Bepul maslahat portali yaratilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchixonasi hamkorligida “Advice.uz” Yagona axborot portalini yaratish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu portal fuqarolarga tadbirkorlik, ijtimoiy va huquqiy himoya boʻyicha turli masalalarda bepul maslahat beradi.
Mazkur loyihani muvaffaqiyatli ishga tushirish maqsadida Oʻzbekiston delegatsiyasining London shahriga amaliy tashrifi tashkil etildi. Tashrif davomida aholiga maslahat berish boʻyicha Buyuk Britaniyaning eng yaxshi amaliyoti oʻrganildi, “Citizens Advice” tarmogʻidagi tashkilot va departamentlar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. 1939 yildan buyon faoliyat yuritayotgan mazkur tarmoq Birlashgan Qirollikdagi 316 mustaqil xayriya tashkilotini oʻzida birlashtiradi. Hozirgi kunda u fuqarolarga telefon, elektron aloqa, internet tarmogʻi, Webchat xizmati va Citizens Advice jamoatchilik sayti orqali bepul axborot va maslahatlar berib kelmoqda. Oʻzbekistonda ushbu tarmoqning muqobil shaklini yaratish rejalashtirilmoqda.
Mamlakatimiz Adliya vazirligi mutaxassislari britaniyalik hamkasblarini “Advice.uz” Yagona axborot portali” loyihasi bilan tanishtirdi.
Oʻz navbatida, Fuqarolar maslahatlari byurosi milliy uyushmasi (National Association of Citizens Advice Bureux – NACAB) vakillari ham delegatsiya aʼzolariga uyushma faoliyatini yuksak baholagani uchun minnatdorlik izhor qildi va “Advice.uz” loyihasini amalga oshirishda axborot va ekspert koʻmagi koʻrsatish orqali yordam berishga tayyor ekanini bildirdi.
Shuningdek, “Advice.uz” portalini yaratishda britaniyalik vakillar ishtirokiga doir masalalar ham koʻrib chiqildi. Oʻzbekiston delegatsiyasining Buyuk Britaniya poytaxtiga navbatdagi tashrifi davomida bu borada tegishli hujjat imzolanishi rejalashtirilmoqda.

 

Roman Bondarchuk, OʻzA