Bolalardagi genetik nuqsonlar nima sababdan yuzaga kelmoqda?

Bolalardagi genetik nuqsonlar nima sababdan yuzaga kelmoqda?

Surunkali kislorod yetishmasligi tufayli ona qornida sust rivojlangan chaqaloqlarning vazni ancha kam boʻladi…

Oila qurish inson hayotidagi eng masʼuliyatli ishlardandir. Mamlakatimizda oila institutini yanada mustahkamlash va rivojlantirish, ayniqsa, yosh oilalarning huquqiy va ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish borasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Har bir oila mustahkam poydevorga ega boʻlishiga erishish, jamiyatda har bir goʻdakning sogʻlom tugʻilishi va yashab ketishini toʻla kafolatlaydigan zarur shart-sharoitlarni yaratishga eʼtibor qaratilmoqda.

Darhaqiqat, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, oila hayot abadiyligi, avlodlar davomiyligini taʼminlaydigan, xalqimizning muqaddas urf-odatlari sayqal topadigan, kelajak avlod kamolotiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan tarbiya oʻchogʻidir. Mutaxassislarning fikricha, yigit-qizning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillardan biridir. Afsuski, ayrim ota-onalar koʻpincha farzandining kelajak taqdiri, baxt-saodati haqida oʻylamay, hali balogʻat yoshiga yetmagan qizini uzatish yoki qarindoshimning qizi begona boʻlmasin, deb oʻgʻil uylantirish taraddudiga tushadi. Buning oqibatida qizlarni oʻn olti, hatto undan kichik yoshda turmushga uzatib yuborish hollari uchrab turadi. Ammo bu koʻp hollarda boʻlgʻusi onaning salomatligi va ruhiyatiga, qolaversa, yosh oilaning mustahkamligi, tugʻilajak farzandning sogʻlomligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Mazkur mavzuga kengroq toʻxtalib, mutaxassislarning bu boradagi fikrlarini ham oʻrganib chiqdik. Taʼkidlanishicha, qizlarning 16-18 yoshlarda ona boʻlishi jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Qizlarning jismonan va ruhan onalikka tayyor boʻlmasdan oila qurishi koʻpincha tugʻruq jarayonida oʻlim xavfi ortishiga sabab boʻladi. Binobarin, erta homiladorlik yosh ona hamda boʻlajak farzand uchun har tomonlama xavflidir.

– Ayol qancha yosh boʻlsa, homiladorlik davridayoq turli patologik, ekstragenital xastaliklar kuchayadi, yoʻldosh yetishmovchiligi, suyaklar tizimida roʻy beradigan oʻzgarishlarning salbiy oqibatlari koʻp boʻladi, – deydi Zangiota tumani tibbiyot birlashmasi onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha boʻlim boshligʻi oʻrinbosari Zilola Buzrukova. – Erta homiladorlik koʻpincha bola tushishi yoki oʻlik tugʻilishi bilan tugaydi, bu holat homilaning nuqsonli rivojlanishi sababli ham ona, ham bola salomatligiga katta xavfdir. Bunday asoratlar keyingi homiladorlikning normal kechishi va tugʻruqning tabiiy ravishda amalga oshishiga ham salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Shu bois koʻp hollarda yosh turmush qurgan ayollarning farzandlari jarrohlik amaliyoti orqali dunyoga keltiriladi. Surunkali kislorod yetishmasligi tufayli ona qornida sust rivojlangan chaqaloqlarning vazni ancha kam boʻladi. Afsus bilan shuni aytish mumkinki, ularning aksariyati koʻp yashamaydi. Bugungi kunda skrining tekshiruvlari natijalari shuni koʻrsatmoqdaki, bolalardagi turli xil anomaliyalar, ayniqsa, asab tizimi va genetik nuqsonlar aynan qarindoshlar oʻrtasidagi nikoh tufayli yuzaga kelmoqda. Buning oldini olish uchun, avvalo, ota-onalar yetarli tibbiy bilim va tushunchaga ega boʻlishi lozim. Ammo ayrimlar erta turmush, qarindoshlar oʻrtasidagi nikohning salbiy oqibatlarini koʻra-bila turib, shoshma-shosharlik va oʻzboshimchalik bilan qaror qabul qilishadi. Natijada nosogʻlom farzandlar dunyoga keladi, oilalar oʻrtasida sovuqchilik paydo boʻladi, yosh kelin-kuyov ruhiy tushkunlikka tushib qoladi. Kimningdir oʻylamay qilgan xatosi tufayli yosh oilalar buzilib ketadi, kelin-kuyovlarning hayoti izdan chiqadi.

Sogʻlom farzand sogʻlom onadan dunyoga keladi. Yoshlarda sogʻlom va ahil oila qurish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishga intilishni ragʻbatlantirishdek ezgu ishlar zamirida, avvalo, barkamol avlodni voyaga yetkazishdek ezgu maqsad mujassamdir.

Latofat Boʻriyeva,
jurnalist

 

OʻzA

  05.10.2018, 08:08  |    364 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!