Murabbiylar mukofotlandi

Murabbiylar mukofotlandi

Poytaxtimizdagi Olimpiya shon-shuhrati muzeyida Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tashabbusi bilan bayram tadbiri tashkil etildi. Unda joriy yilda Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida gʻolib va sovrindor boʻlgan sportchilar murabbiylariga pul mukofotlari topshirildi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvaxitov, jismoniy tarbiya va sport vaziri D.Nabiyev va boshqalar mamlakatimizda yoshlarni maʼnan yetuk, sportga boʻlgan qiziqishini oshirish, bu boradagi yutuq va gʻoyalarini qoʻllab quvvatlash yoʻlida samarali ishlar qilinayotganini taʼkidladi. Shuningdek, barchani 1-oktyabr – Oʻqituvchi va murabbiylar kuni bayrami bilan tabriklab, sport murabbiylariga masʼuliyatli ishida muvaffaqiyatlar tiladi.

Shundan soʻng, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining XVIII yozgi Osiyo oʻyinlari gʻolib va sovrindorlarini tayyorlagan trenerlarni taqdirlash boʻyicha farmoyishi oʻqib eshittirildi.

Unga koʻra, Osiyo oʻyinlarida shogirdlari oltin medalni qoʻlga kiritgan murabbiylar 2500, shogirdlari kumush medal sohibi boʻlganlar 1500, bronza medalga ega chiqqan sportchilarimizning murabbiylari esa 1000 AQSH dollari miqdoridagi mukofot puli bilan taqdirlandi.

Eslatib oʻtamiz, Indoneziyaning Jakarta va Palembang shaharlarida oʻtkazilgan XVIII yozgi Osiyo oʻyinlarida sportchilarimiz 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, jami 70 ta medalni qoʻlga kiritib, mazkur oʻyinlar tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etishgan edi.

3 (1).JPG
4.JPG
5 (1).JPG
9 (1).JPG
15.JPG
17.JPG

 

Gulnoza Boboyeva, OʻzA

  29.09.2018, 13:25  |    273 marta ko'rildi

Raxmat

Sayt administratsiyasi xato matn haqida ogohlantirildi!