Shavkat Mirziyoyev va Emmanuel Makron muzokara oʻtkazdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaga rasmiy tashrifining ikkinchi kuni Yelisey saroyida Emmanuel Makron bilan muzokara oʻtkazdi.

Parij, 9-oktyabr. OʻzA maxsus muxbiri Abu Bakr OʻROZOV xabar qiladi.

Davlatimiz rahbari Oʻzbekiston delegatsiyasiga koʻrsatilayotgan mehmondoʻstlik uchun samimiy minnatdorlik bildirib, Oʻzbekiston ishonchli va uzoq muddatli sherik boʻlgan Fransiya bilan hamkorlikni rivojlantirishga katta ahamiyat qaratayotganini alohida taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyev mazkur tashrif Yevropa davlatlari ichida birinchi marta Fransiyaga boʻlayotganini qayd etib, oʻn beshinchi asr boshida buyuk Sohibqiron Amir Temur va Fransiya qiroli Karl VI davridan buyon oʻrnatilgan tarixiy doʻstlik, oʻzaro hurmat va ishonch rishtalari mamlakatlarimizni bogʻlab turganiga eʼtibor qaratdi.

Emmanuel Makron dastlabki amaliy muzokaralarni oʻtkazish uchun davlatimiz rahbari bilan Parijda uchrashishdan mamnuniyat bildirib, Oʻzbekistonda Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan oqilona siyosat, ulkan islohotlar nafaqat aholi farovonligini oshirish, mamlakatni yetakchi davlatlar safiga olib chiqish, balki Markaziy Osiyoda barqaror tinchlikni taʼminlash borasida ham muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi aloqalar uzoq oʻtmishga borib taqaladi. Fransiyada saqlanayotgan Amir Temurning forsiyda bitilgan maktublari, Parij Milliy kutubxonasining nodir durdonalaridan boʻlgan Sharl VIning Amir Temurga yoʻllagan javob maktublari ikki mamlakatning koʻplab sohalarda hamkorlik qilganidan dalolat beradi.

Tomonlar mintaqaviy va xalqaro hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, tahdid va xatarlarga qarshi birgalikda kurashish muhimligini qayd etdilar.

Fransiya Prezidenti Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli yangilanishlarni qoʻllab-quvvatlashini tasdiqladi va mamlakatimiz rahbariyatining doʻstlik, yaqin sheriklik va oʻzaro manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan tashqi siyosatini yuksak baholadi.

Emmanuel Makron davlatlarimizning asosiy xalqaro va mintaqaviy muammolarni hal etishga doir yondashuvlari yaqin yoki mos ekanini taʼkidladi.

Oʻzbekistonning mintaqaviy barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoning tinch va izchil taraqqiyotini taʼminlash maqsadida oʻzaro manfaatli hamkorlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirishda muhim rol oʻynayotgani alohida qayd etildi.

photo5325907091292006936.jpg

Muzokaralarda mintaqada tinchlik va osoyishtalikni taʼminlashning muhim sharti sifatida Afgʻonistondagi vaziyatni barqarorlashtirish zarurligini yana bir bor taʼkidlab, bunda oldindan hech qanday shart qoʻymasdan toʻgʻridan-toʻgʻri siyosiy muloqotni taʼminlash ushbu muammoni hal etishning eng asosiy omili ekanligiga eʼtibor qaratildi.

Keyingi yillarda siyosiy muloqot faollashgani va muntazamlik kasb etayotgani qayd etilar ekan, ekologik muammolarni hal etishga ustuvor eʼtibor qaratish, ayniqsa, Orol fojiasining Markaziy Osiyo va butun jahon uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi taʼkidlandi.

Hukumatlararo va vazirliklar oʻrtasidagi munosabatlar ham muntazamlik kasb etmoqda. Tashqi siyosiy idoralar oʻrtasida siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazilmoqda, parlamentlararo hamkorlik rivojlanmoqda.

Uchrashuvda savdo-iqtisodiyot, investitsiya, energetika, texnologiyalar, madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Oʻzaro savdo hajmini oshirish, iqtisodiyotning turli sohalarida istiqbolli investitsiya loyihalarini amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq oʻzaro savdoda eng koʻp qulaylik berish tartibi oʻrnatilgan, ikki tomonlama soliq solishga qoʻl qoʻymaslik toʻgʻrisida konvensiya va boshqa hujjatlar imzolangan.

Oʻtgan yillarda Fransiyadan Oʻzbekiston iqtisodiyotiga kiritilgan investitsiyalar hajmi qariyb 1 milliard dollarni tashkil etdi.

