Shavkat Mirziyoyev Fransiya Senati Raisi bilan uchrashdi

Parij, 8-oktyabr. OʻzA maxsus muxbiri Abu Bakr OʻROZOV xabar qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya Respublikasi Senati Raisi Jerar Larshe bilan uchrashdi.
Davlatimiz rahbari Senat Raisini samimiy qutlar ekan, uni Beshinchi Fransiya Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 60 yilligi bilan tabrikladi. Ushbu sana munosabati bilan yurtimizda oʻzbek va fransuz tillarida chop etilgan Fransiya Konstitutsiyasining ilk nusxasini sovgʻa qildi. Jerar Larshe bu kitobni katta mamnuniyat bilan qabul qildi.
Mamlakatlarimiz parlamentlari oʻrtasidagi hamkorlik, ayniqsa, ulardagi doʻstlik guruhlari tufayli ancha faollashgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oʻzbekiston bilan Fransiya oʻrtasidagi aloqalar parlamentlararo munosabatlar sohasida jadal rivojlanmoqda. 2008-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida parlamentlararo hamkorlik guruhi tuzilgan, 2010-yildan Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Oʻzbekiston – Fransiya” doʻstlik guruhi faoliyat olib bormoqda. Shuningdek, 2008-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (Ombusman) va Fransiya inson huquqlari himoyachisi oʻrtasida hamkorlik bitimi imzolangan.
Fransiya bilan hamkorlik keng koʻlamli munosabatlar siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama amaliy aloqalarni qamrab olgan. Mamlakatlarimiz ishbilarmon doiralari va hududlari oʻrtasidagi muloqotni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Parlamentlararo aloqalarni aniq yoʻnalishlar boʻyicha, jumladan, qoʻshma tadbirlar va oʻzaro tashriflarni muntazam tashkil etish, tajriba almashish orqali rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu mamlakatlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasida turli sohalardagi oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Fransiya Senati Raisi mamlakatimizda iqtisodiyotni tubdan modernizatsiya qilish, aholi farovonligini oshirish va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohot va yangilanishlarni yuksak baholadi.
Oʻzbekiston yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro manfaatli hamkorlik va manfaatlarni hisobga olish tamoyillariga asoslangan konstruktiv mintaqaviy siyosat olib borayotganini alohida taʼkidladi.
Davlatimiz rahbarining Fransiyaga ilk rasmiy tashrifi uzoq muddatli istiqbolga moʻljallangan amaliy hamkorlikning, jumladan, mamlakatlarimiz parlamentlari oʻrtasidagi aloqalarning yangi yoʻnalishlarini belgilab olishga xizmat qilishi qayd etildi.
Jerar Larshe Fransiya Senati Oʻzbekiston bilan doʻstlik rishtalari, har tomonlama samarali sheriklikni mustahkamlash yoʻlida parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va ularga tizimli tus berishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Davlatimiz rahbari Fransiya Senatining faoliyati bilan tanishdi.

 

OʻzA