Sankt-Peterburgda milliy-madaniy markaz tashkil etilsa...

Sankt-Peterburg koʻpmillatli shahar. U bejiz Rossiyaning ikkinchi poytaxti, deyilmaydi. Lekin gap hozir bu haqida emas. Federal migratsiya xizmati maʼlumotlariga koʻra, Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatida (asosan shahar atrofi rayonlarida) 670 ming oʻzbek doimiy yoki vaqtincha yashamoqda. (Doimiy deganda Rossiya fuqaroligini qabul qilgan va uzoq yillardan buyon shu yerda yashaydigan millatdoshlar nazarda tutilgan).

– Oʻzbeklar shahar va viloyatdagi eng katta diasporadir, – deydi Leningrad viloyati “Doʻstlik uyi” direktori Vladimir Mixaylenko. – Ular shimoliy poytaxt iqtisodi, madaniy hayotida sezilarli oʻrin va taʼsirga ega. Men ular orasida birinchi rang kapitani, yadro fizikasi tadqiqot institutining yetakchi olimlari, Rossiyadagi eng yirik qurilish xoldinglaridan biri rahbari, mashhur xirurg, oziq-ovqat mahsulotlari savdosining yetakchi brendi egasi, oʻnlab yirik biznesmenlar, rassomlar, sanʼatkorlar, minglab talabalar borligini bilaman, taniyman. Ular bilan muloqot qilaman.

Vladimir Mixaylenko tarix fanlari doktori, professor. Xiva va Qoʻqon xonliklari tarixining rossiyalik tadqiqotchisi. Shundanmi, sharqona odob-axloqni yaxshi biladi. Bizga turfa xil kasbda ishlayotgan migrantlarni eslatmadi. Aslida Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatida yashayotgan oʻzbeklarning katta, balki asosiy qismi vaqtincha ishlayotganlardir.

– Biz oilamiz bilan shu kafeda ishlaymiz, – deydi oʻzini Xorazmdan deb tanishtirgan L.S.lar oilasi boshligʻi. – Men, xotinim, bir oʻgʻlim va kelinim oshpazlik qilamiz. Qayinsinglim kassada. Qizim farrosh.

– Dam olish kunini qanday oʻtkazasiz? Oʻzbekistonliklar bilan uchrashib turasizlarmi?

– Navbat bilan dam olamiz. 3-4 xorazmlik oilalar bilan ahyon-ahyonda uchrashamiz. Bu yerda biz borib, suhbatlashib oʻtiradigan, yurtimiz shamolidan bahramand boʻladigan, yangiliklarni baham koʻradigan joy boʻlmasa, qayerga ham borardik?

af.jpgMen Sankt-Peterburg shahri, Leningrad viloyatining Priozyorsk, Mixaylovka, Petergof, Pushkin, Gatchina kabi rayon va hududlarida boʻlib, quruvchi, farrosh, hamshira, bola boquvchi, qorovul, haydovchi kabi bir necha oʻzbek yigit-qizlari, oila aʼzolari bilan uchrashib suhbatlashdim.

– Bir-ikki oyda bir bor oʻn-oʻn beshtamiz yigʻilib osh qilamiz. Yilda bir yozda oʻrmonga, piknikka chiqamiz, – dedi oʻzini Rahmat Salimov deb tanishtirgan Gatchinadagi dala hovlisi qorovuli. – Boshqa qayerga ham borish mumkin?

– Oʻzbekistondagi yangiliklardan asosan internet orqali xabardor boʻlib turamiz, – deydi Sankt-Peterburgdagi sayyohlik kemasi farroshi andijonlik Adiba Qodirova. – Bu yerda oʻzbekcha radio boʻlmasa, oʻzbeklar madaniyat markazi boʻlmasa… Bolam 2-sinfda oʻqiydi. Oʻzbek tilini oʻrgatay desam, bironta, hatto pulli oʻquv kursi ham yoʻq.