Muzokaralarda bu koʻrsatkich mavjud imkoniyat va salohiyatga mos emasligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va Fransiya tadbirkorlari harakati – “MЕDЕF” bilan hamkorlikda tashkil etilgan biznes-forumda Yevropaning ilgʻor tajribasi, bilim va texnologiyalari asosida qiymati 5 milliardga yevroga yaqin istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha kelishuvlar erishilgan katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan umumiy qiymati 1 milliard yevroga yaqin infratuzilma loyihalarini amalga oshirish boʻyicha hamkorlik dasturi imzolandi. Fransiyaning yetakchi “Natiksis”, “Kredi Agrikol” banklari va “BiPiAy” eksport-import agentligi bilan 1,5 milliard yevrolik qoʻshma loyihalarni moliyalashtirish toʻgʻrisida bitimlar tuzildi.

Fransiyaning “Eyrbas”, “Total”, “Vinchi”, “Orano mayning”, “Total Eren”, “Veoliya”, “Fivs Shteyn”, “Buig”, “Ranjis” va boshqa koʻplab kompaniyalari bilan hamkorlikda loyihalar amalga oshirishga kelishib olindi.

Ikki davlat oʻrtasida madaniy-gumanitar sohalaridagi hamkorlik ham izchil rivojlanmoqda. Uchrashuvda bunga alohida eʼtibor qaratilar ekan, madaniyat va sanʼat, turizm, fan va texnika, taʼlim, sogʻliqni saqlash, arxeologiya sohalarida hamkorlikni kengaytirishning aniq yoʻnalishlari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Fransiya fuqarolariga Oʻzbekistonga vizasiz sayohat qilish tartibi joriy etilgani va bu borada Fransiya Yevropaning birinchi mamlakati boʻlganini alohda taʼkidladi.

Mamlakatimizda 300 ming oʻquvchi va talaba fransuz tilini oʻrganmoqda. Yaqinda Toshkentda Fransuz tili va madaniyat markazi tashkil etildi.

Iqtisodiyot, muhandislik ishi, qishloq xoʻjaligi, turizm kabi yoʻnalishlar boʻyicha mutaxassislar tayyorlash maqsadida Oʻzbekistonda Strasburg universiteti va Panteon Sorbonna universiteti Parij akademiyasi filiallarini ochish borasida kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, Xalqaro moda akademiyasi, Tuluza, Serji-Pontuaz, INALKO va boshqa universitetlar bilan kadrlar tayyorlash boʻyicha hamkorlik toʻgʻrisida bitimlar imzolandi.

Mamlakatimiz tarixi va madaniyati xalqaro hamjamiyatda, jumladan, Fransiya ilmiy doiralarida katta qiziqish uygʻotmoqda. Tashrif davomida yurtimiz tarixi va madaniyatini oʻrganishga katta hissa qoʻshgan fransuz ilm-fan namoyandalari – taniqli yozuvchi Amin Maaluf, taniqli olimlar Frederik Bressand va Frans Gryunega Samarqand shahri faxriy fuqarosi unvoni berildi.

Mamlakatimiz tarixiy va madaniy merosiga ulkan qiziqishni hisobga olgan holda, 2021-yilda Luvr muzeyida Oʻzbekiston tarixiga bagʻishlangan koʻrgazma oʻtkazish xususida kelishuvga erishildi. Ushbu tadbir jahonga mashhur muzeyda Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligidagi mamlakatga bagʻishlaboʻtkaziladigan ilk koʻrgazma boʻladi.

Davlat rahbarlarining muzokaralari yakunida avtomobil transportida xalqaro yoʻlovchi va yuk tashish, turizm sohalarida hamkorlik toʻgʻrisida hukumatlararo bitimlar, Fransiya taraqqiyot agentligi bilan imzolangan 2018-2020 yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish bitimi bilan almashish marosimi boʻlib oʻtdi.

Tashrif doirasida 2019-2020 yillarda tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida hamkorlik dasturi, Oʻzbekiston Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va Fransiya ekologiya, barqaror taraqqiyot va energetika vazirligi oʻrtasida atrof-muhitni muhofaza qilish va barqaror taraqqiyot sohasida hamkorlik toʻgʻrisida, ikki mamlakat ichki ishlar, madaniyat vazirliklari, Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamgʻarmasi va Luvr muzeyi oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida va boshqa hujjatlar imzolandi. Jami 10 dan ortiq ikki tomonlama hujjatlar qabul qilindi.

Davlat rahbarlarining samarali muzokaralari yakunida erishilgan natijalar Oʻzbekiston va Fransiya oʻzaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga, uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga tayyor ekanining yorqin tasdigʻi boʻldi.

 

OʻzA