Hindistonga davlat tashrifi yuzasidan brifing

Nyu-Dehli, 30 sentyabr.
OʻzA maxsus muxbiri Matnazar Elmurodov xabar qiladi.


Avval xabar qilinganidek, Oʻzbekiston Respublikasi PrezidentiShavkat Mirziyoyev Hindiston Respublikasi Prezidenti Ram Nath Kovindning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda boʻlib turibdi.

Tashrifni yoritish maqsadida Nyu-Dehlida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining matbuot markazi tashkil etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari oʻrinbosari, Matbuot kotibi Komil Allamjonov tashrifning birinchi kuni natijalari yuzasidan OAV vakillari uchun brifing oʻtkazdi.

Unda Prezidentimizning qadimiy Agra shahriga tashrifi va mashhur meʼmoriy obida – Toj Mahal bilan tanishuvi haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, bugun Nyu-Dehlida Hindistonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan oʻtkaziladigan uchrashuv haqida maʼlum qilindi.

Davlat tashrifining asosiy tadbirlari ertaga, 1 oktyabr kuniga moʻljallangan. Brifingda OAV vakillari davlatimiz rahbarining uchrashuvlari va muzokaralari mavzusi va tartibi bilan tanishtirildi.

Tashrif yakunlari boʻyicha Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasida qiymati 3 milliard AQSH dollaridan ziyod shartnomalar imzolanishi kutilmoqda.

Alohida taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Prezidentining mazkur tashrifi Hindiston siyosiy va biznes doiralari, keng jamoatchilik tomonidan ikki mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqea deb baholanmoqda.

 

OʻzA