Byudjet jarayoni shaffofligini taʼminlash va samaradorligini oshirish – zamon talabi

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Jahon banki va Yevropa ittifoqining qoʻshma missiyasi aʼzolari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitasi raisi M.Jumagaldiyevning taʼkidlashicha, mamlakatimizda olib borilayotgan tub iqtisodiy islohotlar byudjet jarayonini xalqaro mezonlar va standartlar asosida tashkil etishni taqozo etmoqda.
Davlat va jamoatchilik uchun moliyaviy hisobot standartlariga (International Public Sector Accounting Standards, IPSAS) koʻra, mamlakatning davlat va mahalliy darajadagi byudjet jarayonlari tegishli tuzilmalarga va jamoatchilikka ochiq hamda tushunarli tarzda taqdim etib borilishi lozim. Prezidentning joriy yil 22 avgustdagi “Byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori mazkur yoʻnalishda muhim qadam boʻlib, byudjet jarayonlari ochiqligi va shaffofligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Uchrashuvda qoʻshma missiya aʼzolari mamlakatimizda Davlat byudjeti parametrlari ijrosi ustidan parlament nazorati hamda qonun hujjatlari nuqtai nazaridan byudjet auditi nazorati haqida batafsil xabardor etildi.
Mamlakatimizda mazkur yoʻnalishlarda parlament nazoratini amalga oshirishning mustahkam qonunchilik bazasi yaratilgan. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlarining ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobotni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasiga tashqi audit oʻtkazish va baholash uchun har hisobot yilida 5 aprelga qadar yuboradi.
Joriy yilda Jahon banki va Yevropa ittifoqining qoʻshma missiyasi davlat xarajatlari va moliyaviy hisobot PEFA talablari hamda standartlariga muvofiq mamlakatimizdagi moliya va byudjet intizomini, byudjet resurslari va moliyaviy xizmatlarni taqsimlash samaradorligini baholaydi hamda oʻz tavsiyalarini taqdim etadi.
Delegatsiya vakillari mamlakatimizda turli davlat idoralari va tashkilot xodimlari ishtirokida oʻquv-seminarlar oʻtkazgan. Oʻtgan hafta davomida moliya tizimini tahlil etish ishlarini boshlagan.
Tadbir davomida byudjet tekshiruvlarining qanday oʻtkazilishi, byudjet auditi tekshiruvlari xususida fikr yuritildi.

 

Nurillo Nasriyev, OʻzA