– Biz tez-tez tengdoshlarim bilan uchrashib turamiz, shahar aylanamiz. Gohida qoʻshiq aytib, raqs tushgimiz keladi. Lekin buning uchun alohida joyimiz yoʻq, ijaraga olish juda qimmat, – deydi Sankt-Peterburg universiteti talabasi Farrux. U yaxshigina qoʻshiq aytar ekan. Gitara chalib kuylab berdi. Vatan, Oʻzbekiston va muhabbat haqidagi samimiy, begʻubor qoʻshiqlar edi.

Keling, gapni choʻzmay, muddaoga oʻta qolay. 670 ming oʻzbekistonlik. Bu kichik raqam emas. Qolaversa, uning 90-95 foizi ishga yaroqli, aniqrogʻi, ishlayotganlar. Toʻgʻri, ularni u yerga turli sabablar yetaklab kelgan. Ish qidirib, tirikchilik deb. Toʻy qilaman, mashina olaman, degani ham oz emas. Ilmga chanqoq yoshlar ham talaygina. Ziyolilar, tadbirkorlar, olimu fuzalolar… Qay birini aytay?

Mana, masalan, asli xorazmlik Ravshanbek Qurbonov. U Sankt-Peterburgning eng hurmatli deputatlaridan. Hukumatda uni tashabbuskor inson sifatida biladi, hurmat qiladi. Shu inson tashabbusi bilan bir muddat “Peterburg.uz” degan gazeta 20 ming nusxada oʻzbek tilida chop etilib, bepul tarqatib turildi! Gazetaga baquvvat homiy kerak edi. Lekin bunga qodir boʻlgan sarmoyador yurtdoshlarimiz bosh birlashtira olmadi. Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatidagi oʻzbekistonliklarga oʻzbek tilidagi xabarlar tomon ochilgan “darcha” yopilib qoldi…

Sankt-Peterburgda boʻlgan chogʻim men ajoyib ikki oʻzbek rassomi ijodiy ishlari koʻrgazmasi ochilishida ishtirok etdim. Nazokat Qosimova va Murodillo Doniyorovlarning “Doʻstlik uyi”da ochilgan koʻr

gazmasi piterlik rassomlar, sanʼatshunos olimlar, rangtasvir muxlislarida goʻzal tuygʻular uygʻota oldi. Bu haqda mahalliy ommaviy axborot vositalarida bot-bot tahliliy maqolalar chop etildi. Lekin gap hozir bunda ham emas. Koʻrgazma “Doʻstlik uyi”ning foye, yoʻlak, majlislar zali, kartina qoʻyish mumkin boʻlgan xona borki, shu yerlarga oʻrnatildi. Vladimir Mixaylenko va Ravshanbek Qurbonovga rahmat. Shu kichik imkoniyatdan samarali foydalanganlari, tashkilotchiligi va fidoyiliklari uchun! Xoʻsh, aslida bu koʻrgazmani kim tashkil etishi lozim edi?

– Men Sankt Peterburg universiteti magistraturasini “sanʼat” yoʻnalishi boʻyicha tamomlab, hozir aspiranturasida ilmiy tadqiqot olib boryapman, – deydi Nazokat. – Ayni chogʻda Ermitajdagi qadimiy Sharq rangtasvir va devor suratlarini restovratsiya qilish laboratoriyasida ham ilmiy xodim boʻlib ishlayapman. Koʻrgazmadagi men chizgan suratlar koʻnglim aksidir.

Men Leningrad viloyati Gubernatori Aleksandr Drozdenko bilan uchrashuvim chogʻida oʻzbek tilidagi kitoblar sotadigan doʻkon ochish haqida gapirgandim.

– Marhamat, agar vatandoshlaringizdan birontasi bunday xayrli ishga qoʻl ursa, yer ajratamiz, kredit beramiz, – dedi u meni quvvatlab.

