Oʻzbekiston ziyorat turizmini rivojlantirish uchun qulay manzil

“Oʻzekspomarkaz”da “Ipak yoʻlida turizm” Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi davom etmoqda. Jahon sayyohlik sohasidagi yirik voqealardan hisoblangan ushbu koʻrgazma doirasida turli taqdimotlar, amaliy muzokaralar oʻtkazilmoqda. OʻzA muxbirlari ana shu jarayonda faol ishtirok etayotgan mahalliy va xorijlik mehmonlarning fikrlari bilan qiziqdi.

Ahmad Xolid AL-JIYRON, Kuvayt davlatining Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi:

– “Ipak yoʻlida turizm” yarmarkasida muntazam ishtirok etib kelaman. Yurtingizdagi tarixiy obidalar, tabarruk qadamjolar, xalqingizning oʻzligini namoyon etuvchi madaniy meros dunyo jamoatchiligi va sayyohlar eʼtirofiga sazovor. Arab davlatlarida yurtingizga sayohat qilishga qiziquvchilar koʻp. Mamlakatingizda turizmni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor xorijliklar uchun katta imkoniyat yaratmoqda.

Oʻzbekiston va Kuvayt investitsiyalar, taʼlim va ilmiy tadqiqotlar sohalarida koʻplab hamkorlik loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Yarmarkada bizning bir qator yirik sayyohlik agentliklarimiz ishtirok etayotir.

Sardor SULTON, “Afsona Land” loyihasi vakili:

– Biz yarmarkada Namangan shahrida ochilishi kutilayotgan yirik savdo va koʻngilochar majmua faoliyati bilan yurtdoshlarimiz va xorijlik mehmonlarni tanishtirmoqdamiz.

Hozirgi kunda Namanganda yirik madaniyat va istirohat bogʻi barpo etish ishlari olib borilmoqda. Turkiyaning “DOME+PARTNERS” kompaniyasi loyihasi asosida barpo etilayotgan majmuaning umumiy qiymati 12 million dollar va 116 milliard soʻmdan iborat. Majmua 110 gektar maydonni egallaydi. Markaziy Osiyodagi eng yirik koʻngilochar va savdo markazi boʻlishi kutilayotgan bogʻda savdo majmuasi, villalar, mehmonxonalar, masjid, istirohat bogʻi, yirik suv havzasi va boshqa maishiy xizmat koʻrsatish shoxobchalari boʻladi. 2019-yilda majmua toʻliq xizmat koʻrsata boshlaydi.

Suresh KUMAR, Hindistonning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili:

– Hindistonda sayyohlikning koʻplab tarmoqlari, xususan, tibbiyot, biznes, ziyorat turizmi keng rivojlangan. Mamlakatingizda turizmning takomillashuvi, elektron vizaning yoʻlga qoʻyilishi, viza olishdagi yengilliklar samarasida davlatlarimiz oʻrtasida sayyohlar oqimi koʻpaymoqda. Yana shuni qayd etish kerakki, xalqlarimiz munosabatlarida yangi urflar namoyon boʻlmoqda. Hozir baʼzi hind oilalari Oʻzbekistonga kelib toʻy marosimlarini oʻtkazmoqda. Hindistonlik sayyohlar yurtingizga avtomobillar orqali ham sayohat qilmoqda. Oʻylaymanki, turizm transportining ushbu usuli keyinchalik yurtingizda tadqiqotturizmi shakllanishiga asos boʻla oladi.

Narmin Hanafi ABDUL RAHIM, Misr sayyohlikni rivojlantirish kengashi vakili:

– Joriy yil sentyabr oyida Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisining Oʻzbekistonga tashrifi davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik yanada rivojlanishiga zamin yaratdi. Tashrif oldidan Misr poytaxti Qohirada Oʻzbekiston turizm salohiyatini namoyish etuvchi tadbir tashkil qilindi.

