Ektor Kuperga boʻlgan taklif haqiqatga yaqin emas

Argentinalik mutaxassisning fikru-hayoli Oʻzbekiston milliy terma jamoasini jahon chempionatiga olib chiqish.
Kecha ijtimoiy saytlarda futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi bilan 3+1 shaklida tuzilgan shartnomaga koʻra ish olib borayotgan Ektor Kuperga Ispaniyaning “Ueska” klubidan takliflar boʻlayotganligi haqidagi xabarlar tarqaldi. Ularda yozilishicha Ispaniyaning “Marca” nashri “Ueska” jamoasi bosh murabbiyi Leo Franko oʻrnini tez kunda Ektor Kuper egallashi haqidagi xabarning chop etilganligi izohlanadi. Emishki, yaqindagina Oʻzbekiston MTJ bilan uzoq muddatli shartnoma imzolagan argentinalik mutaxassis 20 ta jamoa orasida 19-oʻrinda borayotgan klubda qutqaruvchi vazifasini oʻtashi kerak. Ispan manbasi Kuperni “Valensiya”da faoliyat olib borgani va Misr bilan JCHda ishtirok etganini tilga olgan.
Xuddi shu masala bilan Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi matbuot xizmatiga murojaat etdik. Ularning javob berishicha Ektor Kuperga hech qayerdan, hech kimdan va hech qanaqa taklif boʻlmagan, eng muhimi, argentinalik mutaxassis faoliyatini Oʻzbekiston bilan bogʻlagan va milliy terma jamoamizni Osiyo Kubogiga tayyorlashda davom etadi.
Maʼlum boʻlishicha, bu kabi xabarlar aynan “Marca” nashrining mustaqil ijodi emas, aksincha, ular ham mamlakatda ijtimoiy tarmoqlardan biri sifatida (aynan futbol boʻyicha emas) faoliyat yuritayotgan “Onda Cera” saytidan olinganligiga guvoh boʻldik. Mazkur sayt esa Ektor Kuper bilan bogʻliq aniq taklif bermagan. Balki vaziyatni taxlil qilgandek boʻlgan xolos.
Xabaringiz bor, milliy terma jamoamiz 13 va 16-oktabr kunlari Toshkentda KXDR hamda Qatar milliy terma jamoalari bilan xalqaro oʻrtoqlik uchrashuvlarini oʻtkazadi.
Ektor Kuper ushbu uchrashuvlarga tayyorgarlik koʻrish maqsadida 6-oktabrdan oʻquv-mashgʻulot yigʻini tashkil etishni rejalashtirgan. Yigʻinga avvalgi oʻyinlarga chaqirilmagan yangi nomzodlarning borligi ham koʻpchilikni qiziqtirishi turgan gap. Nomzodlar bilan esa keyinroq tanishtiramiz.

 

O’zA