Endi oʻylab koʻrsam, gap faqat kitob doʻkonida emas ekan. Sankt Peterburgda oʻzbek milliy madaniyat markazi ochilishi zaruratga aylangan. Moliyaviy taʼminot masalasi tomonlarning hamkorligida yechimini topishiga ishonchim komil. Tarkibida bolalarga oʻzbek tili oʻqitadigan, masalan, yakshanbalik maktab, sanʼat toʻgaraklari, kutubxonasi, kitob doʻkoni, bu yerga kelgan davlat, jamoat, madaniyat xodimlari, shoir-yozuvchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazadigan, kichik konsertlar tashkil etish, tadbirkor, olim, siyosatchi, talaba… va boshqa soha vakillarining Oʻzbekiston bilan telemuloqotlar uyushtiriladigan informatsion texnologiyaga asoslangan zali boʻlgan, yonida milliy taomlar oshxonasi, sovgʻalar doʻkoniga ega oʻzbek milliy madaniyat markazi ochish eng dolzarb masalalardan biridir. Buning qonuniy asoslari mavjud. Gap tashkilotchilikda. Kim zimmasiga oladi?

Bugun Sankt Peterburgda Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligining Rossiya Federatsiyasidagi elchixonasi tarkibida boʻlgan Bosh konsulxonasi faoliyat koʻrsatmoqda.

– Konsulxona binosidan Siz taklif qilayotgan maqsadlarda foydalanishning jismoniy imkoniyati yoʻq, – deydi konsul Ravshan Bahritdinov.

Yaqinda Oʻzbekiston Yoshlar Ittifoqi raisi Qahramon Quronboyev tashabbusi bilan Oʻzbekiston umumjahon yoshlar assotsiatsiyasining Sankt Peterburg boʻlimi tashkil etildi.

– Biz hozirgacha bu yerda ishlayotgan migrantlar, oʻqiydigan talabalardan 362 nafarini aʼzolikka qabul qildik. Aslida safimizga qoʻshilishga minglab yoshlar tayyor. Ammo ular bilan uchrashib gaplashadigan, tadbir oʻtkazadigan joyimiz, hatto ofisimiz yoʻq, – deydi Oʻzbekiston umumjahon yoshlar assotsiatsiyasi Sankt Peterburg boʻlimi raisi Bunyod Bobojonov. – Koʻchalarda uchrashib, toʻplanib yoshlar bilan ishlashning deyarli imkoniyati yoʻq. Agar oʻzbek milliy madaniy markazi tashkil etilsa, boʻlimimiz ham uning qanotida samarali faoliyat koʻrsatgan boʻlar edi.

Men Toshkentdagi tanishlarimdan biri bilan telefonda gaplashdim. U Sankt Peterburgda kitob doʻkoni ochishga, hatto kundalik gazetalarni yetkazib turishga ham rozi boʻldi.

– Bu biznes emas, Sankt Peterburgga kitob, gazeta olib borib sotish foyda keltirmaydi. Lekin oʻsha yerdagi yurtdoshlarimni Vatan bilan bogʻlab turadigan bir ezgu ishga xolis xizmat qilishga tayyorman, – dedi u.

Sanʼatkor, shoiru – yozuvchi, rassom doʻstlarim yuragiga “qoʻl soldim”. Ular Sankt Peterburgda oʻzbek milliy madaniy markazi ochilsa, hamkorlik qilishga tayyorliklarini bildirdilar.

– Sankt Peterburgda muqim yashaydigan yurtdoshlarimiz orasida katta sarmoyadorlar bor. Ularni bu xayrli ishga jalb etamiz, – deydi Ravshanbek Qurbonov. – Faqat Oʻzbekistondagi aloqador Tashkilotlar bu ishga bosh boʻlishsa, yaxshi boʻlardi.

Muhammadjon Obidov,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan jurnalist,
Sankt-Peterburg shahri