Orol dengizi qurishini qishloq qariyalari oldindan bilganmi?

Dengiz haqidagi shirin orzular…
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moʻynoq tumani Uchsoy qishlogʻida oʻtgan asrning 80-yillarida hayot qaynagan. Dengiz portida kemalar navbat bilan tonnalab baliq topshirgan. Bu yerda minglab odamlar ishlagan.
photo5307909258471385622.jpg
– Bu gapga bugungi avlod ishonmaydi, – deb boshlaydi hikoyasini qirq yil baliqchilik bilan shugʻullangan uchsoylik otaxon Adiljan Bigeldiyev. – 1970-yillarning oʻrtalarida Uchsoy qishlogʻidagi portda minglab odamlar mehnat qilardi. Biz asosan sudak, bakra, laqqa baliqlarini ovlar edik. Bir kunda bitta kema 50 tonnagacha baliq topshirardi. Uchsoy portining oʻzida 20 ga yaqin kema xizmat qilardi.
photo5307909258471385625.jpg
U paytlar charchoq nimaligini bilmasdik. Tuni bilan tonna-tonna baliq topshirib, yana dengizga qaytardik. Moʻynoqning yigitlari baquvvat, chayir boʻlardi. Harbiy xizmatga chaqirilgan yigitlarning asosiy qismi dengiz flotiga jalb qilinardi.
Bir oʻzim 120-140 kilogramm tosh bosadigan baliqlarni bemalol tutaverardim. Dengizda bakrabaliq shunday koʻp ediki, afsuski, oʻsha paytlar buning qadriga yetmaganmiz. Hozir dunyo restoranlaridagi eng qimmat desert sanaladigan bakrabaliqdan olinadigan uvildiriqlar axlatga tashlanardi. Ovqat bakrabaliq yogʻidan tayyorlanardi.
Bakrabaliq asosan dengizning oʻrtasida boʻlardi. Baʼzan qorongʻi tunda adashib ham qolganmiz. Bir kuni qalin tumanda dengiz oʻrtasida kompasimiz ishlamay qoldi, deng. Koʻp vaqt adashib yurganmiz. Toʻsatdan yonimizda harbiylar kemasi paydo boʻlgan. Kompasimizni tuzatib, qaysi tomonga yurishimizni koʻrsatgan. Keyin bilsak, biz adashib, oʻsha paytlarda eng maxfiy sanalgan hudud – Orol dengizi oʻrtasidagi Vozrojdeniye oroliga yaqinlashib qolgan ekanmiz.
Bakrabaliqlarga buyurtma koʻp boʻlardi. 1975 yili sohilga minglab bakrabaliqlar chiqib qolgan. Odamlar hayron. Bunday holat avval sira kuzatilmagan-da! Shunda qishloqdagi keksa baliqchilar “Voh, dengizdan ayrildik. Bakrabaliqlarning sohilga chiqib ketishi yaxshilik alomati emas”, deyishgan edi.
Moʻynoqda u paytlar koʻp sonli ural kazaklari ham istiqomat qilardi. Bakrabaliqlarning sohilga chiqib ketish hodisasidan keyin ular ham yoppasiga koʻchib keta boshladi. Hozir oʻylasam, ular ham dengizning kelajagi yoʻqligini bilgan.
Koʻp oʻtmay dengiz suvi kamayib, qurib borayotganini oʻz koʻzimiz bilan koʻra boshladik. Tuzlilik darajasi oshib, bakrabaliqlar butunlay qirilib ketdi. Keyinchalik tuzli suvga chidamli kambala baligʻi koʻpaytirildi. Biz 1992 yilgacha baliqchilik bilan shugʻullandik. Eng oxirgi ovlagan baligʻimiz shu kambala boʻldi.
Xalq tilida “baliqlar shohi” deb ataladigan bakrabaliq asosan Qora dengiz, Azov, Kaspiy va Orol dengizlari havzalarida tarqalgan. Balxash koʻli havzasida iqlimga moslashtirilgan.
“Vikipediya” maʼlumotlariga koʻra, bakrabaliq hayotining bir qismini dengizda (shoʻr suvda) oʻtkazsa, urchish davrida daryoga (chuchuk suvga) oʻtadi. Urgʻochisi 12-14 yoshda, erkagi 8-9 yoshda voyaga yetadi. Serpushtligi yoshiga bogʻliq. Uzunligi 120-150 santimetr, ogʻirligi 13-20 kilogramm boʻlganda 210-340 ming uvildiriq (tuxum) qoʻyadi. Orol dengizining biologik holati baliqlar uchun yaxshi boʻlganda uvildiriq tashlash uchun Oroldan Amudaryo va Sirdaryo deltasida toʻplanib, soʻngra daryoning yuqori oqimidagi qulay joylarga ketadi. Tuxumdan chiqqan baliqchalarning bir qismi daryo oqimi boʻylab dengizga (shoʻr suvga) qaytadi, qolganlari esa daryoda qoladi.
Bakrabaliq Orol dengizi havzalarida 1936 yilgacha koʻplab ovlangan. Sirdaryo va Amudaryoda koʻplab irrigatsiya inshootlari qurilishi va Orol dengizi ekologik holatining oʻzgarishi natijasida ular juda kamayib ketdi. Hozir Amudaryoning quyilish joyidagi suv havzalarida va Zarafshon daryosining quyi qismidagi yirik kanallarda oz miqdorda saqlanib qolgan. Oʻzbekiston Qizil kitobiga kiritilgan.
Uchsoy qishlogʻi Moʻynoq tumani markazidan 18 kilometr narida joylashgan. Bir paytlar gavjum boʻlgan port va baliq zavodlari oʻrni hozir boʻm-boʻsh. Dengiz qurigandan keyin baliqchilar boshqa joylarga koʻchib ketgan.
Hozir bu yerda dengizning qurigan tubidan gaz qazib olinmoqda. “Uchsoy” ovul fuqarolar yigʻini “Obod qishloq” dasturiga kiritilib, zamonaviy qiyofa kasb etmoqda. Qishloq aholisining aksariyati ota kasbini davom ettirib, yaqin joylardagi koʻllarda baliqchilik bilan shugʻullanadi.
Sobiq Moʻynoq konserva zavodi oʻrnida esa kichik sanoat zonasi tashkil qilinib, qator zamonaviy korxonalar barpo etilmoqda. Konserva zavodi gurillab ishlagan yillarda ishlab chiqarish quvvati yiliga 21,5-22 million bankagacha yetgan. Umuman, Moʻynoqda 1890 yildan boshlab bir asrdan koʻproq vaqt davomida baliq qayta ishlangan. Korxona 1998 yil – faoliyati tugatilgunga qadar boshqa joylardan keltirilgan xomashyo asosida ishlab kelgan.
Orol dengizida bir paytlar 200 ga yaqin dengiz kemasi harakat qilgan va ularda 2 mingdan ortiq baliqchi oila tebratgan. Hozir bulardan faqat shirin xotiralar qolgan, xolos.

 

Yesimxon Qanoatov, OʻzA