Shavkat Mirziyoyev Fransiya kompaniyalarini Oʻzbekistondagi investitsiya loyihalarida qatnashishga chaqirdi

Shavkat Mirziyoyev Fransiya kompaniyalarini Oʻzbekistondagi investitsiya loyihalarida qatnashishga chaqirdi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiyaning eng yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Unda “Total”, “Total Eren”, “Orano”, “Fivs Shteyn”, “Ranjis Semmaris”, “Vinchi”, “Sues”, “Sad”, “Idemia”, “Mersiye”, “Tales Aleniya Speys”, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Fransiya taraqqiyot agentligi kabi Yevropa va jahon bozorida yetakchi kompaniyalar, moliyaviy tuzilmalar rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilayotgani taʼkidlandi. Ular faoliyatini ragʻbatlantirish va himoya qilish uchun zarur normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Biznesni rivojlantirish yoʻlidagi turli toʻsiqlarga barham berildi, tashqi savdo va bojxona-tarif nazorati sezilarli darajada qisqartirildi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan Soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tadbirkorlar va investorlar uchun katta qulayliklar yaratadi.

– Xorijiy investorlar bilan toʻgʻridan-toʻgʻri muloqot qilish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Xorijiy investitsiyalar boʻyicha kengash tuzish toʻgʻrisida qaror qabul qildik. Uning vazifasi sarmoyadorlar fikrini inobatga olgan holda Oʻzbekiston investitsiya muhitini yaxshilash boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat boʻladi. Sizni kengash ishida faol ishtirok etishga taklif etamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Fransiyalik tadbirkorlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholadi. Valyuta tizimining liberallashtirilgani, viza olish tartibining soddalashtirilgani oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun qulay imkoniyatlar yaratganini taʼkidladi. Bunday qulaylik va yengilliklar Oʻzbekiston iqtisodiyotiga qiziqishni kuchaytirdi. Davlatimiz rahbari tashrifi arafasida umumiy qiymati 5 milliard yevroga yaqin investitsiya loyihalari boʻyicha kelishuvlar imzolangani bundan dalolat beradi.

Oʻzbekiston va Fransiya moliyaviy tashkilotlari, firma va kompaniyalari oʻrtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish masalalari, oʻzaro tovar yetkazish va xizmat koʻrsatish hajmini oshirish masalalari muhokama qilindi, deya xabar berdi Prezident Matbuot xizmati.

 

OʻzA

  09.10.2018, 07:49  |    362 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!