oʻrtasida hamkorlikning yoʻlga qoʻyilishi oʻzaro tajriba almashishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi. Janob Larshe Oʻzbekistonda boʻlayotgan oʻzgarishlar, demokratik islohotlar jarayonini Fransiyada katta qiziqish bilan kuzatayotganini taʼkidladi. Fransiyalik senator Natali Gule bilan birgalikda senatorlar guruhi taʼsis etildi. Oʻzbekistonda ham bunday guruh bor. Bu parlamentlararo hamkorlikning mexanizmi sifatida gavdalanadi.

Akmal Saidov, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qoʻmitasi raisi, akademik:

– Tashrif nima uchun YUNЕSKOdan boshlanyapti, degan savol tugʻilishi aniq. Prezidentimizning 2017-2021 yillarga moʻljallangan Harakatlar strategiyasida, umuman, mamlakatimizdagi izchil islohotlarda taʼlim, fan, OAV, madaniyat yoʻnalishlari ustuvor ahamiyat kasb etadi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, YUNЕSKO – Javoharlal Neru aytganidek, “insoniyat vijdoni“dir. Taʼlim, fan va madaniyat esa eʼtibor qaratilayotgan yoʻnalishlardir. YUNЕSKO Bosh direktori Oʻzbekistondagi madaniy boyliklar, arxitektura yodgorliklarining koʻpligi, fan, taʼlim, madaniyat, kommunikatsiyaga qaratilayotgan eʼtibor boshqa davlatlar uchun oʻrnak boʻladigan tajriba ekanligini taʼkidladi. Muzokaralar juda ochiq va samimiy ruhda oʻtdi. Ikki tomon bir-birini yaxshi tushunishi bu insoniyat oldida turgan muammolarning umumiyligi bilan belgilanadi. Ayniqsa, taʼlimning terrorizmga, ekstremistik gʻoyalarga qarshi kurashdagi roli alohida taʼkidlandi.

Arno Bryuyak, “Total“ kompaniyasining ishlab chiqarish va qazib olish boʻyicha prezidenti:

– Prezident Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi tarixiy ahamiyatga ega boʻldi. Tashrif doirasida “Oʻzbekneftgaz“ aksiyadorlik jamiyati bilan ikki tomonlama manfaatli shartnomaga erishdik. Oʻylaymanki, bu tashrif ikki mamlakat uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Fransuz ishbilarmonlari va keng jamoatchiligida Oʻzbekistondagi kompaniyalar bilan ishlashga boʻlgan ishonch yanada ortdi.

Filipp Knoshe, “Orano“ kompaniyasining bosh ijrochi direktori:

– Kompaniyamiz dunyodagi eng yirik firmalardan biridir. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan uchrashganimizdan xursandmiz. Qolaversa, energetika sohasidagi oʻz loyihalarimizni yurtingizda amalga oshirishdek sharafga muyassar boʻlishimizdan mamnunmiz. Bir qator kelishuvlarga erishdik. Hamkorligimiz samarali boʻlishiga ishonaman. Buning uchun Oʻzbekistonda investorlarga barcha sharoit yaratib berilgan. Mamlakatingiz rahbarining Fransiyaga rasmiy tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqadi.

Fransua Markue, “Alex“ kompaniyasining xalqaro savdo boʻyicha mintaqaviy direktori:

– Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarning yangilanishi uchun muhim qadam boʻldi. Biznes muloqotda Fransiyaning koʻpgina kompaniya va firmalari rahbarlari ishtirok etdi. Men uch yarim yildan buyon Oʻzbekistonda yashayman. Faoliyatim ikki davlat oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish bilan uzviy bogʻliq. Hozirda Fransiyaning bir qator kompaniyalari – suv, energetika, qishloq xoʻjaligi va mashinasozlik boʻyicha Oʻzbekistonda ishlashga qiziqish bildirishgan. Prezidentlar turli yoʻnalishlarda hamkorlik qilishga kelishib olishdi. Erishilgan kelishuvlardan mamnunmiz, ularning faoliyati Oʻzbekiston rivojida ham muhim ahamiyat kasb etadi, deb oʻylayman. Oʻzbekiston boy tarix va madaniyatga ega davlat. Uni juda gʻayratli va oqil inson boshqarmoqda. Bu tez orada katta oʻzgarishlar va oʻsishga turtki boʻlishi aniq.

Alen Pilyu, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki vitse-prezidenti:

– Oʻzbekiston tez rivojlanib borayotgan mamlakatlardan biridir. Bunda tabiiyki, Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida olib borilayotgan islohotlarning ahamiyati katta boʻlmoqda. Tashrif doirasida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Oʻzbekiston hukumati vakillari bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi. Muzokaralar davomida yurtingizning qator viloyatlarida elektr energiyasi, suv va boshqa yoʻnalishlarda loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishib olindi. Oʻzbekiston bugun investorlar uchun qulay maydonga aylangan. Koʻplab imtiyozlar yaratilmoqda. Buni chet ellik sarmoyadorlar ham yaxshi anglab yetmoqda. Xorijiy investitsiyalar asosidagi loyihalar Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻsishiga zamin yaratadi. Energetika, bank tizimini rivojlantirish boʻyicha ham loyihalar ishlab chiqilmoqda. Kelasi yilning bahor faslida Oʻzbekistonga borishni rejalashtirmoqdamiz. Ushbu safar davomida ham istiqboldagi rejalar muhokama qilinishi kutilmoqda.

 

OʻzA