Bugun Parij koʻchalarida fransiyaliklar bilan suhbatlashgan kishi tez-tez ana shunday fikr-mulohazalarni eshitishi mumkin.

Bunga ushbu mamlakat fuqarolarining Oʻzbekiston haqida bildirgan quyidagi fikrlari misolida yana bir bor guvoh boʻlasiz.

Lionel Rapayl, Yevropa investitsiyalar banki departament boshligʻi:

– Bugun Yevropa investitsiyalar banki uchun muhim kun. Oʻzbekiston bilan hamkorlik oʻrnatib, ilk qoʻshma loyihamizni moliyalashtirdik. Bu loyiha mamlakatingizdagi qator shaharlari suv taʼminotida sanitariyani yaxshilashni koʻzda tutadi. Biz, shuningdek, energiya samaradorligini oshirishga oid loyihalarni ham qoʻllab-quvvatlaymiz. Bugun Parijda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Fransiya biznes-forumi doirasida qiymati 10 million yevrodan ortiq shartnoma imzoladik. Ayni paytda transport, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik kabi sohalardagi loyihalar ustida ham ish olib boryapmiz. Oʻzbekiston bilan hamkorlik oʻrnatganimizdan xursandmiz.

6-Леонель Рапаел.JPG

Madlen Barso, oʻqituvchi:

– Oʻzbekistonning mamlakatimiz bilan hamkorlikni kengaytirishga intilayotgani fransiyaliklarni quvontirmoqda. Tarix kitoblarida Amir Temur haqida oʻqiganmiz. Parijdagi Luvr muzeyida oʻsha davrga oid koʻplab eksponatlar bilan tanishganman. Yaqinda taʼlim sohasida Oʻzbekistondan delegatsiya kelgani haqida oʻqidim. Maktabgacha, maktab, oʻrta maxsus va professional taʼlim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalari koʻrib chiqilibdi. Bu juda yaxshi. Oʻzbekistonda fransuz tili va madaniyati markazlari tashkil qilish, ikki mamlakat taʼlim vazirliklari oʻrtasida hamkorlik aloqalarini rivojlantirish tarafdorimiz.

Boosh Bazen, iqtisodchi:

– Oʻzbekistonda barcha sohada islohotlar amalga oshirilayotganidan xabarim bor. Eng diqqatga sazovor tomoni shuki, zamonaviy turizm infratuzilmasi rivojlantirilib, sayyohlarning mazmunli hordiq chiqarishi uchun zamonaviy sharoitlar yaratilayotgan ekan. Yaqinda mamlakatingizda boʻlib kelgan tanishlarim Oʻzbekiston tarixiy obidalarga boy mamlakat ekanini aytishdi. Demak, ularga qiziquvchilar koʻp boʻlishi tabiiy. Shuningdek, internet saytlarida mamlakatingizda sayyohlikning yangi turlari, jumladan, ekoturizm rivojlanayotgani haqida ham matbuotda oʻqidim. Oʻzbekistonda qoʻriqxonalar, milliy bogʻlar, tabiiy hududlar, tarixiy yodgorliklar koʻpligi ekoturizmni istiqbolli yoʻnalishga aylantirish imkonini beradi.

Antuan Drasting, mehnat faxriysi:

– Parijga mamlakatingizdan koʻplab sayyohlar tashrif buyuradi. Endi fransiyaliklar ham Oʻzbekistonga borishni xohlashmoqda. Bu ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarni yangi bosqichga koʻtarishda muhim rol oʻynaydi.

1-Антуан Драстинг мехнат фахрийси.jpg
Simoni Laurens, shifokor:

– Keyingi paytlarda Parijda Oʻzbekistonga bagʻishlab koʻplab tadbirlar oʻtkazilmoqda. Buni kuzatib shu narsaga amin boʻldimki, ikki mamlakat turli sohalar vakillarining uchrashuvlari mamlakatlarimiz hamkorligi uchun gʻoyat muhim. Davlatingiz tarixi olamga mashhur, buni tan olish kerak. Buyuk Amir Temur dovrugʻini bilmagan odam yoʻq. Adolatparvarlik va mustahkam iroda oʻzbeklarning qonida bor. Shunday ekan, bugun dunyoning koʻplab mamlakatlari Oʻzbekiston bilan aloqalarni rivojlantirish tarafdori boʻlmoqda. Yurtingizda, ayniqsa, Samarqandda boʻlish, uning betakror obidalarini oʻz koʻzim bilan koʻrish mening orzuim. Aytgancha, sizlarda vitaminlarga boy mevalar, poliz mahsulotlari yetishtirilishi haqida koʻp eshitganman. Oʻzim ovqat tayyorlashni yaxshi koʻraman, unga ishlatiladigan mahsulotlar sifati doim meni qiziqtiradi. Agar Oʻzbekistonning sifatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari olib kelinsa, albatta xarid qilgan boʻlar edim.

2-Симони Лауренс тиббиет ходими.JPG
Safiya Dupark, savdo xodimi:

– Bir necha yillardan beri farmatsevtika sohasida ishlayman. Parijda oʻzbeklarni koʻp uchratish mumkin. Oʻzbeklar xushmuomala va madaniyatli. Iyul oyida Oʻzbekistonda boʻldim. Qadimiy shaharlaringiz bilan tanishdik. Mehmondoʻst va olijanob xalqingiz bor. Turizm yoʻnalishi boʻyicha bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Lekin qilinishi kerak boʻlgan ishlar ham koʻp. Sayyohlar oqimini koʻpaytirish uchun innovatsion yondashuv talab etiladi. Hozir sizlarda shunday qilinyapti ekan. Bu mamlakatingizni yaqin yillarda sayyohlik sohasida yetakchi davlatlar qatoriga olib chiqishga xizmat qiladi, deb oʻylayman.