Yurtingizda turizmni rivojlantirish boʻyicha olib borilayotgan islohotlar sayyohlarga qulaylik yaratish bilan birga, mintaqa turizm salohiyatini takomillashtirishga hissa qoʻshadi. Xususan, yaqin kunlarda mamlakatingizdagi “Rixos Tour” turistik kompaniyasining “Egyptair” va “Air Cairo” aviakompaniyalari bilan hamkorlikda ikki davlat oʻrtasida charter reyslarni yoʻlga qoʻyish loyihasi amalga oshirilishi davlatlarimiz oʻrtasida turizm salohiyati yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

Biz yarmarka ishtirokchilarini Misrdagi bir qator sayyohlik firmalar faoliyati bilan tanishtirishni koʻzlaganmiz. Sentyabr oyida yurtingizda oʻtkazilgan “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlaklari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida ham ishtirok etgan edik. Bunday yirik tadbirlar mamlakatingiz bilan turizm sohasidagi yangi hamkorlik qirralarini ochishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Jesim ChЕLЕBI, Turkiyaning Oʻzbekistondagi elchixonasi vakili:

– Turizm sohasida Oʻzbekiston brendi “Buyuk ipak yoʻli chorrahasi” yoki Amir Temur poytaxti boʻlgan Samarqanddagi Registon timsolida oʻz aksini topar edi. Bugungi kunda bu tushuncha ancha boyigan. Oʻzbekistonda “xalq diplomatiyasi” rivojlanmoqda, xalqlar oʻrtasidagi doʻstlik aloqalari yanada yuksalmoqda. Ushbu koʻrgazmada yurtingiz vakillari bizga erkin turizmni ravnaq toptirish orqali mamlakat taraqqiyotiga hissa qoʻshuvchi takliflar bilan chiqishdi. Biz ularni oʻrganib, amaliyotga tatbiq etamiz.

Tarixdan bilamizki, bu yurtdan yetishgan buyuk allomalar xizmati bilan islom dini yanada yuqori pogʻonaga koʻtarilgan. Samarqand, Buxoro shaharlaridagi madrasalarda diniy va dunyoviy fanlardan saboq berilgani bois bu yerda tahsil olish faxr hisoblangan. Toshkent, Termiz, Nasaf kabi shaharlarda ham ilm-fan, maʼrifat, adabiyot, sanʼat gurkirab rivojlangani haqida tarixiy maʼlumotlar guvohlik beradi.

Yana bir narsa. Ushbu koʻrgazmada bizga Turkiyada tahsilni davom ettirish boʻyicha ham koʻplab murojaatlar tushdi. Turkiyalik yoshlar esa Oʻzbekistonda tahsil olishni istashadi. Bu ikki mamlakat yoshlarining dunyoqarashi yaqinligidan dalolat.

Gʻulommirzo SHAFIY, tadbirkor (Eron):

– Bugun xorijlik sayyohlar Oʻzbekistonning goʻzal tabiati, tarixiy shaharlari, ziyoratgohlari, muqaddas qadamjolari bilan tanishish imkoniyatiga ega. Yaʼni, mamlakatingizga tashrif buyurgan mehmon qaysi manzilga bormasin, sayohlar uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlardan toʻla bahramand boʻla oladi.

Men 14 yildan buyon Oʻzbekiston tadbirkorlari bilan ishlayman. Margʻilonda mayin va chidamli jun va ipdan eroncha gilamlar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyganimizga 10 yil boʻldi.

Kelgusida oʻzbekistonlik sheriklar bilan dehqonchilik, chorvachilik va baliqchilik boʻyicha loyihalarni amalga oshirib, hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatidaman.

Muhammad AHMAD, tadbirkor (Afgʻoniston):

– Afgʻonistonda yurtingizni bir bor koʻrish istagidagi kishilar juda koʻp. Turizm – bu borada katta imkoniyat.

Oʻzbekiston ziyorat turizmini rivojlantirish uchun qulay manzil hisoblanadi. Bu yerda islom dini ulamolarining koʻplari mangu orom topgan. Ularning obod qilingan maqbaralari ham ziyoratgoh, ham tarbiya maktabi sifatida yanada qadrli. Tevarak-atrofi bogʻ bilan qurshalib, zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari barpo etilayotgan muqaddas qadamjolar Oʻzbekistonda nafaqat sayyohlik rivojlanishiga, balki dunyoda islom madaniyati targʻibotiga xizmat qiladi.

 

Zuhra Mirzaboyeva, Dilobar Mamatova, OʻzA

  05.10.2018, 08:05  |    137 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!