IIV Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasiga Germaniya tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi tashrif buyurdi

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yongʻin xavfsizligi bosh boshqarmasiga Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi tashrif buyurdi. Ular boshqarma rahbariyati, masʼul xodimlari va Ichki ishlar vazirligining Harbiy safarbarlik boshqarmasi vakillari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda Oʻzbekiston davlat yongʻin xavfsizligi xizmatining asosiy vazifalari va yongʻindan saqlash xizmatining turlari hamda xizmat tarkibidagi organlar va ularning vakolatlari haqida maʼlumot berildi. Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlarda, ayniqsa, zilzila vaqtida tegishli idoralarning harakatlari haqida maʼlumot berildi.
Oʻz navbatida, mehmonlar Germaniyada yangi qurilayotgan binolarda yongʻinga qarshi talablarning bajarilishi, yongʻin xavfsizligi sohasida normativ hujjatlarning ishlab chiqilishi va boshqa masalalar boʻyicha soʻzlab berdi.
Shular bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasining turistik mintaqalarida Ichki ishlar organlari tizimida Turizm xavfsizligini taʼminlash boshqarmalari hamda ularning turistik hududlar, aeroportlar va temir yoʻl vokzallari atrofida boʻlinmalari tashkil etilganligi qayd etildi. Shuningdek Markaziy Osiyo davlatlari bilan tabiiy ofatlar va favqulodda holatlar oqibatlarini bartaraf etishda yordam berish yuzasidan kelishuv hamda oʻzaro aloqa kanallari, evakuatsiya yoʻlaklari va hokazolar mavjudligi taʼkidlab oʻtildi.
Bundan tashqari, mehmonlar va chet el fuqarolari uchun Ye-mehmon maxsus elektron dasturlari yaratilganligi, Yongʻin xavfsizligi kuch va vositalarini avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini “Xavfsiz shahar” va “Xavfsiz turizm”, “Xavfsiz hudud” apparat dasturiy komplekslariga integratsiya qilish orqali hamkorlikda ishlovchi xizmatlar bilan harakatlarni muvofiqlashtirish imkoniyatlari yoʻlga qoʻyilganligi toʻgʻrisida ham maʼlumotlar berildi.
Uchrashuv yakunida kelgusida oʻzaro hamkorlik qilish va malaka oshirish boʻyicha ikki tomonlama kelishuv tuzish masalalari muhokama qilindi.

 

Muattar Roʻziboyeva, OʻzA