Elektr energetika sohasini yanada rivojlantirish masalalari tahlil qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3-oktyabr kuni elektr energetika sohasidagi ishlar ahvolini chuqur tahlil qilish, tarmoqni yanada rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar belgilashga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

– Elektr energetikasi iqtisodiyotning “motori” boʻlib, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotni, umuman hayotni bu sohasiz tasavvur qilib boʻlmaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Mamlakatimizda jami 14 ming megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari mavjud boʻlib, uning 86 foizi issiqlik elektr stansiyalari hissasiga toʻgʻri keladi.

Biroq, issiqlik elektr stansiyalari quvvatlarining 84 foizi qariyb yarim asr avval ishga tushirilgan boʻlib, ular ham 83 foizga ishlamoqda, xolos.

Rivojlangan davlatlarda 1 kilovatt elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun 240-260 gramm yoqilgʻi sarflansa, mamlakatimizdagi ayrim stansiyalarda 2 barobar koʻp yoqilgʻi sarflanadi.

Mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishi natijasida elektr energiyasiga boʻlgan talab 2030 yilga borib 20 ming megavattga yetadi.

Mamlakatimizda elektr energiyasi asosan tabiiy gazni yoqish evaziga ishlab chiqariladi. Gaz resurslari cheklangan bugungi sharoitda 2030-yilga borib uni yanada koʻproq sarflash – tiklanmaydigan tabiiy resurslarning juda katta miqdorini uvol qilish deganidir.

– Atom elektr stansiyasining ishga tushirilishi yoqilgʻi sarfini qisqartirish boʻyicha mutlaqo yangi yechimlardan biri boʻladi, biroq buning uchun hali 8-10 yil kerak. Shuning uchun mavjud muammolarni tezroq bartaraf etish va tarmoqni tubdan rivojlantirish, eng muhimi, qisqa vaqtda tizimda sezilarli ijobiy oʻzgarishlarga erishish lozim, – dedi Prezidentimiz.

Yigʻilishda 2030-yilga borib qoʻshimcha talab etiladigan 12,5 ming megavatt quvvatlarni yaratish chorasini koʻrish, jumladan, bugʻ-gaz qurilmalari, atom elektr stansiyasi, gidroelektrstansiyalar barpo etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish, Sirdaryo, Toshkent, Navoiy, Taxiatosh issiqlik elektr stansiyalaridagi energobloklarni yangilash, shuningdek, davlat-xususiy sheriklikni elektr energiyasi tizimiga ham joriy qilish orqali zarur boʻladigan quvvatlarni qoplash boʻyicha vazifalar belgilandi.

Shuningdek, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga 3,9 ming megavattli bugʻ-gaz va gaz-turbina qurilmalari hamda Angren shahrida va Surxondaryo viloyatida koʻmirda ishlaydigan issiqlik elektr stansiyalari, quyosh va shamol elektr stansiyalari qurish choralarini koʻrish boʻyicha tegishli topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi yangi obyektlar qurishni jadallashtirish boʻyicha ham vazifalar belgilab olindi.

Shu munosabat bilan kelgusi yildan elektr energiyasi sotishdan tushadigan mablagʻlarning 15 foizini investitsiya loyihalarini moliyalashtirish va kreditlarni qaytarish uchun yoʻnaltirish lozimligi taʼkidlandi.

Moliya vazirligi, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga loyihalarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash vazifasi topshirildi.

– Tizimda amalga oshiriladigan modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari ushbu sohaga davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorni jalb qilishni taqozo qilmoqda. Lekin, na normativ-xuquqiy baza va na texnik infratuzilma bunga tayyor emas. Masalan, xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasini energotizimga qabul qilish masalasi hanuzgacha hal etilmagan. Oddiy misol, Turkiyada 60 foiz, Janubiy Koreyada 20 foiz elektr energiyasi xususiy korxonalar tomonidan ishlab chiqariladi, – dedi Prezidentimiz.

Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Davlat raqobat qoʻmitasi va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga xalqaro ekspertlar xulosalari asosida sohaga xususiy sektorni jalb qilish, shuningdek, davlat-xususiy sheriklik mexanizmining huquqiy, institutsional, texnologik asoslari ishlab chiqilishini taʼminlash boʻyicha topshiriq berildi.

Yigʻilishda 30 yildan koʻproq vaqtdan buyon foydalanib kelinayotgan tarmoqlar ulushi 62 foizni tashkil etishi, taqsimlovchi tarmoqlarda liniyalarning 57 foizi va 39,6 mingta transformator punkti yangilanishi zarurligiga alohida eʼtibor qaratildi.

2017-2021 yillarga moʻljallangan dasturga asosan joriy yilda 34 ming kilometrlik elektr uzatish tarmogʻi va 7 ming transformator punktida, 2019-yilda 7 ming kilometr elektr uzatish tarmogʻi va 2 ming transformator modernizatsiya qilinishi lozim.

Oʻzbekiston tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi va “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga dasturda belgilangan tadbirlarni barqaror moliyalashtirish manbalari bilan taʼminlash yuzasidan topshiriq berildi.

“Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga investitsiya majburiyatlarini bajarishi uchun uni moliyaviy mustahkamlash boʻyicha choralar koʻrish vazifasi yuklatildi. Shu jumladan, “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatiga uning 2019-2021 yillarda Tiklanish va tarraqiyot jamgʻarmasiga asosiy qarzini qaytarish muddatini 3 yilga uzaytirish boʻyicha yengilliklar berish masalasi ham koʻrib chiqildi.

Yetkazilgan elektr energiyasi boʻyicha qarzdorliklarni undirish samaradorligini yanada oshirish zarurligi taʼkidlandi. Majburiy ijro byurosi elektr energiyasi boʻyicha qarzdorlikni kamaytirish yuzasidan koʻrilayotgan choralar natijadorligini yanada oshirishi kerakligi qayd etildi.

Energiya resurslarining avtomatlashtirilgan hisobini yuritish tizimini joriy etish paysalga solib kelinayotgani tanqid qilindi.

Masalan, mazkur tizimni Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlarida joriy etish boʻyicha chet el kompaniyasi bilan imzolangan shartnoma qiymati qayta koʻrib chiqilishi sababli uni amalga oshirish tasdiqlangan reja-jadvaldan 15 oyga kechikmoqda.

“Oʻzbekenergo” AJ, Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyatlaridagi 1,4 million isteʼmolchini avtomatlashtirilgan tizimga ulash ishlarini jadallashtirishi zarurligi taʼkidlandi.

Boshqa hududlarda 2019-2021 yillarda Osiyo taraqqiyot banki krediti hisobidan avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish, avtomatik boshqaruv tizimining yagona markazini tashkil etish, kelgusi 3 yilda 5,6 million dona zamonaviy elektr hisoblagich oʻrnatish vazifasi yuklatildi.

Prezidentimiz qoʻshni davlatlar energiya tizimlariga tranzit xizmati koʻrsatish, buning uchun ular bilan muzokaralarni yoʻlga qoʻyish, yurtimizning tranzit va eksport salohiyatidan unumli foydalanish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilishi yuzasidan tegishli mutasaddilarga topshiriq berdi.

Energiya ishlab chiqaruvchi yangi quvvatlar barpo etish uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini keng joriy qilish “Oʻzbekenergo” aksiyadorlik jamiyatining asosiy vazifasi boʻlishi zarurligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda elektr energetika sohasi faoliyatini tubdan takomillashtirish zarurligi qayd etilib, sohani jadal rivojlantirish boʻyicha muhim vazifalar belgilab berildi.

 

OʻzA