3-София Дупарк сотувчи.JPG
Saintoul ANAIS, kompaniya vakili: 

– Oʻzbekiston buyuk sanʼat va madaniyat yurti ekanini eshitganman. Yurtingizda sanʼat va madaniyatga alohida eʼtibor qaratiladi. Yaqinda boʻlib oʻtgan Xalqaro maqom sanʼati anjumani haqida eshitdim. Oʻzim ham sanʼat shaydosiman. Qadimiy obidalarga ishlangan naqshlar aqlimni olgan.

4-Саинтоул Анаис компания ишчиси.JPG
Milika Varil, tadbirkor:

– Asli italiyalikman. Faoliyatimiz yuzasidan turli davlat vakillari bilan ishlaymiz. Oʻzbekiston haqida iliq fikrlar aytishim mumkin. Mamlakatingiz iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanmoqda. Yangi loyihalar hayotga tatbiq qilinmoqda. Bu yaqin yillarda oʻz samarasini beradi. Menga koʻproq iqtisodiy loyihalar, investitsiyalar jalb qilish borasida tashabbuslar yoqmoqda.

5-Милика Варель компания ишчиси.jpg
Moro Benua, talaba:

– Oʻzbekistonga borishni moʻljallab turibman. Chunki, yurtingiz tarixi meni juda qiziqtiradi. Internet tarmoqlarida qadimiy obidalarni asl holicha saqlab qolish borasida qilinayotgan ishlar haqida ham oʻqiganman. Oʻzbekistonga eng koʻp sayyoh Fransiyadan kelishidan ham xabarim bor. Ular bir olam zavq va taassurotlar bilan qaytishadi. Targʻibot ishlari natijasida Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarda buyuk ajdodlaringizning yuksak isteʼdodi bilan bunyod etilgan obidalar oʻzining haqiqiy qadr-qimmatini topmoqda.

* * *

Fransuzlarning Oʻzbekiston-Fransiya hamkorligi, xalqlarimizning doʻstona munosabatlari haqida bunday iliq fikrlar bildirishi bejiz emas. Bobokalonimiz Amir Temur asos solgan diplomatik munosabatlar, xususan, buyuk Sohibqironning Fransiya qiroli Karl VI bilan olib borgan yozishmalari mamlakatlarimizning tarixiy aloqalariga zamin yaratgan. Bugungi savdo-sotiq, madaniy-gumanitar sohalardagi oʻzaro hamkorlikning ildizlari oʻsha davrlarga borib taqaladi.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, Oʻzbekiston va Fransiya munosabatlarida yangi sahifa ochildi. Hozirgi kungacha ikki mamlakat munosabatlarining shartnomaviy-huquqiy asosini tashkil etuvchi 35 hujjat imzolangan. Shundan 23 tasi davlatlararo va hukumatlararo hujjatlar, 12 tasi idoralararo kelishuvlardir. Tashqi ishlar idoralari oʻrtasida esa shu kungacha 10 marta siyosiy maslahatlashuvlar oʻtkazilgan.

Fransiya Oʻzbekistonning Yevropa qitʼasidagi muhim savdo sherigi. Oʻtgan yili mamlakatlarimiz oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmi 251 million AQSH dollaridan oshdi.

Keyingi yillarda ijtimoiy-madaniy, maʼnaviy sohalarda istiqbolli loyihalarni amalga oshirish boʻyicha parlamentlararo va turli idoralararo delegatsiyalar tashriflari ham faollashdi. Mamlakatlarimiz oʻrtasida taʼlim sohasida hamkorlik, ayniqsa, jadal rivojlanmoqda. Xususan, Fransiyaning Serji-Pontuaz universiteti bilan Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti oʻrtasida oʻzaro hamkorlik shartnomasi imzolangani buning dalilidir.

Shu kunlarda Fransiyada Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish yanada kuchaygan. Ushbu mamlakatda Oʻzbekistonning siyosiy, iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy hayoti, mavjud salohiyat va imkoniyatlari haqida yurtimiz parlamenti, ilmiy-akademik, madaniy, ekspert-tahliliy doiralari vakillari ishtirokida turli tadbirlar, taqdimotlar, uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston mustaqilligining 27 yilligi munosabati bilan Parij shahrida oʻtkazilgan tantanali marosim, Oʻzbekiston-Fransiya biznes-forumi, shuningdek, “Le Village International de la Gastronomie 2018” gastronomik festivali, “IFTM TOP RESA 2018” xalqaro sayyohlik koʻrgazmasida yurtimiz vakillarining ishtiroki, oʻzbek sanʼat ustalarining konsert dasturlari fransiyaliklarda katta taassurot qoldirdi.

Xulosa qilib aytganda, Fransiya bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlash yoʻlidagi amaliy qadamlar xalqlarimizning tarixiy aloqalariga yangi surʼat baxsh etishi muqarrar.

 
A.Oʻrozov,
OʻzA maxsus muxbiri,
Parij
Aʼlo Abdullayev (surat), O’zA