Interpol vitse-prezidenti bilan uchrashuv

Oʻzbekiston Respublikasi IIVda Interpol vitse-prezidenti – Rossiya Federatsiyasi IIV Interpol milliy markazi byurosi boshligʻi politsiya general-mayori Aleksandr Prokopchuk va Rossiya Federatsiyasi IIVning Oʻzbekiston Respublikasidagi vakili politsiya polkovnigi Yevgeniy Fedotov ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Mehmonlarni Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari general-mayor Davron Nazarmuhamedov qabul qildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi maʼlumot berdi.
General-mayor D.Nazarmuxamedov mehmonlarni tashrif bilan qutlab, Oʻzbekistonda ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy jabhalarda keng koʻlamli islohotlar, yangilanishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi. Xalq farovonligi, yurt tinchligini taʼminlashga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini toʻlaqonli va samarali himoya qilishga qaratilgan mazkur islohotlar natijasi, avvalo, mamlakatimiz ichki ishlar organlari faoliyatida yaqqol koʻzga tashlanayotganini qayd etdi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, Jinoyat politsiyasi xalqaro tashkiloti –Interpol dunyodagi eng yirik xalqaro politsiya tashkiloti hisoblanadi. Bu tashkilot turli mamlakatlar politsiya xizmatlarining hamkorligini taʼminlaydi va maqsadi umumiy jinoyatchilikka qarshi kurashish boʻlgan davlatlarning huquq-tartibot organlari hamda xalqaro hududiy tashkilotlarni qoʻllab-quvvatlab, ularga yordam beradi.
Uchrashuv davomida Jinoyat politsiyasi xalqaro tashkiloti – Interpol faoliyatida Rossiya va Oʻzbekistonning transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashga oid masalalar muhokama qilindi.

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA