Toshkentda 25-sentyabr kuni “Raqamli Markaziy Osiyo uchun innovatsiyalar” mavzusida xalqaro forum boʻlib oʻtdi.

Tadbir “Huawei” kompaniyasining Markaziy Osiyoda ikkinchi yillik innovatsiyalar kuni doirasida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Innovatsion rivojlanish vazirliklari hamda “Huawei” kompaniyasi hamkorligida tashkil etildi. Unda davlat va xalqaro tashkilotlar, ishlab chiqarish, ilmiy doiralar vakillari ishtirok etdi.

Markaziy Osiyoda, xususan, Oʻzbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, davlat tashkilotlari faoliyatini raqamlashtirish, mamlakatni global innovatsion indeks reytingiga kiritish, shuningdek, “Huawei” kompaniyasining “aqlli” texnologiyalari, xalqaro maydonda mijozlarga taqdim etayotgan xizmatlari yuzasidan atroflicha maʼlumotlar berish ushbu forumning asosiy maqsadiga aylandi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori A.Burhonov, innovatsion rivojlanish vaziri I.Abdurahmonov, “Huawei” kompaniyasi vitse-prezidenti V.Chjan, Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdoʻstlik tashkiloti raisi oʻrinbosari O.Qodirov va boshqalar ushbu masalalar haqida toʻxtaldi. Xususan, Oʻzbekistonda telekommunikatsiya infratuzilmasini yaxshilash orqali sohadagi uzilishlarni bartaraf etish, tarmoqqa investitsiyalarni jalb qilish, sanoat, turizm, transport kabi tarmoqlarga yangi innovatsion texnologiyalarni olib kirish, hududda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali mintaqa davlatlarini xalqaro bozordagi faoliyatini mustahkamlash masalalari haqida mutaxassislarning fikrlari tinglandi.

– Texnika va texnologiya jadal rivojlanayotgan davrda yurtingizda ushbu forumning oʻtkazilishi ayni muddao, – dedi “Huawei” kompaniyasining Markaziy Osiyo va Kavkaz mintaqasi boʻyicha prezidenti Jeyms Chen. – Kompaniyamiz 2013-yildan buyon qator rivojlangan davlatlarda, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarida “Innovatsiya kuni” tadbirini oʻtkazib kelmoqda. Innovatsiya va “aqlli” texnologiyalarning hayotga tatbiq etilishi odamlarning yashash sharoitini yaxshilash bilan birga, mamlakatlar rivojlanish surʼatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Mazkur forumda Oʻzbekistonda raqamli taraqqiyot uchun yangi tajribalar toʻplashni maqsad qilganmiz.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etilgani, 2018 yil mamlakatimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion gʻoyalar va texnologiyalarni qoʻllab-quvvatlash yili deb eʼlon qilingani, sohani takomillashtirishga doir qator meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinayotgani jamiyat hayotiga innovatsion loyihalarni tatbiq etishni tezlashtirish, innovatsion loyihalar ishlab chiqishni ragʻbatlantirish, sohada jadal harakatlanishni taʼminlashga xizmat qilmoqda.

Tadbirda shular xususida soʻz yuritildi. Xitoyning “Huawei” kompaniyasi vakillari ushbu kompaniya faoliyati, xalqaro maydonda taqdim etayotgan xizmatlari, dunyo mamlakatlarining raqamli texnologiyalardan foydalanishi uchun yaratayotgan imkoniyatlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Tadbir doirasida mavzu yuzasidan muhokamalar boʻlib oʻtdi.

 

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA